platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Tahlil

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?

Tramp, Si Szinpin va Putinning Shenchjendagi sammiti yangi jahon tartibotimi, geosiyosiy savdolashuvmi yoxud tarixiy xatolarning takrorlanishimi? Mazkur uchrashuvni ayrim siyosatshunoslar va xalqaro OAV allaqachon "Yalta–2", yaʼni yangi jahon tartibotining shakllanishiga asos solishi mumkin boʻlgan tarixiy anjuman sifatida talqin qilmoqda.

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirib urush boshlaganiga ham 4 yildan oshib ketdi. Kiyevni 3 kunda bosib olishni daʼvo qilgan agressor yuz minglab jonli kuchni ayamay oʻlim oʻchogʻiga tashlayotganiga qaramasdan, hatto Donbass viloyatini ham toʻliq qoʻlga kirita olmayapti. Bunga oʻzining kuchi hali-beri yetmasligiga amin boʻlgan Rossiya yetakchisi Vladimir Putin endi Xitoy va AQShning pinjiga tiqilib, Ukraina prezidentini shunday yon berishga majburlamoqchi.

Tan olish kerak, AQShda Ukrain yetakchisi Vladimir Zelenskiyga taʼsir koʻrsatish uchun keragidan ortiq pishanglar bor – qurol yarogʻ taʼminoti, geosiyosiy taʼsir va hokazo. Shu bois, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham soʻnggi paytlarda muayyan shartlar asosida hududiy masalalarni umumxalq referendumiga qoʻyish imkoniyatini istisno etmayapti. Xususan, Reuters agentligining 2026 yil 14 noyabrdagi xabariga koʻra, Abu-Dabidagi muzokaralar chogʻida AQSh vakillari Ukrainaning NATOga aʼzo boʻlishi evaziga Donbassning Kiyev nazoratida qolgan hududlaridan Ukraina qoʻshinlarini olib chiqish imkoniyati masalasini koʻtargan. Zelenskiy ishonchli xavfsizlik kafolatlari, kuchli milliy armiyani saqlab qolish va mamlakatni qayta tiklash uchun moliyaviy koʻmakni nazarda tutuvchi keng qamrovli kelishuvga erishilgan taqdirda, uni umumxalq referendumiga qoʻyishga tayyorligini bildirgan. Lekin u Ukraina hududlarini Rossiyaniki sifatida tan olishni rad etgan.

Ukraina masalasi shu paytgacha koʻplab diplomatik maydonlarda va turli formatlarda muhokama qilindi. Biroq urushni toʻxtatish va yakuniy sulhga yaqin ham kelinmadi. Chunki mojaroning har ikki tomoni ham oʻzini haq deb hisoblayapti va bir-biriga tamoman qarama-qarshi pozitsiyalarda turibdi. Qolaversa, Trampning gʻayrioddiy qoʻllovidan ruhlangan, joniga qasd qilishlaridan qoʻrqib oʻzini bunkerda ihotalab olgani bois reallikdan uzilib qolgan yoki qoʻmondonlarining “urra-urrachilik” ruhidagi (balki uning gʻazabidan qoʻrqib) qalbaki gʻalaba hisobotlariga ishonib qolgan Putinning geosiyosiy ishtahasi tobora hakalak otib ketyapti. Rossiya yetakchisi avvalgi talablariga qoʻshimcha ravishda endi NATOdan Markaziy Osiyoga burun suqmaslik va 1997 yilgi chegaralarga qaytishni, hatto Finliyandiyaning NATOdan chiqib ketishini talab qilyapti.

(Kezi kelganda aytish joiz, Putin “NATOning Sharqqa tomon kengayishining oldini olish uchun Ukrainaga urush ochdim” deya casus belli (lat. “urush ochishga bahona”) koʻrsatganiga qaramasdan, uning maqsadiga zid ravishda Putin Finliyandiya va Shvetsiyaning NATO quchogʻiga otilib, Moskva zoʻravonligidan panoh soʻragani – Putin faoliyatidagi eng sharmandali va alamli magʻlubiyat boʻlgan edi).

Yangi paydo boʻlgan, ammo ishonch kam umid

Shu kunlarda jahon siyosati navbatdagi tarixiy sinovga guvoh boʻlishi mumkin. Joriy yilning 19 noyabr kuni Xitoyning Shenchjen shahrida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp, Xitoy raisi Si Szinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uch tomonlama uchrashuvi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur uchrashuvni ayrim siyosatshunoslar va xalqaro OAV allaqachon «Yalta–2», yaʼni yangi jahon tartibotining shakllanishiga asos solishi mumkin boʻlgan tarixiy anjuman sifatida talqin qilmoqda.

Biroq voqelikning siyosiy, tarixiy va axloqiy mohiyatini chuqurroq tahlil qilsak, bunday qiyos asosli ekaniga jiddiy shubha tugʻiladi.

Shenchjen uchrashuvi haqiqatan ham 1945 yilgi Yalta (Qrim) konferensiyasining zamonaviy koʻrinishimi? Ehtimol u 1939 yilda imzolangan, insoniyat tarixidagi eng sharmandali va adolatsiz geosiyosiy bitimlardan biri — Molotov — Ribbentrop paktiga oʻxshash natijaga olib kelar? Bu savolning javobi uchrashuv ishtirokchilarining sonida emas, balki ular qanday maqsadlarni koʻzlayotgani, kimning manfaatlari himoya qilinayotgani va kimning taqdiri uning ishtirokisiz hal etilishi mumkinligidadir.

Yalta: gʻoliblar konferensiyasi va uning ziddiyatli merosi

1945 yilning 4–11 fevral kunlari Qrimda boʻlib oʻtgan Yalta konferensiyasida AQSh prezidenti Franklin Delano Ruzvelt, Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill va SSSR rahbari Iosif Stalin ishtirok etgan. Oʻsha paytda natsistlar Germaniyasining harbiy magʻlubiyati muqarrar boʻlib qolgan edi. Ittifoqchilar urushning yakuniy bosqichi, Germaniyaning kelajagi, okkupatsiya hududlari, reparatsiyalar hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotini shakllantirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilgan.

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?
Urushdan keyingi dunyo tartiboti va xalqaro xavfsizlik masalalarini muhokama qilgan uch buyuk davlat rahbari Yalta konferensiyasida (chapdan oʻngga): Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill, AQSh prezidenti Franklin Delano Ruzvelt va SSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi Iosif Stalin. Qrim, Yalta, 1945 yil fevral.

Shenchjen bilan Yalta oʻrtasidagi eng prinsipial farq shundaki, 1945 yilgi konferensiyada oʻsha paytda ittifoqchilar qarshi kurashayotgan asosiy agressor — natsistlar Germaniyasining rahbari Adolf Gitler ishtirok etmagan. Shenchjen sammitida esa agressor va buzgʻunchining oʻzi - Putin gʻoʻddayib oʻtirmoqchi. Bu Yalta konferensiyasida Adolf Gitlerning AQSh va Buyuk Britaniya yetakchilari bilan kekkayib suratga tushishi bilan qiyoslash mumkin.

Shuningdek, Yaltada agressiyani toʻxtatish va agressorning harbiy qudratini bartaraf etish masalasi muhokama qilingan boʻlsa, Shenchjenda Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlagan davlat rahbarining oʻzi jahonning boshqa ikki yirik davlati yetakchilari bilan teng diplomatik maqomda muzokara olib bormoqchi.

Yaltada urushdan keyingi Yevropani tiklash va tinchlik masalasi kun tartibida turgan boʻlsa, Shenchjenda agressor Putinning adolatsiz istagini qoniqtirishga urinish bordek. Bu xuddi bogʻchada zoʻravon bola kuchsizroq bolaning oʻyinchogʻini tortib olishga urinib, kuchi yetmaganidan keyin bogʻcha opadan madad soʻrashiga oʻxshaydi. Afsuski, Shenchjenda “bogʻcha opa” zoʻravonga oʻyinchoqni tortib olib berishini kutishyapti.

Shu bilan birga, Yalta konferensiyasini mutlaq adolat tantanasi sifatida tasvirlash ham tarixiy haqiqatga zid boʻlar edi. Stalin boshchiligidagi SSSR 1939–1940 yillarda qoʻshni mamlakatlarga nisbatan agressiv siyosat yuritganini unutmaslik kerak.

Yaltada Polsha chegaralari va siyosiy kelajagiga oid qarorlar uning mustaqil vakillari ishtirokisiz qabul qilindi. Sharqiy Yevropada kommunistik Sovet Ittifoqi taʼsirining kuchayishiga zamin yaratildi. Konferensiyada erkin saylovlar oʻtkazish majburiyati belgilanganiga qaramay, keyinchalik mintaqada kommunistik rejimlar oʻrnatildi.

Demak, Yaltaning merosi ikkiyoqlama: bir tomondan, u fashizm ustidan gʻalaba va BMTning tashkil etilishiga xizmat qilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, u bir qator xalqlarning siyosiy erkinligi cheklanishiga olib kelgan geosiyosiy murosalarni ham oʻzida mujassamlashtirgan.

Molotov — Ribbentrop pakti: yashirin bitimning fojiali oqibatlari

Shu oʻrinda yuqorida zikr etilgan Molotov — Ribbentrop paktiga biroz toʻxtalish foydali boʻladi. 1939 yil 23 avgustda Moskvada Germaniya va Sovet Ittifoqi oʻrtasida hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Tarixga Molotov — Ribbentrop pakti nomi bilan kirgan ushbu hujjatni SSSR tashqi ishlar xalq komissari Vyacheslav Molotov va Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoaxim fon Ribbentrop imzolagan.

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?

Rasman ikki davlat oʻzaro hujum qilmaslik majburiyatini olgan. Biroq shartnomaga ilova qilingan maxfiy bayonnomada Sharqiy Yevropa hududlarini Germaniya va SSSRning taʼsir doiralariga ajratish kelishib olingan edi.

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?
Stalin va Ribbentrop imzolari tushirilgan Polshani taqsimlash xaritasi (1939 yil 28 sentabr).

Polsha, Finlyandiya, Boltiqboʻyi mamlakatlari va Bessarabiya taqdiri ularning roziligisiz muhokama qilingan.

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?
Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?
Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?
Molotov — Ribbentrop pakti.

Shartnoma imzolanganidan toʻqqiz kun oʻtib, 1939 yil 1 sentabrda Germaniya Polshaga bostirib kirdi. 17 sentabrda esa Sovet qoʻshinlari Polshaning sharqiy hududlariga kirdi. 28 sentabrda Germaniya va SSSR oʻrtasidagi navbatdagi bitim hududiy taqsimotni yanada mustahkamladi. Keyinchalik Finlyandiyaga qarshi Sovet urushi, Boltiqboʻyi davlatlarining SSSR tomonidan bosib olinishi va anneksiya qilinishi mazkur geosiyosiy kelishuvning qanday oqibatlarga olib kelganini koʻrsatdi. Molotov — Ribbentrop pakti Ikkinchi jahon urushining yagona sababi emas edi. Biroq u Gitlerning Polshaga hujum qilishi uchun qulay strategik sharoit yaratgan muhim omillardan biri boʻldi va bunga qonxoʻr va zolim Stalin sababchi boʻlgan edi.

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?
SSSR rahbari Iosif Stalin va natsistlar Germaniyasi tashqi ishlar vaziri Yoaxim fon Ribbentrop. Moskva, Kreml, 1939 yil 23 avgust. Credits: The Daily Telegraph, 1939.

Umuman, Gitler Stalinni laqillatishning uddasidan chiqqan. Sovetlarning fashistlar bilan aloqasi 1941 yilgacha yaxshi boʻlgan. 1941 yilning 1 may kuni — natsistlar Germaniyasining Sovet Ittifoqiga bostirib kirishidan atigi 52 kun avval — Xalqaro mehnatkashlar birdamligi kuni munosabati bilan Moskvadagi Qizil maydonda anʼanaviy harbiy parad oʻtkazilgan edi.

Yalta uchrashuvimi yoki Molotov-Ribbentrop pakti?

Paradga taklif etilgan xorijiy mehmonlar va diplomatlar orasida natsistlar Germaniyasining vakillari, jumladan, Germaniyaning SSSRdagi harbiy attashesi general Ernst-Avgust Kyostring, uning yordamchisi polkovnik Gans Krebs hamda Germaniya elchisi Fridrix Verner fon der Shulenburg ham bor edi. Tarixiy kinoxronika kadrlarida german harbiylari sovet harbiy qoʻmondonlari va diplomatlari davrasida aks etgan.

Oʻsha davrda SSSR va Germaniya oʻrtasida 1939 yil 23 avgustda imzolangan Molotov — Ribbentrop pakti — oʻzaro hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma, shuningdek, 1939 yil 28 sentabrda imzolangan «Doʻstlik va chegara toʻgʻrisida»gi shartnoma amal qilar edi. Shu bois Germaniyaning diplomatik va harbiy vakillari Moskvada oʻtkaziladigan rasmiy tadbirlarga diplomatik korpus aʼzolari sifatida taklif etilardi. Oʻsha kuni Lenin mavzoleyi minbarida Iosif Stalin, Mixail Kalinin, Vyacheslav Molotov, Kliment Voroshilov va SSSRning boshqa oliy rahbarlari hozir boʻlgan. Harbiy paradni SSSR mudofaa xalq komissari, Sovet Ittifoqi marshali Semyon Timoshenko qabul qilgan.

Tarixning achchiq kinoyasi shundaki, Moskvada sovet rahbariyati natsistlar Germaniyasining vakillarini rasmiy mehmon sifatida kutib olayotgan bir paytda, Gitler SSSRga qarshi «Barbarossa» harbiy operatsiyasi rejasini allaqachon tasdiqlagan va Germaniya qoʻshinlari keng koʻlamli bosqinchilik urushiga jadal tayyorgarlik koʻrayotgan edi. Oradan atigi 52 kun oʻtib, 1941 yil 22 iyunda Germaniya Sovet Ittifoqiga bostirib kirdi.

Agressor bilan boshqa xalqlar manfaatlari hisobiga tuzilgan bitim barqaror xavfsizlik kafolatini bermasligi ayon boʻldi. 1939 yilning asosiy sabogʻi shundan iboratki, agressorning hududiy ishtahasini qondirish orqali tinchlikni taʼminlash siyosati koʻpincha yangi agressiya uchun sharoit yaratadi.

Shenchjen sammiti: uch rahbar, uch xil strategik maqsad

Yana Shenchjen sammitiga qaytsak.

Bir qarashda, boʻlajak uchrashuvning tashqi koʻrinishi uch buyuk davlatning umumiy manfaatlar yoʻlida birlashuvini eslatishi mumkin. Ammo aslida Vashington, Pekin va Moskvaning maqsadlari oʻrtasida jiddiy tafovutlar mavjud.

Masalan, Donald Trampning asosiy maqsadlari - siyosiy nufuz va diplomatik gʻalaba izlash xolos. Bu yoʻlda Ukrainani qurbon qilib yuborish ham Trampning vijdonini unchalik bezovta qilmasa kerak. Urushib qolgan ikki odamni yarashtirib qoʻyishda, sarkashrogʻidan koʻra, eng kuchsizrogʻini unga zararli shartlar asosida sulhga koʻndirish osonroq boʻlishini Tramp yaxshi biladi.

Buning ustiga, joriy yil 3 noyabrdagi oraliq saylovlarda demokratlarning Kongressning har ikki palatasida koʻpchilik oʻrinlarni qoʻlga kiritishi Trampning ichki siyosiy mavqeini bir qadar zaiflashtirdi. AQSh yetakchisining oʻzi ham The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida Eron atrofidagi vaziyat respublikachilarning saylovlardagi muvaffaqiyatsizligining asosiy omiliga aylanganini tan olib, energiya narxlarining oshishi fonida saylovchilar orasida partiyaning qoʻllab-quvvatlashini susaytirganini taʼkidlagan. Shu bois, Eron bilan urush, iqtisodiy muammolar, tashqi savdodagi ziddiyatlar sharoitida AQSh prezidentiga yirik diplomatik muvaffaqiyat zarur.

Tabiiyki, Vashingtonning asosiy maqsadlaridan biri — Rossiya va Xitoyni yadroviy qurollar ustidan nazorat boʻyicha yangi muzokaralarga jalb qilishdir. 2026 yil 5 fevralda AQSh va Rossiya oʻrtasidagi strategik hujum qurollarini cheklashga qaratilgan New START shartnomasining amal qilish muddati tugadi. Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti — SIPRI maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil boshida Rossiya ixtiyorida taxminan 5420 ta, AQShda 5042 ta, Xitoyda esa 620 ta yadroviy kallak boʻlgan.

Bunday notenglik sharoitida Pekinni Moskva va Vashington bilan bir xil cheklovlarga rozi qilish oson emas. Tramp uchun yana bir ehtimoliy maqsad — Ukrainadagi urushni tezroq toʻxtatib, oʻzini muvaffaqiyatli tinchlikparvar rahbar sifatida namoyon etishdir.

Afsuski, urushni tez yakunlash bilan adolatli va barqaror tinchlik oʻrnatish – bitta narsa emas!

Si Szinpin: global nufuz va strategik ehtiyotkorlik

Shenchjen uchrashuvi Xitoy uchun oʻzini jahon siyosatining yetakchi markazlaridan biri sifatida namoyon etish imkoniyati boʻlishi mumkin. Albatta rasmiy Pekin AQSh bilan savdo munosabatlarini barqarorlashtrish, ilgʻor texnologiyalar eksportiga qoʻyilgan cheklovlarni yumshatish va Rossiya bilan strategik hamkorlikni saqlab qolishdan manfaatdor. Biroq Xitoyning Ukraina masalasidagi ehtiyotkorligi eʼtiborga molik.

Reuters maʼlumotlariga koʻra, Pekin Ukrainadagi urush masalasini uch tomonlama uchrashuv kun tartibiga kiritishga qarshilik bildirgan. Xitoyning rasmiy diplomatik pozitsiyasi esa davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyiliga asoslanishini taʼkidlab keladi. Shuning uchun Xitoyning boshqa mamlakat hududlarini uning roziligisiz taqsimlashga qaratilgan ehtimoliy bitimda ishtirok etishi oʻzining rasmiy pozitsiyasiga ham zid boʻlar edi. Zero, Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan olmaslik, Tayvan borasida ham ayni munosabatga roziligini anglatadi chunki.

Putin: harbiy harakatlar natijasini siyosiy yutuqqa aylantirish istagi

Moskva uchun Shenchjen sammitining eng muhim jihati — Ukraina masalasida oʻz shartlarini ilgari surish va Rossiyaning buyuk davlat sifatidagi maqomini mustahkamlash imkoniyatidir. Putinning Tramp va Si Szinpin bilan bir stol atrofida oʻtirishining oʻziyoq Kreml uchun muayyan propagandistik yutugʻi hisoblanadi. Moskva, ehtimol, bosib olingan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolish, sanksiyalarni yumshatish va Ukrainaning kelajakdagi xavfsizlik yoʻnalishlariga taʼsir koʻrsatishga intiladi. Agar Rossiya harbiy kuch ishlatish orqali erishgan hududiy natijalarini diplomatik muzokaralarda boshqa yirik davlatlarga tan oldira olsa, bu nafaqat Ukraina, balki butun xalqaro huquq tizimi uchun xavfli pretsedent boʻlur edi.

Agressorni muzokaraga jalb qilish va agressiyani qonuniylashtirish oʻrtasidagi farq

2022 yil 2 martda BMT Bosh Assambleyasi 141 davlatning ovozi bilan qabul qilgan ES-11/1 rezolyutsiyasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlari agressiya sifatida baholandi. 2023 yil 17 martda Xalqaro jinoyat sudi ukrainalik bolalarni gʻayriqonuniy deportatsiya qilish va koʻchirish bilan bogʻliq ehtimoliy harbiy jinoyatlar yuzasidan Vladimir Putinni hibsga olish uchun order chiqardi. Bu order sudning yakuniy ayblov hukmi emas, ammo jiddiy xalqaro-huquqiy ahamiyatga ega.

Tabiiyki, urushni toʻxtatish uchun agressor davlat rahbariyati bilan ham muzokara olib borish zarur boʻlishi mumkin. Biroq muzokaralar agressiyani toʻxtatish vositasi boʻlishi kerak, uning natijalarini qonuniylashtirish vositasi emas. 16 noyabr kuni Tramp Putin Ukraina masalasida biroz chekinayotganini, aslida u yanada qattiqqoʻl boʻlishi mumkinligini bildirdi. Bunday bayonot diplomatik muhitni yumshatishga qaratilgan boʻlishi mumkin. Ammo Putin pozitsiyasining haqiqatan oʻzgarganini soʻzlar emas, harbiy harakatlarning toʻxtatilishi, aniq majburiyatlar va ularning bajarilishi isbotlashi lozim.

Ukrainasiz Ukraina taqdirini hal etish mumkinmi?

Shenchjen uchrashuvining eng jiddiy siyosiy va axloqiy muammosi — Ukraina hamda Yevropa vakillarining unda ishtirok etmasligidir. Toʻgʻri, AQSh, Rossiya va Xitoy oʻzlariga daxldor yadroviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va boshqa masalalarni mustaqil muhokama qilish huquqiga ega. Ammo Ukrainaning hududiy yaxlitligi, davlat suvereniteti va kelajakdagi xavfsizlik tizimi haqida uning ishtirokisiz majburiy qarorlar qabul qilinishi mutlaqo boshqa masala.

BMT Nizomining 2-moddasi davlatlarning suveren tengligini belgilaydi hamda ularning hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatishni taqiqlaydi. Shuningdek, 1969 yilgi Xalqaro shartnomalar huquqi toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasining 34-moddasiga muvofiq, shartnoma uchinchi davlatning roziligisiz unga huquq yoki majburiyatlar yuklamaydi.

Shu maʼnoda, Yevropa Ittifoqi rahbariyatining 13 noyabrda Ukrainaning oʻz hududi va suverenitetiga oid masalalarni mustaqil hal qilish huquqini yana bir bor tasdiqlagani muhim ahamiyatga ega. Noyabr oyida Abu-Dabida Ukraina ishtirokida oʻtkazilgan muzokaralar va asirlar almashinuvi boʻyicha erishilgan dastlabki kelishuvlar ham manfaatdor tomonlar bevosita ishtirok etadigan diplomatiyaning amaliy imkoniyatlarini koʻrsatmoqda.

Yangi geosiyosiy paktning Markaziy Osiyo uchun xavfi

Mazkur uchrashuvning ehtimoliy oqibatlari faqat Yevropa bilan cheklanmaydi. Agar buyuk davlatlar kichik va oʻrta davlatlarning tashqi siyosiy yoʻnalishini belgilash, ularning hududlarini taqsimlash yoki suveren qarorlariga aralashish huquqini oʻzida mujassamlashtira boshlasa, bunday tartibot Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham jiddiy tahdidga aylanadi.

Jahon OAVlarining xabar berishicha, Abu-Dabida Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida Rossiya tomoni NATOga nisbatan qator talablar bayon etilgan norasmiy hujjatni taqdim etgan. Mazkur hujjatda nafaqat Ukraina va Yevropa xavfsizligi, balki Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz davlatlarining milliy manfaatlariga bevosita daxldor talablar ham oʻrin olgan.

Jumladan, Moskva NATOning Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Sharqiy Yevropa va Ukrainadagi harbiy faoliyatini toʻliq toʻxtatishni, alyansning harbiy kuchlari va infratuzilmasini 1997 yildagi holatiga, yaʼni uning Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari hisobiga kengayishidan avvalgi darajaga qaytarishni, NATOning bundan buyon kengayishidan voz kechishni hamda Gʻarb davlatlari tomonidan Ukrainaga qurol-yarogʻ yetkazib berilishini toʻxtatishni talab qilmoqda.

Mazkur talablar, mohiyatan, Rossiyaning 2021 yil dekabr oyida AQSh va NATOga «xavfsizlik kafolatlari» nomi ostida taqdim etgan takliflarini takrorlaydi. Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2021 yil 17 dekabrda eʼlon qilingan bitim loyihasining 7-moddasida NATOga aʼzo davlatlarning Ukraina, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo hududlarida har qanday harbiy faoliyat olib borishini taqiqlash nazarda tutilgan edi. Oʻsha paytda NATO rahbariyati Moskvaning mazkur talablarini qabul qilmagan hamda har bir mustaqil davlat oʻz tashqi siyosati, xavfsizlik yoʻnalishlari va xalqaro hamkorlarini erkin tanlash huquqiga ega ekanini taʼkidlagan.

Eʼtiborga molik jihati shundaki, Markaziy Osiyoning barcha besh davlati — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston NATOning «Tinchlik yoʻlida hamkorlik» dasturi ishtirokchilari hisoblanadi. Oʻzbekiston mazkur dasturga 1994 yil 13 iyulda qoʻshilgan. Ushbu hamkorlik NATOga aʼzo boʻlish majburiyatini anglatmaydi hamda harbiy taʼlim, mudofaa sohasini isloh qilish, terrorizmga qarshi kurash va boshqa xavfsizlik yoʻnalishlarini qamrab oladi.

Shu nuqtai nazardan, Rossiyaning mazkur talablari Moskvaning strategik maqsadlari faqat Ukrainadagi urushni oʻz manfaatlariga mos shartlar asosida yakunlash bilan cheklanmasligi, balki sobiq sovet makonidagi geosiyosiy taʼsir doiralarini saqlab qolish va mustahkamlash, shuningdek, Gʻarb davlatlarining ushbu mintaqalardagi harbiy-siyosiy ishtirokini cheklashga ham qaratilgan boʻlishi mumkinligidan dalolat beradi.

Ayniqsa, Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha muzokaralar doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik manfaatlari ularning bevosita ishtirokisiz muhokama qilinayotgani jiddiy xavotirga loyiq. Moskvaning bunday yondashuvi mintaqadagi mustaqil davlatlarning tashqi siyosat va mudofaa sohasida suveren qarorlar qabul qilish huquqini cheklashga qaratilgan geosiyosiy intilish sifatida baholanishi mumkin.

Agar Rossiyaning mazkur talablari ehtimoliy xalqaro kelishuvlarda oʻz aksini topsa, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining koʻp vektorli tashqi siyosat yuritish, xalqaro harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlik sohasidagi sheriklarini mustaqil tanlash hamda tashqi tahdidlarga qarshi milliy mudofaa salohiyatini mustahkamlash imkoniyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Chunki, Oʻzbekiston va mintaqanng boshqa mustaqil davlatlari uchun xalqaro huquq, hududiy yaxlitlik, suveren tenglik va koʻp tomonlama diplomatiya tamoyillari milliy xavfsizlikning muhim ustunlari hisoblanadi. Taʼsir doiralariga asoslangan jahon tartiboti esa mustaqil tashqi siyosat yuritish imkoniyatlarini toraytirishi, iqtisodiy va harbiy-siyosiy bosimlarni kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun Ukraina suvereniteti masalasi aslida barcha mustaqil davlatlarning suvereniteti masalasi hamdir.

Shenchjen sammiti qanday natija berishi mumkin?

Birinchi ssenariyga koʻra, sammit yakunida cheklangan diplomatik natijaga erishiladi. Eng ehtimolli ssenariyda rahbarlar strategik barqarorlik, yadroviy xavfsizlik va keyingi muzokaralarni davom ettirish boʻyicha umumiy bayonot bilan cheklanadi.

Ikkinchi ssenariy amalga oshsa, manfaatlar almashinuviga asoslangan geosiyosiy savdolashuvga guvoh boʻlamiz. Toʻgʻri, Ayrim iqtisodiy, harbiy yoki siyosiy masalalar boʻyicha oʻzaro yon berishlar ham kuzatilishi mumkin. Agar bunday savdolashuvga Ukraina manfaatlari ham kiritilsa, 1939 yildagi Molotov — Ribbentrop paktiga oʻxshash siyosiy mantiq namoyon boʻladi.

Uchinchi ssenariyda esa yangi global ziddiyatlar davri boshlanadi. Tomonlar yadroviy qurollar, Ukraina, texnologiyalar va savdo masalalarida kelisha olmasa, qurollanish poygasi hamda yirik davlatlar oʻrtasidagi raqobat yanada kuchayib ketishi ehtimoldan holi emas.

Lekin hozircha uch davlat oʻrtasida dunyoni taʼsir doiralariga taqsimlashga qaratilgan aniq kelishuv mavjudligini tasdiqlovchi ishonchli dalillar yoʻq. Ularning strategik manfaatlari oʻrtasidagi ziddiyatlar ham keng qamrovli pakt tuzilishi ehtimolini pasaytiradi.

Xulosa: insoniyatga yangi Yalta emas, adolatli tinchlik kerak

Shenchjen uchrashuvini hozirdanoq «Yalta–2» deb atash shoshma-shosharlik boʻlur edi. Uni Molotov — Ribbentrop paktiga tenglashtirish ham hozircha xato boʻladi. Chunki hali sammit boshlanmadi.

Shu byuois, mazkur sammit agressiyani toʻxtatish, xalqaro huquqni tiklash va yadroviy xavfni kamaytirishga xizmat qilsa, u konstruktiv diplomatik voqeaga aylanishi mumkin. Lekin u agressorni ragʻbatlantirish, mustaqil davlatlarning taqdirini ularsiz hal qilish, hududlarni harbiy kuch bilan egallash natijalarini tan olish vositasiga aylansa, unda Shenchjen sammitini Yalta konferensiyasidan koʻra, Molotov — Ribbentrop paktiga oʻxshatish adolatli boʻladi.

Zero, tarixdan malumki, adolatsiz murosayu-madora urushni vaqtincha toʻxtatishi mumkin, ammo uni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf eta olmaydi. Bugun jahon hamjamiyati oldida turgan asosiy tanlov - Vashington, Pekin va Moskva oʻrtasida emas. Asosiy tanlov — xalqaro huquq ustuvorligi bilan kuch huquqi ustuvorligi oʻrtasidadir.

Ertaga buyuk davlatlar oʻz qudratini boshqa xalqlarning taqdirini belgilash huquqi deb tushunsa, insoniyat yana XX asrdagi eng fojiali xatolarini yana takrorlashi mumkin. Zero, tinchlik - agressorga beriladigan mukofot emas, balki barcha xalqlarning erkinligi, xavfsizligi va suverenitetiga asoslangan xalqaro tartibot omili boʻlishi shart!

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid