Oʻzbekistonlik hamshiralar Germaniyaga ishga chaqirilmoqda: maosh 2050 yevrogacha
Ish vaqti haftasiga 40 soat. Tungi smena, yakshanba va bayram kunlaridagi ish uchun qoʻshimcha haq beriladi.

Germaniyaning Bildung & Beruf GmbH kompaniyasi Oʻzbekiston fuqarolarini nevrologiya va insultga chalingan bemorlarni parvarishlash yoʻnalishida hamshira lavozimiga ishga taklif etmoqda.
Migratsiya agentligining xabar qilishicha, boʻsh ish oʻrinlari 24 ta boʻlib, oylik ish haqi 1 850–2050 yevroni (netto) tashkil etadi. Ish vaqti haftasiga 40 soat. Tungi smena, yakshanba va bayram kunlaridagi ish uchun qoʻshimcha haq beriladi.
Nomzodlarga talablar
Nomzodlar 42 yoshgacha boʻlishi;
-tibbiyot kolleji 3 yillik diplomiga ega boʻlishi;
-hamshiralik sohasida, xususan, nevrologiya va insultga chalingan bemorlarni parvarishlash yoʻnalishida kamida 2 yillik ish tajribasiga ega boʻlishi;
-nemis tilini kamida B1 darajasida bilish va tegishli sertifikatga ega boʻlishi lozim.
Smenali ish tartibida ishlashga jismonan tayyorlik, qizamiqqa qarshi immunitetni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlish ham nomzodlarga qoʻyiladigan talablar qatoriga kiradi.
Kompaniya taqdim etadigan imkoniyatlar
Nemis tilini B1 dan B2 darajasigacha oʻrganish xarajatlari kompaniya tomonidan qoplanadi. Diplomni Germaniyada tan olish va ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishda yordam beriladi. Aeroportdan kutib olinib, transfer xarajatlari qoplanadi.
Fuqaro qonunchilikka muvofiq tibbiy va baxtsiz hodisalardan sugʻurtalanadi. Kamida 24 oylik yoki muddatsiz mehnat shartnomasi tuziladi. Shuningdek, jihozlangan turar joy berilib, ijara xarajatlarining bir qismi kompaniya tomonidan qoplanadi.
Viza uchun ariza va aviachipta xarajatlari nomzod hisobidan Ishga joylashgandan soʻng, xarajatlarning bir qismi Migratsiya jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.
Nomzodlar rezyume, video, baholash testi va onlayn suhbat asosida saralanadi. Ishga qiziqish bildirganlardan arizalar 2026 yil 20 noyabrga qadar quyidagi havola orqali qabul qilinadi.





