Toshkentda “Dolya”, “Skar”, “Tuz”, “Dodi” laqabli jinoiy guruh aʼzolari ushlandi
Ular telefon savdosi, oylik ish haqi, avtomashina oldi-sotdisi, ishlagan pulni undirib berish kabi barcha masalalarda fuqarolarga tahdid, qoʻrqitish, tovlamachilik va zoʻravonlik orqali millionlab pullarni talab qilib, ularni jim yurishga majbur qilgan.

Toshkentda koʻcha yechimlarini zoʻravonlik va bezorilik yoʻli bilan hal qilib, tovlamachilik jinoyatini sodir etib kelgan uyushgan jinoiy guruh qoʻlga olindi.
Bu haqda IIV matbuot xizmati eʼlon qilgan videoda gap boradi.
Vazirlik tezkor qidiruv departamenti hamda uning hududiy boʻlinmalari va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida uyushgan jinoiy guruh yetakchisi Abdugʻaniyev Umid, (laqabi “Dolya”, muqaddam jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan sudlangan), uning jinoiy sheriklari — Yoʻldoshev Izzat (muqaddam jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan sudlangan, laqabi “Skar”), Ziyayev Rustam (laqabi “Tuz”, muqaddam jinoyat kodeksining 169, 226 hamda 277-moddalari bilan sudlangan) va “Dodi” laqabi ostidagi Abdugʻaniyev Davron qoʻlga olindi.
Maʼlum qilinishicha, 2026 yilning sentabrida bir-biriga tanish boʻlgan ikki fuqaro oʻrtasida pul masalasida kelishuv boʻlgan. Fuqaro sherigiga tadbirkorlik qilishi uchun bir yilga 11 ming dollar qarz bergan. Bu pul oldi-berdi masalasidan xabar topgan jinoiy guruh aʼzolari noyabr oyida ikki tanishning oʻrtasidagi munosabatga hech qanday sababsiz kuch ishlatgan holda qarz olgan fuqaroni qoʻrqitib, uning tanishiga tegishli 11 ming dollarni qoʻlga kiritgan.
Pullarni egasiga qaytarmagan holda toʻliq oʻzlashtirib, uyushgan guruh oʻz ehtiyojiga ishlatib yuborgan.
“Ularning bu kabi razilliklari yosh, jins, ijtimoiy ahvol, sabab va mavzu tanlamagan. Telefon savdosi, oylik ish haqi, avtomashina oldi-sotdisi, ishlagan pulni undirib berish kabi barcha masalalarda fuqarolarga tahdid, qoʻrqitish, tovlamachilik va zoʻravonlik orqali millionlab pullarni talab qilib, ularni jim yurishga majbur qilgan”, deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. IIV ushbu jinoiy guruh aʼzolaridan jabr koʻrganlardan bu haqda ichki ishlar organlariga murojaat qilishlarini soʻradi.





