platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Siyosat

Tarixiy uchrashuv yakunlandi: Putin, Si Szinpin va Tramp nimalar haqida gaplashdi?

1945 yil fevral oyida Yaltada Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchill uchrashib, Ikkinchi jahon urushidan keyingi xalqaro tartibning muhim masalalarini muhokama qilgan edi. Biroq hozirgi vaziyat oʻsha davrdan tubdan farq qiladi. Xitoyning Shenchjen shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp oʻrtasida tarixiy uch tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi. Qariyb bir yarim soat davom etgan uchrashuv xalqaro munosabatlarda yangi siyosiy bosqich boshlanayotgani haqidagi bahslarni kuchaytirdi.

Tarixiy uchrashuv yakunlandi: Putin, Si Szinpin va Tramp nimalar haqida gaplashdi?

Xitoyning Shenchjen shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp oʻrtasida tarixiy uch tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi. Qariyb bir yarim soat davom etgan uchrashuv xalqaro munosabatlarda yangi siyosiy bosqich boshlanayotgani haqidagi bahslarni kuchaytirdi. Jahonning uch yirik yadroviy davlati rahbarlari Ukrainadagi urush, Eron atrofidagi vaziyat, yadroviy qurollanishni nazorat qilish va global xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.

19 noyabr kuni Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti — OTOIHT sammiti doirasida oʻtkazilgan muzokaralar Rossiya, AQSh va Xitoy yetakchilarining shu formatdagi ilk yuzma-yuz uchrashuvi sifatida tarixga kirdi.

Tarixiy uchrashuv yakunlandi: Putin, Si Szinpin va Tramp nimalar haqida gaplashdi?

Associated Press xabariga koʻra, muzokaralar bir soatdan koʻproq davom etgan. Ayrim Amerika nashrlari uchrashuv davomiyligini taxminan 80 daqiqa deb baholamoqda. Uch davlat rahbarlari global xavfsizlik boʻyicha muloqotni davom ettirish zarurligini bildirgan boʻlsa-da, dastlabki xabarlarda majburiy kuchga ega yirik kelishuv imzolangani tasdiqlanmagan.

Shunga qaramasdan, sammitning siyosiy ahamiyati faqat muzokaralar natijasi bilan cheklanmaydi. Uning oʻtkazilishining oʻzi xalqaro kuchlar muvozanatida jiddiy oʻzgarishlar kechayotganini koʻrsatadi.

Uch davlat rahbarlari nimalar haqida gaplashdi?

Muzokaralarning markaziy mavzusi yirik davlatlar oʻrtasidagi strategik barqarorlikni taʼminlash, harbiy toʻqnashuvlar xavfini kamaytirish va xalqaro muammolarni siyosiy yoʻl bilan hal qilish imkoniyatlari boʻldi.

Vladimir Putin uchrashuvni tashkil etgani uchun Si Szinpinga minnatdorlik bildirib, Rossiya, AQSh va Xitoyning global xavfsizlikni taʼminlashda alohida masʼuliyati borligini taʼkidladi. Rossiya rahbari Ikkinchi jahon urushi natijalariga murojaat qilib, uch davlatni gʻalaba qozongan mamlakatlar sifatida tilga oldi. Uning fikricha, tarixiy tajriba bugungi geosiyosiy qarama-qarshiliklarga qaramay, yirik davlatlar oʻrtasida amaliy hamkorlik imkoniyati mavjudligini koʻrsatadi. Putinning bu bayonoti Moskva xalqaro xavfsizlik tizimida oʻzini teng huquqli va hal qiluvchi ishtirokchi sifatida eʼtirof ettirishga intilayotganidan dalolat beradi.

Si Szinpin esa buyuk davlatlar oʻrtasidagi tinch hamkorlik dunyo barqarorligining muhim sharti ekanini taʼkidladi. Xitoy rahbari toʻrt asosiy tamoyilni ilgari surdi: oʻzaro hurmat, tinch-totuv yashash, oʻzaro manfaatli hamkorlik va muzokaralar orqali kelishmovchiliklarni bartaraf etish. U davlatlar suvereniteti, hududiy yaxlitligi va milliy manfaatlarini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik hamda inqirozli vaziyatlarda muloqot mexanizmlarini yaratish muhimligini qayd etdi.

Donald Tramp oʻz navbatida, AQSh, Rossiya va Xitoy rahbarlarining nafaqat oʻz mamlakatlari, balki butun sayyora kelajagiga taʼsir koʻrsatadigan masalalar boʻyicha alohida masʼuliyati mavjudligini bildirdi. Amerika prezidenti yadroviy qurollar sonini qisqartirish, ulardan foydalanish xavfini kamaytirish va global mojarolarga diplomatik yechim topish zarurligini taʼkidladi. Tramp uchrashuvni tarixiy voqea deb atab, uch mamlakat muloqoti jahon tinchligi yoʻlida yangi imkoniyatlar ochishi mumkinligiga ishonch bildirdi.

Garchi Putin va Tramp muzokaralar yakuni haqida jurnalistlar uchun brifing oʻtkazishdan bosh tortishgan boʻlsada, muzokaralarning ochiq qismida berilgan bayonotlar ham oʻta muhim. 10 daqiqadan ortiq davom etgan ushbu bosqichda Putinning aytishicha, Tramp bilan bugungi uchrashuvda AQSh prezidenti tashabbusi bilan Ukraina mojarosiga katta eʼtibor qaratilgan. Zero, Rossiya, Xitoy va AQSh konstruktiv hamkorlik qilsa, dunyoda barqarorlikni mustahkamlashga hissa qoʻsha oladi. Putinning aytishicha, Rossiya, AQSh va Xitoyni nafaqat Ikkinchi jahon urushida gʻolib boʻlgan davlatlar maqomi, balki xalqaro tinchlikni saqlash masʼuliyati ham birlashtiradi.

Chunki, Rossiya, Xitoy va AQSh BMTni tashkil etishda asosiy davlatlardan boʻlgan. Shuning uchun xalqaro huquq tizimini mustahkamlash vazifasi ham ularning zimmasida. Buning ustiga, uch davlatning mintaqaviy mojarolarni, jumladan Ukrainadagi nizoni hal qilish boʻyicha koʻplab mushtarak manfaatlari bor. Shu bilan birga, Rossiya yetakchisi xalqaro terrorizm va transmilliy jinoyatchilikni Rossiya, AQSh va Xitoy uchun umumiy tahdidlar qatorida qayd etdi.

Tarixiy uchrashuv yakunlandi: Putin, Si Szinpin va Tramp nimalar haqida gaplashdi?

Si Szinpin esa yirik davlatlar oʻzaro tinch-totuv yashasa, dunyoda osoyishtalik hukm surishini aytdi. Agar ular oʻrtasida ziddiyat yuzaga kelsa, butun dunyo tartibsizlikka duch keladi. Xitoy rahbarining fikricha, Xitoy, Rossiya va AQSh global muammolarni hal qilishda hamkorlik qilishi, tinchlik va barqarorlikni birgalikda himoya qilishi kerak. Xitoy soʻnggi yillarda Rossiya bilan muvofiqlashgan holda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirib kelmoqda. Si Szinpin yetakchi davlatlar oʻrtasida ijobiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Uning aytishicha, dunyo tez surʼatlarda oʻzgarib bormoqda va sayyorada hozir osoyishtalik yoʻq.

AQSh prezidentining taʼkidlashicha esa, Rossiya, AQSh va Xitoy rahbarlari butun dunyoga taʼsir qiluvchi masalalar boʻyicha muloqotni davom ettirishda alohida masʼuliyatga ega. Tramp Rossiya va Xitoy rahbarlari bilan bugun uchrashishni oʻzi uchun sharaf deb atadi. Shuningdek, uch tomonlama uchrashuvda oʻz yurisdiksiyasidan tashqarida faoliyat yuritayotgan Xalqaro jinoiy sud masalasi ham muhokama qilinishini bildirdi. AQSh yetakchsining taʼkidlashicha, Eronning yadroviy qurolga ega boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi. Tramp davlatlar yadroviy qurolga ega boʻlib olganidan keyin undan voz kechishi juda qiyinligini taʼkidladi. Uning aytishicha, uch tomonlama uchrashuv oʻta muhim qator masalalarni hal qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Ukraina masalasi: kelishuvga yoʻl ochildimi?

Sammitning eng nozik masalalaridan biri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boʻldi. Uch tomonlama muzokaralardan oldin Putin va Tramp alohida uchrashuv oʻtkazdi. Taxminan 35–40 daqiqa davom etgan suhbatda Ukrainadagi vaziyat, ikki tomonlama munosabatlar va keyingi diplomatik muloqot imkoniyatlari muhokama qilindi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ushbu muloqotni uch tomonlama sammitga tayyorgarlik xususiyatiga ega uchrashuv sifatida baholadi. Biroq uning yakunida aniq tinchlik kelishuvi shartlari eʼlon qilinmadi.

Taʼkidlash lozim, Moskva uchun mazkur uchrashuvning ahamiyati katta. Birinchidan, Rossiya AQSh bilan oliy darajada bevosita muloqot qilish imkoniyatini mustahkamlamoqda. Ikkinchidan, Xitoy ishtirokidagi format Kremlga oʻz xavfsizlik manfaatlarini kengroq geosiyosiy muhokama doirasida ilgari surish imkonini beradi.

Biroq Ukraina ishtirokisiz uning hududlari, xavfsizlik kafolatlari yoki siyosiy kelajagiga oid barqaror kelishuvga erishish murakkab. Kiyev va uning yevropalik hamkorlari tinchlik jarayoni Ukraina suvereniteti va xalqaro huquq tamoyillariga asoslanishi zarurligini taʼkidlaydi. Shu bois Shenchjen muzokaralari diplomatik muloqotni jonlantirishi mumkin, ammo ularni Ukrainadagi urush yakunlanishining kafolati sifatida baholashga hali erta.

Yadroviy xavfsizlik: uch davlat oʻzaro kelisha oladimi?

Muzokaralarning yana bir muhim yoʻnalishi yadroviy qurollanishni nazorat qilish boʻldi. 2026 yil fevral oyida AQSh va Rossiya oʻrtasidagi New START strategik yadroviy qurollarni cheklash shartnomasining amal qilish muddati tugadi. Bu ikki davlat yadroviy arsenallarini shartnomaviy cheklash tizimida jiddiy boʻshliq paydo qildi.

Tramp yangi kelishuvga Xitoy ham qoʻshilishini istamoqda. Ammo Pekinning pozitsiyasi Vashington va Moskva qarashlaridan farq qiladi. Bunday ziddiyat sharoitida Pekin Moskva va Vashington bilan bir xil miqdoriy cheklovlarni qabul qilishga shoshilmayapti. Shunga qaramay, uch davlat oʻrtasida muntazam strategik muloqot yoʻlga qoʻyilishi yadroviy inqirozlarning oldini olishda muhim qadam boʻlishi mumkin.

Eron inqirozi va global iqtisodiy xavflar

Eron atrofidagi harbiy mojaro ham sammitning muhim mavzularidan biriga aylandi. Tramp Tehronning yadroviy qurolga ega boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik pozitsiyasini yana bir bor taʼkidladi. Shu bilan birga, u Xitoy bilan muzokaralarda Hurmuz boʻgʻozi orqali energiya resurslarining uzluksiz yetkazib berilishiga alohida eʼtibor qaratdi. Bu masala xalqaro iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega. Hurmuz boʻgʻozi orqali neft va suyultirilgan gaz tashishdagi uzilishlar energiya narxlarining oshishi, inflyatsiya kuchayishi va xalqaro savdo xarajatlarining koʻpayishiga olib kelishi mumkin.

Xitoy dunyoning yirik energiya importchilari qatorida ekani sababli Yaqin Sharqdagi beqarorlik uning iqtisodiy manfaatlariga bevosita taʼsir qiladi. Rossiya esa yirik energiya eksportchisi sifatida bozordagi oʻzgarishlardan iqtisodiy manfaat koʻrishi mumkin. Biroq uzoq davom etadigan mojarolar global talab va moliyaviy barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda, uch mamlakatning ayrim iqtisodiy manfaatlari bir-biriga mos kelsa-da, Eron masalasida ularning strategik maqsadlari toʻliq bir xil emas.

«Yalta 2.0»: dunyo qayta taqsimlanadimi?

Uchrashuvning eng katta siyosiy bahslaridan biri uning 1945 yilgi Yalta konferensiyasi bilan qiyoslanishidir. «Kommersant» gazetasining maxsus muxbiri Andrey Kolesnikov Putinga Shenchjendagi sammit «Yalta 2.0»ni eslatadimi, degan savol bilan murojaat qildi. Interfaks xabariga koʻra, Rossiya prezidenti savolga javoban tasdiq maʼnosida bosh irgʻagan.

Maʼlumki, 1945 yil fevral oyida Yaltada Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchill uchrashib, Ikkinchi jahon urushidan keyingi xalqaro tartibning muhim masalalarini muhokama qilgan edi. Biroq hozirgi vaziyat oʻsha davrdan tubdan farq qiladi. Avvalo, Rossiya, AQSh va Xitoy bugun yagona harbiy ittifoq aʼzolari emas. Shuningdek, ularning Ukraina, Tayvan, xalqaro savdo va mintaqaviy xavfsizlik boʻyicha qarashlari jiddiy farqlanadi. Buning ustiga, Yalta uchrashuvida agressor Gitler qatnashmagan. Bugun esa agressor djavlat rahbari Putin muzokaralar stolida oʻtiribdi.

Qolaversa, hozirgi xalqaro tartibot tizimida Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Yaponiya, Turkiya va boshqa mintaqaviy kuchlar ham mustaqil siyosiy va iqtisodiy taʼsirga ega.

Albatta, Putinning ishorasi rasmiy kelishuv yoki dunyoni taʼsir doiralariga ajratish rejasi qabul qilinganini anglatmaydi. Shuning uchun «Yalta 2.0» atamasini hozircha voqeaning huquqiy natijasi emas, balki geosiyosiy ramzi sifatida tushunish toʻgʻriroq boʻladi.

Bir qutbli dunyo tartiboti tugayaptimi?

The Wall Street Journal nashri Shenchjen uchrashuvini AQSh yetakchiligidagi bir qutbli xalqaro tartib zaiflashayotganining navbatdagi belgisi sifatida baholadi. Gazeta tahliliga koʻra, Vashingtonning ikki asosiy geosiyosiy raqibi bilan bir stol atrofida muzokara olib borishi global kuchlar muvozanati oʻzgarayotganini namoyon etmoqda.

Sovuq urush tugaganidan keyin AQSh harbiy, iqtisodiy va diplomatik jihatdan yetakchi kuch sifatida ajralib turgan edi. Biroq Xitoyning iqtisodiy va texnologik qudrati oʻsishi, Rossiyaning harbiy-strategik salohiyati, shuningdek, yirik mintaqaviy davlatlarning mustaqil tashqi siyosat yuritishga intilishi xalqaro tizimni murakkablashtirdi.

Ayni paytda bir qutbli tartibning zaiflashishi avtomatik ravishda uch qutbli dunyo shakllandi, degani emas. Xitoy iqtisodiy jihatdan qudratli, Rossiya muhim harbiy-yadroviy salohiyatga ega, AQSh esa global moliya, texnologiya va harbiy ittifoqlar tizimida katta taʼsirini saqlab qolmoqda. Shu sababli kelajakdagi dunyo tartibi qatʼiy uch qutbli tizimdan koʻra, bir nechta yirik va mintaqaviy kuchlar oʻrtasidagi oʻzgaruvchan muvozanatga asoslanishi ehtimoli yuqori.

Endi nima boʻladi?

Shenchjen sammitidan keyin xalqaro munosabatlar rivojlanishining uchta ehtimoliy yoʻnalishi koʻzga tashlanmoqda.

Birinchi ssenariy — cheklangan amaliy hamkorlik. Uch mamlakat strategik xavfsizlik, yadroviy qurollanish va mintaqaviy mojarolar boʻyicha doimiy maslahatlashuv mexanizmlarini yaratishi mumkin. Bu eng realistik yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Ikkinchi ssenariy — yirik diplomatik kelishuvlar. AQSh, Rossiya va Xitoy ayrim masalalarda murosa topib, yadroviy xavfsizlik yoki mojarolarni tartibga solish boʻyicha kelishuvlarga erishishi mumkin. Ammo buning uchun oʻzaro ishonch va manfaatlar muvofiqligi talab etiladi.

Uchinchi ssenariy — ramziy yaqinlashuvdan keyin raqobatning davom etishi. Rahbarlar oʻrtasidagi ijobiy muloqotga qaramay, Ukraina, Tayvan, Eron va texnologik ustunlik masalalaridagi ziddiyatlar saqlanib qolishi mumkin.

Hozircha birinchi va uchinchi ssenariylarning ayrim jihatlari bir vaqtning oʻzida amalga oshishi ehtimoli yuqori.

Xulosa: tarixiy uchrashuv, ammo hali yangi dunyo tartiboti tuzildi, degani emas!

Putin, Si Szinpin va Trampning Shenchjen uchrashuvi, hech shubhasiz, xalqaro siyosatda muhim diplomatik voqea boʻldi. U global xavfsizlikni taʼminlashda yirik davlatlar oʻrtasidagi muloqot qanchalik zarurligini yana bir bor namoyon etdi.

Biroq tarixiy uchrashuvning oʻzi tarixiy kelishuv degani emas. Yangi dunyo tartiboti haqida qatʼiy xulosa chiqarish uchun uch mamlakatning keyingi amaliy qarorlari, Ukrainadagi urush boʻyicha pozitsiyalari, yadroviy qurollanishga doir muzokaralari va iqtisodiy munosabatlaridagi oʻzgarishlarni kuzatish zarur.

Shenchjenda uch davlat rahbari bir stol atrofida oʻtirdi. Ammo ular yangi xalqaro tartibning umumiy qoidalari boʻyicha kelishib oldimi-yoʻqmi, buni faqat keyingi siyosiy qarorlar koʻrsatadi. Shu maʼnoda, 19 noyabr sammiti bir qutbli dunyoning rasman tugaganini eʼlon qilgan voqea emas, balki koʻp qutbli xalqaro tizim shakllanishi jarayonidagi muhim siyosiy belgi sifatida tarixga kirishi mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid