Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasida 30 kunlik vizasiz rejim boʻyicha bitim imzolandi
Bitim hali kuchga kirgani yoʻq. U zarur ichki tartib-taomillar bajarilgani haqidagi soʻnggi xabarnoma olinganidan 30 kun oʻtgach amal qila boshlaydi.

Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasida 30 kunlik vizasiz rejim boʻyicha bitim imzolandi.
17 noyabr kuni Prezidentning Oʻmonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida oʻzaro vizadan ozod qilish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Bitimga koʻra, ikki davlat fuqarolari har bir tashrifda 30 kungacha, bir kalendar yil davomida jami 180 kundan oshmagan muddatda bir-birining hududida vizasiz boʻlishi mumkin. Buning uchun amal qilish muddati kamida 6 oy boʻlgan xorijga chiqish biometrik pasporti talab etiladi.
Vizasiz rejim doimiy yashash, oʻqish yoki mehnat ruxsatnomasini talab qiladigan faoliyatga tatbiq etilmaydi. Belgilangan muddatdan uzoqroq qolish uchun tegishli viza olish kerak.
Hujjatda fors-major holatlarida boʻlish muddatini bepul uzaytirish, pasport yoʻqolsa yoki shikastlansa, vaqtinchalik yoʻl hujjati bilan vizasiz chiqish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bitim hali kuchga kirgani yoʻq. U zarur ichki tartib-taomillar bajarilgani haqidagi soʻnggi xabarnoma olinganidan 30 kun oʻtgach amal qila boshlaydi.





