"Jadidlar izidan" tanlovining hududiy bosqich sanalari eʼlon qilindi
Natijalarga koʻra, har bir hududdan ikki nafar, har bir yosh toifasida eng yuqori ball toʻplagan bittadan oʻquvchi respublika bosqichiga oʻtadi. Shu tariqa dekabrga rejalashtirilgan yakuniy bahslarda 28 nafar ishtirokchi qatnashadi.

2026 yil 19–25 noyabr kunlari "Jadidlar izidan" respublika tanlovining hududiy bosqichi oʻtkaziladi.
Unda tuman va shahar bosqichlarida gʻolib boʻlgan 416 nafar oʻquvchi respublika bosqichiga yoʻllanma uchun bellashadi.
Tashkilotchilar maʼlumotiga koʻra, 23 oktabrda oʻtkazilgan tuman va shahar bosqichlarida jami 722 808 nafar oʻquvchi qatnashgan. 208 ta tuman va shaharning har biridan ikki yosh toifasi boʻyichi bittadan gʻolib saralangan.


Respublika "Kelajak" markazi tashkil etayotgan tanlovda oʻquvchilar 6–8-sinflar va 9–10-sinflar toifalarida bahslashadi. Hududiy bosqichda ular boshqotirma yechadi, jadidlar asarlari yuzasidan savollarga javob beradi va insho yozadi.
Uchta shart uchun jami 100 ball belgilangan. Shundan 50 ball asar tahliliga ajratilgan: ishtirokchi biletdagi savollarga tayyorgarlik uchun vaqt berilmagan holda, yetti daqiqa davomida javob beradi. Boshqotirma uchun 20 ball, insho uchun esa 30 ball toʻplash mumkin.

Hududiy bosqichning sana va hududlari:
19 noyabr — Andijon va Surxondaryo viloyatlari
20 noyabr — Samarqand viloyati
21 noyabr — Namangan, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari
23 noyabr — Xorazm, Buxoro, Jizzax va Toshkent viloyatlari
24 noyabr — Sirdaryo viloyati
25 noyabr — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona viloyati va Toshkent shahri.

Natijalarga koʻra, har bir hududdan ikki nafar: har bir yosh toifasida eng yuqori ball toʻplagan bittadan oʻquvchi respublika bosqichiga oʻtadi. Shu tariqa dekabrga rejalashtirilgan yakuniy bahslarda 28 nafar ishtirokchi qatnashadi.
Respublika bosqichida har ikki yosh toifasi boʻyicha birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari aniqlanadi. Avval eʼlon qilingan tanlov shartlariga koʻra, eng yuqori natija koʻrsatgan jami 14 nafar oʻquvchi xorijga taʼlim sayohatiga yuboriladi.
Finalda birinchi oʻrinni egallagan bitiruvchilar oliy taʼlim muassasalarining kasbiy (ijodiy) imtihonida eng yuqori ball ajratilgan fandan maksimal ball olish huquqiga ega. Imtiyoz tanlov kunidan boshlab bir yil davomida amal qiladi.





