platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Markaziy Osiyodan ilk bor Oʻzbekiston GRCning Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy yigʻilishi hamtashkilotchisi sifatida ishtirok etadi

Mazkur xalqaro tadbirni tashkil etishda Markaziy Osiyodan ilk bor tashkilot hamkor sifatida jalb etildi va Oʻzbekiston nomidan Innovatsion rivojlanish agentligi ishtirok etmoqda. Ushbu hamkorlik tashkilotning aʼzoligiga qabul qilinishga keng imkoniyat yaratadi. Bu mamlakatimizning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, milliy ilmiy moliyalashtirish tizimini global tajriba bilan uygʻunlashtirish va oʻzbek olimlarining xalqaro tadqiqotlar maydonidagi imkoniyatlarini kengaytirish yoʻlidagi muhim qadamdir.

Markaziy Osiyodan ilk bor Oʻzbekiston GRCning Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy yigʻilishi hamtashkilotchisi sifatida ishtirok etadi

2026 yil 30 noyabr – 2 dekabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida Global Research Council (GRC) — Global tadqiqot kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

Unda Sharqiy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, shuningdek, Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarning milliy ilmiy tadqiqot fondlari rahbarlari, ilmiy grantlar ajratuvchi tashkilotlar vakillari, ilmiy siyosatni shakllantiruvchi muassasalar, xalqaro tadqiqot dasturlari ekspertlari hamda GRC ishchi guruhlari vakillari ishtirok etadi.

Tadbir Koreya Respublikasi Milliy tadqiqot jamgʻarmasi (National Research Foundation of Korea — NRF Korea) va Oʻzbekiston Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tashkil etilmoqda. Bu haqdagi qaror 2026 yil may oyida Tailandning Bangkok shahrida oʻtkazilgan Global tadqiqot kengashining 14-yillik yigʻilishi doirasida maʼqullangan.

GRC — 2012 yilda Vashingtonda tashkil etigan va dunyoning turli mamlakatlarida ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtiruvchi milliy tashkilotlar rahbarlarini birlashtiruvchi xalqaro hamkorlik platformasidir. Uning asosiy maqsadi ilmiy moliyalashtirish tizimlari oʻrtasida tajriba almashish, tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini rivojlantirish va qitʼalararo ilmiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Ushbu kengashning ahamiyati shundaki, unda ilmiy tadqiqotlarning qaysi yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash, loyihalarni qanday mezonlar asosida baholash, ilmiy natijalarning jamiyat va iqtisodiyotga taʼsirini qanday oshirish kabi strategik masalalar muhokama qilinadi.

GRC doirasidagi mintaqaviy yigʻilishlar esa ushbu jarayonning muhim boʻgʻini hisoblanadi. Ularda turli mintaqalarning ilmiy va institutsional ehtiyojlari, ustuvor vazifalari hamda hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinib, bildirilgan taklif va tavsiyalar keyingi yilgi global yigʻilish kun tartibi va tamoyillarini shakllantirishda inobatga olinadi.

Shu maʼnoda, Seuldagi uchrashuv faqat mintaqaviy muloqot emas, balki kelgusi yillarda jahon ilmiy hamjamiyati faoliyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yondashuvlarni ishlab chiqish jarayonining ham bir qismidir.

Innovatsion rivojlanish agentligining ushbu jarayonda hamtashkilotchi sifatida ishtirok etishi mamlakatimiz uchun bir nechta muhim yoʻnalishda yangi imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.

Avvalo, bu Oʻzbekistonning ilmiy diplomatiyasida yangi bosqichni anglatadi. Endi mamlakatimiz faqat xalqaro ilmiy tadbirlar ishtirokchisi sifatida emas, balki ularni tashkil etish va mintaqaviy ilmiy kun tartibini shakllantirishda bevosita ishtirok etayotgan hamkor sifatida ham namoyon boʻladi.

Ikkinchidan, jahonning yetakchi ilmiy moliyalashtirish tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish uchun yanada keng maydon paydo boʻladi. Bu kelgusida qoʻshma ilmiy tanlovlar, xalqaro grant dasturlari, tadqiqot konsorsiumlari va koʻp tomonlama moliyalashtirish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishga xizmat qilishi mumkin.

Ayniqsa, ilmiy loyihalarni baholash, moliyalashtirish samaradorligini oshirish, xalqaro ekspertlar ishtirokini kengaytirish va tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish Agentlik faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega.

Uchinchidan, mazkur hamkorlik Oʻzbekistonning mintaqaviy ilmiy jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirish imkonini beradi. Markaziy Osiyoda shakllanayotgan ilmiy salohiyat, tadqiqot infratuzilmasi va yangi texnologik ishlanmalarni xalqaro hamjamiyatga kengroq tanitish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochiladi.

Bu jarayonning eng muhim jihatlaridan biri uning mamlakatimiz olimlari va ilmiy jamoalari uchun keltiradigan istiqbollaridir.

Chunki xalqaro ilmiy hamkorlik faqat tashkilotlar oʻrtasidagi kelishuvlar bilan cheklanmaydi. Uning yakuniy samarasi tadqiqotchilar uchun yangi hamkorlar, ilmiy loyihalar, tajriba almashish imkoniyatlari va zamonaviy tadqiqot muhitiga yoʻl ochilishida namoyon boʻladi.

GRC doirasidagi aloqalar orqali oʻzbek olimlari xorijiy tadqiqot markazlari va ilmiy fondlar bilan hamkorlikni rivojlantirishi, xalqaro tadqiqot konsorsiumlariga qoʻshilishi, oʻz ishlanmalarini jahon ilmiy maydonida taqdim etishi uchun yangi imkoniyatlarga ega boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, ilmiy natijalarni baholashda sifat, ilmiy taʼsir va amaliy ahamiyatga ustuvorlik berish, ochiq ilm-fan tamoyillarini kengaytirish hamda tadqiqotlarda xalqaro standartlarni qoʻllash borasidagi tajribalar milliy ilmiy tizim rivojiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Bu, ayniqsa, xalqaro ilmiy maydonga kirib kelayotgan yosh olimlar, yangi ilmiy maktablar va tadqiqot guruhlari uchun muhimdir. Zero, bugungi ilm-fanda tadqiqotchining salohiyati bilan bir qatorda uning xalqaro ilmiy tarmoqlarga integratsiyalashuvi ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

Eʼtiborli jihati, Oʻzbekistonning GRC doirasidagi ishtiroki bu yilgi mintaqaviy yigʻilish bilan boshlangani yoʻq. 2026 yil may oyida Bangkok shahrida oʻtkazilgan GRCning 14-yillik yigʻilishida Innovatsion rivojlanish agentligi vakili “Research for Sustainable Communities” mavzusidagi muhokama sessiyasiga moderatorlik qildi. Unda turli mamlakatlar vakillari ilm-fan va innovatsiyalarning ijtimoiy, ekologik va texnologik muammolarni hal etishdagi oʻrni, sunʼiy intellektdan samarali foydalanish va ochiq ilm-fan tamoyillarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Aynan shu yigʻilish yakunida Agentlikning Seuldagi mintaqaviy tadbirni tashkil etishda hamkor tashkilot sifatida ishtirok etishi maʼqullangan edi.

Shuningdek, 2026 yil oktabr oyida Innovatsion rivojlanish agentligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga xizmat safari davomida NRF Korea Xalqaro aloqalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi direktori Hyesoo Kim bilan uchrashuv oʻtkazilib, tadbir dasturi, ishchi guruhlar sessiyalari, maʼruzachilar va moderatorlar ishtiroki, tashkiliy hamda texnik masalalar muhokama qilindi.

Bu esa hamkorlikning faqat deklarativ darajada emas, balki aniq tashkiliy ishlar va amaliy muloqotlar orqali rivojlanayotganini koʻrsatadi.

Eng muhimi, xalqaro maydonda eʼtirof etilishning oʻzi yakuniy maqsad emas. Asosiy vazifa bunday imkoniyatlarni mamlakatimiz ilm-fani manfaatlariga yoʻnaltirish, olimlar uchun yangi hamkorlik kanallarini ochish, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish sifatini oshirish va milliy ilmiy ishlanmalarning xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini mustahkamlashdir.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid