Toshkentdan Ashxobodga muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi mumkin
Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayev Turkmaniston elchisi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston poytaxtlari oʻrtasida aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi mumkin.
2026 yil 18 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayev Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Shodurdi Meredov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, xalqaro yuk tashuvlarini yengillashtirish va chegara oʻtkazish punktlari faoliyatini takomillashtirish masalalari qayd etildi.
Xususan, Toshkent–Ashxobod–Toshkent yoʻnalishida muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish hamda chegaradosh hududlar aholisining 2004 yilgi hukumatlararo bitim doirasida nazarda tutilgan uch sutkagacha vizasiz qatnovini tiklash masalalari muhokama qilindi.
Konsullik sohasida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, vakolatli idoralar oʻrtasida axborot almashinuvini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalarni tegishli idoralar bilan birgalikda ishlab chiqish va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.





