platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Iqtisod

Prezident Oʻzbekiston – Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yigʻilishida ishtirok etmoqda

Turkiya kompaniyalari misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarishda oʻzbekistonlik korxonalar bilan qoʻshma loyihalarni yoʻlga qoʻyishga taklif etildi. 

Prezident Oʻzbekiston – Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yigʻilishida ishtirok etmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yigʻilishida ishtirok etmoqda.

​Yigʻilishda Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi nufuzli delegatsiya qatnashmoqda.

​Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan erishilgan kelishuv asosida tashkil etilgan ushbu yangi mexanizm ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligiga qoʻshimcha surʼat bagʻishlashga qaratilganini taʼkidladi.

​Shu kuni Toshkentda oʻtkazilgan Oʻzbekiston – Turkiya biznes forumi 200 dan ziyod ishbilarmonni birlashtirdi. Davlatimiz rahbari buni ikki mamlakat tadbirkorlarining oʻzaro sheriklikni kengaytirishga boʻlgan katta qiziqishi ifodasi sifatida baholadi.

​Prezidentimiz Oʻzbekiston – Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yuqori darajadagi kengash yigʻilishida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijalari va kelgusi maqsadlarga toʻxtaldi.

​2017 yildan buyon mamlakatimiz iqtisodiyoti uch barobar oʻsdi, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi.

​2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoat ishlab chiqarishini ikki barobar oshirish, ushbu tarmoqda 2 millionta yuqori daromadli ish oʻrni yaratish hamda yuqori texnologik mahsulotlar ulushini uchdan bir qismga yetkazish maqsad qilingan.

​Bu vazifalarni amalga oshirishda keng qamrovli strategik sherik – Turkiya bilan amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.

​Oʻzbekistonda 2030 yilga qadar oltin qazib olish hajmini 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, mis ishlab chiqarish quvvatlarini esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shu davrda qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 25 gigavattga, ularning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 54 foizga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

​Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan Atom sanoati maxsus sanoat zonasida 15 ta yoʻnalishda mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu mahsulotlar Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida barpo etiladigan atom elektr stansiyalari ehtiyojlariga ham yoʻnaltiriladi.

​Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari turk kompaniyalarini togʻ-kon sanoati, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va «yashil» energetikada yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.

​Oʻzbekiston – Turkiya iqtisodiy hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan biri elektrotexnika sanoatidagi kooperatsiyani kengaytirishdir.

​2030 yilga qadar mamlakatimizda ushbu tarmoq eksportini 5 milliard dollarga yetkazish va 11,6 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.

​Turkiya kompaniyalari misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarishda oʻzbekistonlik korxonalar bilan qoʻshma loyihalarni yoʻlga qoʻyishga taklif etildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid