Oʻzbekiston va Afgʻoniston temir yoʻllari rahbarlari Hayratonda uchrashdi
Uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasida temir yoʻl sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va yuk tashish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, joriy yilda oʻzaro yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshgani alohida taʼkidlandi.

"Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ va Afgʻoniston temir yoʻllari rahbarlari Hayratonda uchrashdi.
2026 yil 18 noyabr kuni Hayraton shahrida "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ Boshqaruv raisi Z.G. Narzullayev hamda Afgʻoniston temir yoʻllari boshqarmasi rahbari Mavlaviy Abdul Karim Fateh oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasida temir yoʻl sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va yuk tashish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, joriy yilda oʻzaro yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshgani alohida taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Naibobod stansiyasini rivojlantirish ishlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirish, Hayratondan Mozori Sharifgacha yuklarni temir yoʻl orqali tashishni yoʻlga qoʻyish, poyezdlarning sutkalik umumiy aylanmasini oshirish hamda Afgʻoniston fuqarolari uchun temir yoʻl sohasida mutaxassislar tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.





