platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jahon

Putin, Tramp va Si Szinpin uchrashuvi yakunlari boʻyicha tinchlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya qabul qilindi

Deklaratsiyaning birinchi bandi BMTni isloh qilish masalasiga bagʻishlangan. Rossiya, Xitoy va AQSh BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari sifatida tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish zarurligini taʼkidlagan.

Putin, Tramp va Si Szinpin uchrashuvi yakunlari boʻyicha tinchlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya qabul qilindi

Xitoyning Shenchjen shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi tarixiy uch tomonlama muzokaralar yakunlandi. Uchrashuv natijasida xalqaro tinchlik va xavfsizlik, BMTni isloh qilish, energetika taʼminoti hamda yadroviy xavflarni kamaytirish masalalarini qamrab olgan qoʻshma deklaratsiya qabul qilindi.

2026 yil 19 noyabr kuni Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik forumi sammiti doirasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda uch davlat rahbarlari xalqaro vaziyatning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Rossiya va AQSh prezidentlari mazkur tarixiy uch tomonlama sammitni tashkil etgani va oʻtkazgani uchun Xitoy tomoniga minnatdorlik bildirdi. Tomonlar strategik barqarorlikni mustahkamlash va xalqaro xavfsizlikni taʼminlashga sodiq ekanliklarini tasdiqladi.

Muzokaralar yakunlangach, Putin, Tramp va Si Szinpin ommaviy axborot vositalari uchun alohida bayonot bermadi. Uchrashuvning asosiy natijalari esa toʻrt banddan iborat tinchlik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyada aks etdi.

Deklaratsiyaning birinchi bandi BMTni isloh qilish masalasiga bagʻishlangan. Rossiya, Xitoy va AQSh BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari sifatida tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish zarurligini taʼkidlagan. Xususan, BMT global tahdid va muammolarga yanada tezkor va samarali javob qaytarishi, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan asosiy vazifalarini toʻlaqonli bajarishi uchun islohotlarni ilgari surishga sodiqlik bildirilgan.

Hujjatning ikkinchi bandida global energetika xavfsizligini taʼminlash ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan. Uch mamlakat barcha davlatlar manfaatlarini koʻzlab, neftni qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmini oshirishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan. Shuningdek, energiya resurslarining xalqaro bozorlarga barqaror va uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlash muhimligi alohida qayd etilgan.

Deklaratsiyaning uchinchi bandi davlatlar suvereniteti, mansabdor shaxslar immuniteti va xalqaro sud organlari vakolatlariga taalluqli. Uch davlat rahbarlari davlatlarning roziligi tamoyiliga amal qilish hamda mansabdor shaxslarning immunitetlarini hurmat qilish fundamental ahamiyatga ega ekanini taʼkidlagan. Shu bilan birga, Xalqaro jinoyat sudi va boshqa shunga oʻxshash tuzilmalar oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilmasligi lozimligi boʻyicha umumiy pozitsiya bildirilgan.

Toʻrtinchi bandda esa yadroviy urushning oldini olish va yadroviy qurol tarqalishiga qarshi kurashish masalalari oʻz aksini topgan. Rossiya, Xitoy va AQSh rahbarlari yadroviy urushda gʻoliblar boʻlishi mumkin emasligini hamda bunday urush hech qachon boshlanmasligi kerakligini yana bir bor tasdiqlagan.
Tomonlar yadroviy xavflarni kamaytirish, yadroviy qurol tarqalishining oldini olish va strategik barqarorlikni saqlash boʻyicha muloqotni davom ettirishga kelishgan.

Eʼtiborlisi, deklaratsiyada Ukrainadagi urush yoki boshqa mintaqaviy mojarolarni hal etish boʻyicha alohida shartlar belgilanmagan. Shuningdek, hujjatda nazarda tutilgan islohotlar va tashabbuslarni amalga oshirishning aniq muddatlari ham koʻrsatilmagan.

Shu tariqa, Shenchjendagi uch tomonlama sammitning asosiy natijasi - yirik davlatlarning xalqaro xavfsizlik, energetika barqarorligi va yadroviy tahdidlarni kamaytirish borasida umumiy yondashuvlarini belgilab olgani boʻldi. Muzokaralardan soʻng Donald Tramp Xitoyga tashrifini yakunlab, mamlakatni tark etdi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid