Xorvatiyada ishlash uchun viza soʻragan 50 dan ortiq oʻzbekistonlikning mehnat shartnomasi soxta boʻlib chiqdi
Migratsiya agentligi bunday holatlarning oqibati jiddiy ekanini bildirib, agar vakolatli organlar alohida qaror chiqarsa, nafaqat Xorvatiya, balki Shengen hududiga kirish bir necha yilga taqiqlanishi ham mumkinligini maʼlum qildi.

Xorvatiyada ishlash uchun viza soʻragan 50 nafardan ortiq oʻzbekistonlik taqdim etgan mehnat shartnomalari tekshiruvda soxta boʻlib chiqdi.
Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolarning 17 nafari hujjatlarini xususiy bandlik agentliklari orqali topshirgan, barcha arizalar rad etilgan. Agentlik bunday holatlarning oqibati jiddiy ekanini bildirib, agar vakolatli organlar alohida qaror chiqarsa, nafaqat Xorvatiya, balki Shengen hududiga kirish bir necha yilga taqiqlanishi ham mumkinligini maʼlum qildi.
“Firibgarlik koʻpincha internetdagi oddiy yozishmalardan, yaʼni Telegram, Instagram va WhatsApp orqali boshlanadi. Sizga xorijda tayyor ish bor deb shartnoma yuborishadi, chiroyli vaʼdalar berishadi, oson suhbat qilishadi va hech qanday kasb va xorijiy til kerak emas deb aytishadi”, deya eʼtiborli boʻlishga chaqirdi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, shunchaki vizaning oʻzi ishga joylashish degani emas. Konsalting firmalar xorijda ishga joylashtirishni tashkillashtirish huquqiga ham ega emas. Bu faoliyat bilan xorijga ishga joʻnatishni tashkillashtirish boʻyicha maxsus litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari shugʻullanadi.
Fuqaroning qayerda ishlashi, qancha maosh olishi va mehnat shartlari ish beruvchi bilan tuziladigan shartnomasidagina koʻrsatiladi. Shartnomada yozilmagani uchun ishga joylashtirish boʻyicha ogʻzaki vaʼdani hech qachon isbotlab boʻlmaydi. Agentlik fuqarolarni shartnoma boʻyicha firma aynan qaysi xizmatni zimmasiga olayotganini, albatta,tekshirishga chaqirdi.
Shartnoma soxta yoki haqiqiy ekanligini qanday bilish mumkin?
Migratsiya agentligiga koʻra, xorijiy ish beruvchining shartnomasi soxta yoki haqiqiy ekanini bilishning bepul yechimi ham bor. Migratsiya agentligi va ICMPD hamkorligida tashkil etilgan migratsiya resurs markazi shartnomani tekshirib beradi hamda xavfsiz va qonuniy mehnat mobilligi boʻyicha yoʻl-yoʻriq ham koʻrsatadi. Buning uchun quyidagi raqamga qoʻngʻiroq qilish lozim: +998 90 819-06-25



