Fargʻona vodiysining baʼzi hududlariga elektr boʻyicha cheklovlar kiritildi
"L-503" elektr uzatish tarmogʻida noqulay ob-havo sharoiti tufayli avariyaviy uzilish yuz berdi. Noqulay ob-havo taʼsirida murakkab relefli adirlik hududida joylashgan elektr uzatish tarmogʻi tayanchlaridan biri qulagan.

19 noyabr kuni Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasidan Fargʻona vodiysi viloyatlariga elektr energiyasi uzatuvchi, Tojikiston Respublikasi hududidan oʻtuvchi 500 kV kuchlanishli "L-503" elektr uzatish tarmogʻida noqulay ob-havo sharoiti tufayli avariyaviy uzilish yuz berdi. Bu haqda Energetika vazirligi maʼlumot berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, noqulay ob-havo taʼsirida murakkab relefli adirlik hududida joylashgan elektr uzatish tarmogʻi tayanchlaridan biri qulagan.
Natijada avtomatik himoya tizimi ishga tushib, mazkur tarmoq orqali elektr energiyasi uzatilishi vaqtincha toʻxtagan. Bu esa ayrim isteʼmolchilarning elektr taʼminotida uzilishlarga sabab boʻlgan.
Ayni paytda "Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ rahbariyati boshchiligidagi mutaxassislar hamda avariya-tiklash brigadalari hodisa joyiga safarbar etilgan. Tojikiston Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda avariya oqibatlarini bartaraf etish va elektr uzatish tarmogʻi faoliyatini tiklash boʻyicha tezkor ishlar olib borilmoqda.
Taʼmirlash-tiklash ishlari yakunlangunga qadar Fargʻona vodiysi viloyatlarining ayrim hududlarida elektr taʼminotiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi.
Maʼlumot uchun, Fargʻona vodiysi viloyatlariga elektr energiyasi boshqa elektr uzatish tarmoqlari orqali ham yetkazib beriladi. Xususan, Fargʻona viloyatiga Toshkent viloyatidagi "Yangi Angren" issiqlik elektr stansiyasidan chiquvchi 500 kV kuchlanishli "L-524" elektr uzatish tarmogʻi orqali ham elektr energiyasi uzatiladi.
Tiklash ishlarining borishi va elektr taʼminotidagi oʻzgarishlar yuzasidan qoʻshimcha axborot berib boriladi.





