platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Samarqandda bolasini 85 ming dollarga sotmoqchi boʻlgan ayolga jazo tayinlandi

Ayol Samarqanddagi OTMlardan birining beshinchi bosqichida tahsil olgan. 2025 yil noyabr oyida uchinchi farzandiga homilador boʻlgan. Homiladorligi davrida turmush oʻrtogʻi bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelgani sababli ota-onasining uyida yashagan. Oradan vaqt oʻtib, oila moddiy jihatdan qiynalgach, erkak ayoliga bolani sotishni taklif qilgan.

Samarqandda bolasini 85 ming dollarga sotmoqchi boʻlgan ayolga jazo tayinlandi

Samarqand shahrida yangi tugʻilgan chaqalogʻini 85 ming dollarga sotmoqchi boʻlgan ayolga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda sud hujjatida maʼlum qilingan.

Aniqlanishicha, 1999 yilda tugʻilgan ayol Samarqanddagi OTMlardan birining beshinchi bosqichida tahsil olgan. 2025 yil noyabr oyida uchinchi farzandiga homilador boʻlgan. Homiladorligi davrida turmush oʻrtogʻi bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelgani sababli ota-onasining uyida yashagan.

2026 yil iyul oyi boshida Telegram’dagi “Surrogat ona” guruhiga qoʻshilgan. Shundan soʻng oʻzini “Odina” deb tanishtirgan va guruh admini ekanini aytgan shaxs unga yozib, homiladorligini bilgach, bola sotib olmoqchi boʻlgan oila borligini aytgan. Ularga tez orada tugʻiladigan chaqaloq kerakligi va buning uchun 70 mingdan 90 ming dollargacha berishlari mumkinligini bildirgan. Keyin ayol bilan boshqa shaxslar bogʻlanib, bolani 90 ming dollarga olishlarini aytgan.

Erkakning onasi avvaliga ularning turmush qurishiga qarshi boʻlgan, chaqaloq tugʻilgach esa uni ham qabul qilishni istamagan. Oradan vaqt oʻtib, oila moddiy jihatdan qiynalgach, u ayoliga bolani sotishni taklif qilgan.

Iyul oyi oxirlarida ayol Samarqanddagi tugʻuruqxonada jarrohlik amaliyoti orqali oʻgʻil farzandli boʻlgan. Tugʻruqdan keyin oʻzini videoga olib, avval gaplashgan shaxslarga yuborgan va bolasini bermasligini, fikridan qaytganini bildirgan.

Biroq u suhbatlashgan ayol uning videosini Telegram guruhiga tarqatib, “pul olib, bolani bermagan firibgar” sifatida koʻrsatish bilan qoʻrqitgan. Sudlanuvchi bundan choʻchib, ayolga tugʻuruqxona manzilini yuborgan.

Shundan soʻng tugʻuruqxona oldiga avtomobilda ikki erkak va bir ayol kelgan. Ular pulni faqat chaqaloqni koʻrganlaridan keyingina berishlarini aytib, ayoldan bolani tashqariga olib chiqishni talab qilgan. U shifokorlar ruxsat bermasligini bildirganiga qaramay, mashinadagilar oʻz soʻzida turib olgan.

Shundan keyin sudlanuvchi shifokorlarga bolasini Toshkentga olib ketishini bildirib, uning uchun oʻzi javobgar ekani haqida tilxat yozgan va chaqaloqni tashqariga olib chiqqan. Chaqaloqni mashinaga olib chiqqanidan keyin u yerdagi ayolning talabiga koʻra yana bir tilxat yozib bergan.

Shundan keyin ular bola uchun 85 ming dollar berishlarini aytib, bir taxlam pul uzatgan. Sudlanuvchi pulni olayotgan vaqtida Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan.

Ayol sudda aybini toʻliq tan olib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgani, farzandlari qaramogʻida ekani va sogʻligʻida muammolar borligini aytib, qamoq bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashni soʻragan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudi ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “b” bandi (odam savdosi) bilan aybdor deb topgan. Unga JKning 57-moddasi qoʻllanib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq sud Jinoyat Kodeksining 72-moddasiga asosan tayinlangan jazoni shartli qoʻllab, ayolga uch yil sinov muddati belgilagan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid