platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Siyosat

Iordaniyada Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobi arab tilida taqdim etildi

Ushbu asarda mamlakatni modernizatsiya qilish, milliy davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan strategik qarashlar bayon etilgan. Asarda zamonaviy xalqaro munosabatlar, global xavf-xatarlar va ularni bartaraf etishda muloqot, bagʻrikenglik, maʼrifat hamda tinchlikning ahamiyatiga ham alohida oʻrin berilgan.

Iordaniyada Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobi arab tilida taqdim etildi

Iordaniya poytaxti Ammon shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” nomli fundamental asari arab tilida taqdim etildi.

Mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tadbirda Oʻzbekistonning soʻnggi oʻn yillikdagi islohotlari, ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, inson qadriga asoslangan taraqqiyot modeli hamda xalqaro tinchlik va hamkorlikka oid tashabbuslari keng jamoatchilikka tanishtirildi.

Tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Iordaniya Jahon islom ilmlari va taʼlim universiteti prezidenti Jaʼfar al-Magʻribiy al-Fanatisa, Oʻzbekistonning Iordaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turgʻunov, shuningdek, ikki mamlakatning nufuzli olimlari, diniy soha vakillari hamda tadqiqotchilari qatnashdi. Shuningdek, Iordaniya parlamenti — Majlis al-Umma aʼzolari, davlat va jamoat arboblari, siyosatchilar, biznes doiralari vakillari, tahlil markazlari ekspertlari hamda arab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Iordaniyada Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobi arab tilida taqdim etildi

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi — arab tilida

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” asarida mamlakatni modernizatsiya qilish, milliy davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan strategik qarashlari bayon etilgan.

Olti bob va xotimadan iborat kitobda «Davlat — inson uchun» va «Inson qadri uchun» tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat taraqqiyotining ustuvor vazifalari hamda davlat va jamiyat hayotidagi oʻzgarishlar tahlil qilingan.

Asarda zamonaviy xalqaro munosabatlar, global xavf-xatarlar va ularni bartaraf etishda muloqot, bagʻrikenglik, maʼrifat hamda tinchlikning ahamiyatiga ham alohida oʻrin berilgan.

Xususan, Prezidentning qarama-qarshiliklar oʻrniga muloqotni, adovat oʻrniga bagʻrikenglikni, zoʻravonlik oʻrniga tinchlikni ustuvor qoʻyuvchi qarashlari Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari bilan bogʻliq holda yoritilgan.

Taqdimotda asarning bugunga qadar arab, ingliz, italyan, rus va urdu tillariga tarjima qilingani, uning xorijiy kitobxonlar uchun Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar va mamlakatning xalqaro tashabbuslari bilan tanishish imkonini berayotgani taʼkidlandi.

Prezident asari bilan birga yana 9 ta nashr taqdim etildi

Ammonda «Yangi Oʻzbekiston fenomeni» mazmun-mohiyatini ochib beruvchi, arab tiliga tarjima qilingan 9 ta kitob va kitob-albom ham taqdim etildi.

Jumladan, «Shavkat Mirziyoyev — jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi» kitob-albomida Oʻzbekiston Prezidentining ichki va tashqi siyosatga oid tashabbuslari hamda ularga xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan berilgan baholar jamlangan.

Mustaqillikning 35 yilligiga bagʻishlangan «Mustaqillik zafarnomasi» kitob-albomida Oʻzbekistonning istiqlol yillaridagi taraqqiyot bosqichlari, milliy davlatchilikni mustahkamlash va mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlari aks ettirilgan.

«Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti» asarida mamlakatning ilmiy-maʼrifiy yuksalishi, Uchinchi Renessans gʻoyasining strategik asoslari va islohotlar mazmun-mohiyati yoritilgan. Ushbu nashrga Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif kirish soʻzi yozgan.

Iordaniyada Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobi arab tilida taqdim etildi

«Yangi Oʻzbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bagʻrikenglik diyori» kitob-albomi esa millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik va Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlik siyosatiga bagʻishlangan.

Taqdim qilingan nashrlar Iordaniya kutubxonalariga sovgʻa qilindi. Ammonda Oʻzbekistonning ilmiy va sivilizatsiyaviy merosi ham tanishtirildi.

Prezident asarining taqdimoti bilan bir qatorda, Iordaniya poytaxtida «Oʻzbekiston: sivilizatsiyalar, shaxsiyatlar, kashfiyotlar» kitoblar koʻrgazmasi hamda «Movarounnahr — asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.

Tadbirlar doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti ham oʻtkazildi.

Ishtirokchilarga Markazning boy tarixiy merosni saqlash, buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasini oʻrganish va ilmiy-maʼrifiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan faoliyati haqida maʼlumot berildi.

Mazkur xalqaro tadbirlarda ikki mamlakatning davlat va jamoat arboblari, diniy soha vakillari, olimlar, tadqiqotchilar hamda boshqa ishtirokchilar qatnashdi. Tashkilotchilar taqdim etgan maʼlumotga koʻra, tadbirlar ishtirokchilarining umumiy soni 1 500 nafardan oshdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan arab tilida tayyorlangan, mamlakatdagi islohotlar va «Yangi Oʻzbekiston fenomeni»ga bagʻishlangan videomateriallar namoyish etildi.

Madaniy diplomatiya va ilmiy hamkorlik

Ammonda oʻtkazilgan taqdimotlar Oʻzbekistonning siyosiy-iqtisodiy islohotlari, tarixiy-madaniy merosi va xalqaro tashabbuslarini arab jamoatchiligiga tanishtirishga qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev asarining arab tilida nashr etilishi Iordaniya va boshqa arab mamlakatlari kitobxonlariga Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi, davlat boshqaruvi islohotlari hamda xalqaro munosabatlarga oid yondashuvlar bilan bevosita tanishish imkonini beradi.

Iordaniyada Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobi arab tilida taqdim etildi

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari rahnamoligida xalq manfaati yoʻlida savob amallar ado etilib, ayniqsa, boy maʼnaviy merosni tiklash va eʼzozlash borasida ulkan bunyodkorlik ishlari roʻyobga chiqarilmoqda.

Oʻzbekiston — shunchaki qadimiy tarixga ega mamlakat emas, balki butun islom ummatining maʼnaviy hayotida beqiyos oʻrin tutgan, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlar yetishib chiqqan muborak zamindir.

Oʻzbekiston davlati rahbarining diniy taʼlim muassasalarini rivojlantirish, zamonaviy ilm-fan bilan uygʻun holda malakali diniy mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlari meni hayratga solmoqda.

Bugun Yangi Oʻzbekistonda islomning asl insonparvarlik mohiyatini, maʼrifat, bagʻrikenglik, tinchlik va ezgulik gʻoyalarini keng targʻib etishga katta ahamiyat berilayotgani qalbimda masrurlik hissini uygʻotmoqda, - dedi Iordaniya Bosh muftiysi Ahmad al-Hasanot.

Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti va ilmiy anjumanlar esa Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida tarixiy merosni oʻrganish, tadqiqotlar olib borish hamda madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish uchun muloqot maydoni boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” nomli fundamental asari hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga bagʻishlangan qator asarlar taqdimoti doirasida oʻtkazilayotgan ilmiy uchrashuvlarda oʻziga xos hikmat bor.

Avvalombor, ilmiy-akademik va madaniy hamkorlik rishtalarini mustahkamlash orqali barcha tafovutlarni yengib oʻtib, xalqlarning bir-birini boyitishi mumkinligini koʻrsatadi.

Muhimi, asarda taʼkidlanganidek, insoniyat nizolar oʻrniga hamkorlikni, qoʻrquv oʻrniga bilimni, adovat oʻrniga oʻzaro ishonchni tanlagan taqdirdagina barqaror taraqqiyotga erishishi mumkin. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surayotgan ushbu gʻoyalar inson tafakkurining bepoyon ummoniga quyiluvchi qudratli daryo kabi, uning yangi sarhadlarini ochishga, ezgu maqsadlar sari yoʻnaltirishga xizmat qiladi, - dedi Al ul-Bayt universiteti vitse-prezidenti, professor, doktor Hani Axurshida.

Shuningdek, tadbir doirasida “Oʻzbekiston: sivilizatsiyalar, shaxsiyatlar, kashfiyotlar” nomli kitoblar koʻrgazmasi, “Movarounnahr – asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro taqdimoti oʻtkazildi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov oʻz chiqishida mazkur majmuaning Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va mualliflik gʻoyasi asosida bunyod etilgani, Uchinchi Renessans konsepsiyasi uning ekspozitsiyalarida oʻz ifodasini topganini qayd etdi:

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – bu, eng avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va mualliflik gʻoyasi asosida amalga oshirilgan ulkan maʼrifiy loyihadir. Davlatimiz Rahbari 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini keng targʻib etish zarurligini taʼkidlagan edi. Markaz ana shu ezgu gʻoyalarni hayotga tatbiq etish, buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish va uni jahonga tanitishga xizmat qiladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid