platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Ombudsmanlar forumida Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz tomonidan Oʻzbekiston tajribasi taqdim etildi

Keng koʻlamli ushbu tadbir milliy tajriba almashish, inson huquqlari sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning xalqaro hamkorligiga doir yangi yondashuvlarni ishlab chiqish maydoniga aylandi. Ishtirokchilar orasida MDH, BRIKS va ShHT davlatlari, shuningdek, Osiyo, Afrika, Yevropa, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharq mamlakatlari vakillari ham bor edi.

Ombudsmanlar forumida Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz tomonidan Oʻzbekiston tajribasi taqdim etildi

2026 yil 16–18 noyabr kunlari Moskvada 70 ga yaqin davlatdan 450 dan ortiq vakilni birlashtirgan Xalqaro ombudsmanlar forumi boʻlib oʻtdi. Forum ishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov boshchiligidagi Milliy markaz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Xalqaro forum ilk bor qoʻshma formatda oʻtkazildi. Yaʼni, Forum Yevroosiyo ombudsmanlari alyansining XI yigʻilishi, “Inson huquqlarini himoya qilish muammolari: ombudsmanlarning ilgʻor tajribalari almashinuvi” mavzusidagi X xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Yoshlar ombudsmanlari forumini oʻzida qamradi.

Ombudsmanlar forumida Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz tomonidan Oʻzbekiston tajribasi taqdim etildi

Keng koʻlamli ushbu tadbir milliy tajriba almashish, inson huquqlari sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning xalqaro hamkorligiga doir yangi yondashuvlarni ishlab chiqish maydoniga aylandi. Ishtirokchilar orasida MDH, BRIKS va ShHT davlatlari, shuningdek, Osiyo, Afrika, Yevropa, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharq mamlakatlari vakillari ham bor edi.

Yevroosiyo ombudsmanlari alyansining yigʻilishi bolalar va yoshlar oʻrtasida buzgʻunchi hamda xavfli kontent tarqalishiga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlandi. Ishtirokchilar raqamli makonda inson huquqlarini taʼminlash, raqamli texnologiyalar va media borasidagi savodxonlikni oshirish, kiberbullingning oldini olish hamda oʻsib kelayotgan yosh avlod uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirish boʻyicha oʻzaro tajriba almashdilar.

Yigʻilish yakunida Iroqning inson huquqlarini himoya qilish instituti hamda Panjob provinsiyasi (Pokiston) ombudsmanining Yevroosiyo ombudsmanlari alyansiga aʼzo boʻlishi toʻgʻrisidagi hujjatlar imzolandi. Alyans tashkil etilganidan buyon unga aʼzo davlatlardan biri hisoblanuvchi Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilish sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga izchil koʻmaklashib kelmoqda.

X Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davomida xorijdagi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy institutlarning oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov “Xorijdagi fuqarolarning huquqlari: ombudsmanlarning oʻzaro hamkorligi mexanizmlari va amaliyoti” mavzusidagi shuʼba majlisida soʻzga chiqdi. Oʻzbekiston vakili ishtirokchilarni migratsiya jarayonining barcha bosqichlarida mehnat migrantlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha mamlakatimiz tajribasi bilan tanishtirdi.

Milliy markaz direktori, xususan, tashkiliy mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, fuqarolarni kasb-hunar va tilga oʻqitishni nazarda tutuvchi safar oldidan tayyorlashning “kasb va til” modelini joriy etish, shuningdek, xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish geografiyasini 3 tadan 27 ta davlatgacha kengaytirish masalalariga toʻxtaldi.

Akademik Akmal Saidov xorijdagi vatandoshlarning huquqlarini himoya qilishda kompleks yondashuv zarurligini taʼkidlar ekan, shunday dedi: “Xorijdagi fuqaroni himoya qilish chegarani kesib oʻtish bilan tugamaydi. U buzilgan huquq chinakamiga tiklangandagina yakunlanadi”.

Ushbu yondashuv Oʻzbekistonning qatʼiy pozitsiyasini aks ettiradi: inson huquqlarini himoya qilish nafaqat milliy darajada, balki davlatlararo hamkorlikning taʼsirchan mexanizmlari, ombudsmanlarning oʻzaro aloqalari va oʻz mamlakatidan tashqarida boʻlgan fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish orqali ham taʼminlanishi lozim.

Forum kun tartibidan inson huquqlarini himoya qilish borasida umumiy yondashuvlarni shakllantirish va inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan hujjat — “Moskva tamoyillari” loyihasi muhokamasi muhim oʻrin egalladi.

Muhokamalar chogʻida akademik Akmal Saidov loyiha qoidalarini BMT Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 dekabrdagi 48/134-sonli rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan Parij tamoyillariga muvofiqlashtirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Taniqli oʻzbek huquqshunosining fikricha, Parij tamoyillari inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning mamlakat ichidagi maqomi, mustaqilligi, vakolatlari va faoliyat yuritishi borasidagi xalqaro standartlarni belgilab beradi. Shu bilan birga, turli mamlakatlardagi inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy institutlarning oʻzaro amaliy aloqalari, xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilishi va hamkorligi masalalarini yanada rivojlantirish talab etiladi.

Shu munosabat bilan “Moskva tamoyillari” inson huquqlarini himoya qilish institutlarining mustaqilligi va milliy oʻziga xosligini saqlab qolgan holda institutlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu hujjat amaldagi xalqaro standartlarga muhim amaliy qoʻshimcha boʻlishi mumkin.

Forum doirasida vijdon erkinligini taʼminlash va madaniy oʻzlikni saqlash, odam savdosi hamda qullikning zamonaviy shakllariga qarshi kurashish, xorijdagi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, shuningdek, bir tomonlama cheklov choralarining gumanitar oqibatlari masalalari boʻyicha ham munozaralar boʻlib oʻtdi.

Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalarida ombudsmanlar hamkorligining samarali mexanizmlarini izlab topish, ilgʻor tajriba almashish hamda xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid