Putin va Si Szinpinning bir piyola choy ustidagi uchrashuvi: sahna ortida qanday masalalar muhokama qilingan boʻlishi mumkin?
Bir piyola choy ustidagi suhbatni Putin va Si Szinpin oʻrtasidagi norasmiy diplomatiyaning oʻziga xos ramzi, deyish mumkin. Biroq Shenchjendagi uchrashuv dasturiga oid maʼlumotlarga koʻra, rasmiy muzokaralardan keyin muloqot alohida choy marosimida emas, balki tor doiradagi ishchi nonushta shaklida davom etgan. Bu muhim jihat. Chunki bunday format, odatda, oshkora bayonotlarga kiritilmaydigan nozik masalalarni muhokama qilish imkonini beradi.

2026 yil 18 noyabr kuni Shenchjen shahri jahon diplomatiyasining muhim markaziga aylandi. Bu yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkiloti sammiti doirasida uchrashdi. 19 noyabrda esa ularning muzokaralariga AQSh prezidenti Donald Tramp qoʻshilishi rejalashtirilgan.
Biroq xalqaro kuzatuvchilar eʼtiborini faqat rahbarlarning rasmiy bayonotlari emas, balki diplomatik protokoldagi qiziq bir jihat ham tortdi. Putin Xitoyga kelganida uni aeroportda Si Szinpin shaxsan kutib olmadi. Trampni esa Xitoy rahbari samolyot trapi oldida qarshi oldi.
Bu tasodifmi? Diplomatik protokolning oʻziga xos xususiyatimi? Yoki Xitoy tashqi siyosatida Rossiya va AQShning bugungi oʻrni haqida berilgan nozik siyosiy ishorami?
Diplomatik ishoralar: nega Trampga alohida ehtirom koʻrsatildi?
Xitoy siyosiy madaniyatida ramzlar va ishoralar muhim ahamiyatga ega. Delegatsiyalarni kutib olish tartibi, mezbon amaldorlarning maqomi, muzokara ishtirokchilarining joylashuvi, suhbat davomiyligi va hatto uchrashuv oʻtkaziladigan xona tanlovi ham muayyan siyosiy maʼno anglatishi mumkin.
Vladimir Putinni Shenchjen aeroportida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi Doimiy qoʻmitasi aʼzosi, mamlakatning eng nufuzli rahbarlaridan biri Say Si kutib oldi. South China Morning Post nashri taʼkidlaganidek, bu nihoyatda yuqori darajadagi qabul hisoblanadi. Biroq bu bilan, Putinga nisbatan diplomatik hurmatsizlik qilingani haqida xulosa chiqarish notoʻgʻri. Ammo Trampni Si Szinpinning shaxsan kutib olishi alohida siyosiy ishora boʻldi. Reuters agentligiga koʻra, Xitoy rahbari shu yoʻl bilan sentabr oyida uni Endryus aviabazasida shaxsan qarshi olgan AQSh prezidentiga oʻzaro javob ehtiromi koʻrsatgan. Keyinchalik Tramp bundan minnatdor boʻlganini maʼlum qildi.
Shunday qilib, bu ishoraning birinchi izohi - diplomatik yaqinlik. Biroq voqeaning yanada chuqurroq siyosiy maʼnosi ham bor. Pekin uchun Rossiya muhim strategik hamkor boʻlsa, AQSh Xitoyning asosiy global raqibi hisoblanadi. Shu bilan birga, Vashington bilan munosabatlar xalqaro savdo, texnologiyalar, moliyaviy barqarorlik va xavfsizlik masalalariga bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Shu bois Xitoy rahbari Trampning tashrifiga ataylab alohida ramziy ahamiyat bergan boʻlishi mumkin. Bu Moskva bilan munosabatlar sovuqlashganini anglatmaydi. Aksincha, Pekin Rossiya bilan hamkorlikni mustahkamlash va Vashington bilan mustaqil muloqot olib borish imkoniyatiga ega ekanini namoyish etmoqda.
Bir piyola choy ustida: kameralarsiz nimalar muhokama qilindi?
Bir piyola choy ustidagi suhbatni Putin va Si Szinpin oʻrtasidagi norasmiy diplomatiyaning oʻziga xos ramzi, deyish mumkin. Biroq Shenchjendagi uchrashuv dasturiga oid maʼlumotlarga koʻra, rasmiy muzokaralardan keyin muloqot alohida choy marosimida emas, balki tor doiradagi ishchi nonushta shaklida davom etgan. Bu muhim jihat. Chunki bunday format, odatda, oshkora bayonotlarga kiritilmaydigan nozik masalalarni muhokama qilish imkonini beradi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov 16 noyabrdayoq muzokaralarda Ukraina, Koreya yarimoroli va Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi strategik vaziyat muhokama qilinishini maʼlum qilgan edi. Bundan tashqari, Putin Si Szinpinni AQSh bilan soʻnggi muloqotlar, jumladan, Abu-Dabida Ukraina boʻyicha oʻtkazilgan muzokaralar haqida xabardor qilishi aytilgan.
Shu nuqtai nazardan, mazkur uchrashuvni uch tomonlama sammit oldidan siyosiy pozitsiyalarni oʻzaro muvofiqlashtirish jarayoni sifatida baholash mumkin.
Ukraina: Rossiyani qoʻllab-quvvatlashmi yoki murosaga tayyorgarlikmi?
Hozircha ishonch bilan aytish mumkinki, Ukrainadagi urush muzokaralarning eng nozik mavzularidan biri boʻlgani aniq. Chunki Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov rahbarlar Ukrainadagi mojaroni hal etish masalasiga toʻxtalganini tasdiqladi.
Moskva Xitoy bilan iqtisodiy va diplomatik hamkorlikni saqlab qolishdan manfaatdor. Gʻarb sanksiyalari va davom etayotgan urush sharoitida bu ayniqsa muhim.
Biroq Pekinning oʻz hisob-kitoblari bor. Xitoy Rossiyaning strategik magʻlubiyatidan manfaatdor emas. Chunki bu AQShning xalqaro mavqeini kuchaytirishi mumkin. Shu bilan birga, urushning cheksiz davom etishi ham Pekinga foyda keltirmaydi. Bu xalqaro savdo, investitsiyalar va Yevropa davlatlari bilan munosabatlarga xavf tugʻdiradi. Shu yerda bir ziddiyat boʻladi: Xitoy Rossiyani kuchli strategik hamkor sifatida saqlab qolishni istaydi, ammo Moskva tashqi siyosatining garoviga aylanishni xohlamaydi.
Ehtimol, Si Szinpinni Rossiya qanday shartlarda murosaga borishi va qanday xavfsizlik kafolatlari muzokaralar uchun asos boʻlishi mumkinligi qiziqtirgan boʻlishi ham mumkin.
Uch tomonlama sammit: yangi Yaltami yoki diplomatik tajriba?
Rossiya, Xitoy va AQSh rahbarlarining rejalashtirilgan uchrashuvi allaqachon 1945 yilgi Yalta konferensiyasi bilan qiyoslanmoqda. Bunday oʻxshatishning sababi tushunarli: bu safar uch yirik yadroviy davlat rahbarlari ilk bor ana shunday formatda bir stol atrofida yigʻilishi kutilyapti.
Biroq tarixiy vaziyatlar oʻrtasida jiddiy farqlar mavjud. 1945 yilda ittifoqchilar fashistlar Germaniyasiga qarshi birgalikdagi kurashdan keyin dunyoning urushdan keyingi tartibini muhokama qilgan edilar. Bugun esa Moskva, Pekin va Vashington oʻrtasida koʻplab ziddiyatli nuqtalar bor. Muzokaralarning asosiy mavzulari yadroviy xavfsizlik, Ukraina, xalqaro mojarolar va buyuk davlatlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuvning oldini olish boʻladi.
2026 yil fevralida SNV-III (“Strategik hujum qurollarini qisqartirish haqida”gi) shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin yadroviy qurollarni nazorat qilish masalasi yanada dolzarblashdi.
(Maʼlumot uchun, SNV-III (ingl. New START) -AQSh va Rossiya oʻrtasida strategik hujum qurollarini oʻzaro qisqartirish va cheklash toʻgʻrisidagi ikki tomonlama shartnoma boʻlib, 2010 yil 8 aprelda Pragada imzolangan, 2011 yil 5 fevralda kuchga kirgan va 2026 yil 5 fevralda uning amal qilish muddati tugagan).
Taʼkidlash kerak, Vashington Xitoyni ham qurollanishni cheklash mexanizmlariga jalb etishdan manfaatdor. Pekin esa AQSh va Rossiyaning yadroviy arsenallari Xitoynikidan ancha katta ekanini taʼkidlab keladi. Shuning uchun keng qamrovli yangi kelishuvga erishish ehtimoli past. Strategik barqarorlik boʻyicha cheklangan kelishuvlar ancha real natija boʻlishi mumkin. Qolaversa, dunyoni yangi taʼsir doiralariga boʻlish haqidagi xavotirlarni ham butunlay inkor etib boʻlmaydi. Ammo bular hozircha taxminlar xolos.
Tayvan: muzokaralarning koʻrinmas ishtirokchisi
Tayvan masalasi ham muhim ahamiyatga ega. Xitoy uchun Tayvan suverenitet va milliy xavfsizlik bilan bogʻliq prinsipial masaladir. AQShning Tayvanni qoʻllab-quvvatlashi Pekin va Vashington oʻrtasidagi asosiy ziddiyat manbalaridan biri boʻlib qolmoqda. Rossiya uchun esa Ukraina va NATO bilan munosabatlar ustuvor ahamiyatga ega. Shu sababdan, tomonlar oʻrtasida muayyan yashirin siyosiy kelishuv - bir davlatning pozitsiyasini qoʻllash evaziga ikkinchisining manfaatlariga hurmat koʻrsatishi mumkinligini ham inkor qilib boʻlmaydi. Garchi bunday yozma yoki ogʻzaki kelishuv mavjudligiga oid dalillar yoʻq boʻlsada.
Nima boʻlganda ham, Pekin Moskvadan «yagona Xitoy» tamoyilini qoʻllab-quvvatlashni kutadi. Ammo Ukrainadagi urush bilan Tayvan muammosining bir-biriga bevosita bogʻlab qoʻyilishi Xitoy manfaatlariga mos kelmasligi mumkin. Shuning uchun aniq siyosiy savdolashuvdan koʻra tashqi aralashuvga qarshi bayonotlarni muvofiqlashtirish ehtimoli yuqoriroq. Koreya yarimorolidagi vaziyat va AQShning Osiyodagi harbiy ishtiroki ham alohida muhokama qilinishi ham mantiqqa zid kelmaydi.
Iqtisodiyot: milliardlar bilan oʻlchanadigan doʻstlik
Koʻp qutbli dunyo haqidagi balandparvoz bayonotlar ortida aniq iqtisodiy manfaatlar turibdi. Jumladan, 2024 yilda Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi tovar ayirboshlash rekord darajaga - 244,8 milliard dollarga yetgan. 2025 yilda bu koʻrsatkich taxminan 228,1 milliard dollarga tushdi. Biroq 2026 yilda savdo hajmi yana oʻsdi. Xitoy bojxona maʼlumotlariga koʻra, yanvar–oktabr oylarida ikki tomonlama savdo qariyb 242,5 milliard dollarga yetgan. Bu raqamlar ikki davlat iqtisodiy aloqalarining mustahkamligini, ayni paytda tashqi sharoitlarga bogʻliqligini ham koʻrsatadi.
Rossiya Xitoyga asosan neft, gaz va boshqa xomashyo mahsulotlarini yetkazib beradi.
Xitoy esa Rossiyaga avtomobillar, elektronika, sanoat uskunalari va tayyor mahsulotlarni eksport qiladi. Bunday savdo tuzilmasi muayyan nomutanosiblikni yuzaga keltiradi: Moskva Xitoy bozori va texnologiyalariga ehtiyoj sezadi, Pekin esa savdo hamkorlarini tanlashda kengroq imkoniyatlarga ega.
Shuning uchun yopiq muzokaralarda neft va gaz narxlari, yangi energetika loyihalari, bank hisob-kitoblari, transport yoʻlaklari va texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama qilingan boʻlishi mumkin. Xitoy banklarini Rossiya kompaniyalari bilan ishlashda ehtiyotkorlikka undayotgan ikkilamchi sanksiyalar xavfi ham muhim ahamiyatga ega. Yaqinlda Putin vizasiz rejim sharofati bilan ikki mamlakat oʻrtasidagi sayyohlar oqimi 43 foizga oshganini ham maʼlum qilgan edi. Bu gumanitar aloqalar ham kengayib borayotganini koʻrsatadi.
«Togʻdek mustahkam» munosabatlar nimani anglatadi?
Si Szinpin Rossiya va Xitoy munosabatlarini togʻdek mustahkam deb taʼrifladi.
Putin esa ikki davlat «yelkama-yelka» harakat qilayotganini yana bir bor taʼkidladi.
Bunday siyosiy ritorika bir nechta maqsadga xizmat qiladi. Moskva uchun bu Rossiya xalqaro maydonda yakkalanib qolmaganini namoyish etadi. Pekin uchun esa Gʻarb bosimiga qaramasdan, strategik hamkorlikni davom ettirish niyatini oshkor qildi. Vashington uchun bu Rossiyani Xitoydan toʻliq ajratib qoʻyishga qaratilgan siyosat tez natija bermasligi haqidagi signaldir.
Biroq siyosiy hamjihatlik harbiy ittifoq degani emas. Xitoy oʻzini boshqa davlatlarning urushlariga tortib ketishi mumkin boʻlgan majburiyatlardan qochishga intiladi. Shu bilan birga, mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatini saqlab qolishni xohlaydi. Si Szinpin tashqi siyosatining oʻziga xos jihatlaridan biri aynan shu jihatda oʻz aksini topadi.
Xitoy — yangi geosiyosiy tizimning markazimi?
Muzokaralar oʻtkazilgan shahar ham ramziy ahamiyatga ega.
Shenchjen Xitoyning yetakchi texnologik markazlaridan biri boʻlib, mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti va innovatsiyalar sohasida jahon yetakchisiga aylanish intilishining timsolidir. Putin va Trampni qabul qilish orqali Pekin nafaqat diplomatik mehmondoʻstlikni, balki yirik davlatlar oʻrtasidagi muzokaralar uchun markaziy maydon boʻla olishini ham namoyish etmoqda.
Ehtimol, uchrashuvning asosiy siyosiy ishorasi aynan shunda. Xitoy Rossiya–AQSh muloqotida ikkinchi darajali ishtirokchi emas, balki mustaqil qaror qabul qiluvchi kuch markazi boʻlishni istaydi. Bunday vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston uchun ham yangi imkoniyatlar va xavflarni yuzaga keltiradi. Savdo va transport aloqalarining kengayishi esa mintaqaviy iqtisodiy taraqqiyotni tezlashtirishi mumkin.
Biroq yirik davlatlar raqobatining kuchayishi sanksiyalar, investitsiya loyihalari va mustaqil tashqi siyosat yuritish imkoniyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoldan xoli emas. Shu sababli mintaqamiz davlatlari uchun koʻp vektorli tashqi siyosatni saqlash va Markaziy Osiyoni boshqalarning kelishuv obʼektiga aylantirmaslik ayniqsa dolzarb masala boʻlib qolaveradi.
Abulfayz Sayidasqarov





