platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jahon

Germaniya tergov organlari Alisher Usmonov ishida jiddiy qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan boʻlishi mumkin

​Maʼlumot uchun, 73 yoshli tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgan, shuningdek, Germaniya Federal oliy sudi ham uning foydasiga qaror chiqargandi. 

Germaniya tergov organlari Alisher Usmonov ishida jiddiy qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan boʻlishi mumkin

​Yevropa Ittifoqi rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovni sanksiyalar roʻyxatidan chiqarganiga qaramay, Germaniyada unga nisbatan soliq toʻlashdan boʻyin tovlash yuzasidan tergov davom etmoqda.

Welt nashri maʼlumot bergan yangi ekspert xulosasida nemis tergov organlarining ushbu ishdagi harakatlari jiddiy shubha va eʼtirozlarga sabab boʻlgan.

​Tergov qanday boshlangan va asosiy kamchiliklar nimada?

​Soliq jinoyat huquqi sohasidagi taniqli mutaxassislar — Karsten Fen, Bernd Yozef Fen va Yan Ole Shmiding tomonidan tayyorlangan xulosada tergov jarayonidagi bir qator muammolar sanab oʻtilgan:

​Asossiz shubhalar:

Ekspertlarning qayd etishicha, ish Federal jinoiy politsiya idorasiga kelib tushgan anonim xabar asosida boshlangan. Unda biror-bir ism keltirilmagan holda Germaniyadagi koʻchmas mulk obʼektlaridan biri Usmonovga tegishli boʻlishi mumkinligi aytilgan, soliq jinoyati haqida esa soʻz bormagan. Dastlab sudya yetarli asos yoʻqligi sababli tintuvga ruxsat bermagan, shundan soʻng tergovchilar boshqa uchastka sudiga murojaat qilgan.

​Soliq miqdoridagi noaniqlik:

Usmonov oʻn yildan ortiq vaqt davomida Germaniyada yashash joyiga ega boʻla turib, soliq deklaratsiyalarini topshirmaganlikda ayblanmoqda. Biroq ekspertlar taʼkidlashicha, tergov davomida yashirilgan deb taxmin qilingan soliq summasi bir necha bor oʻzgargan — goh millionlab, goh milliardlab yevro aytilgan, ammo bu farqning sababi yoki aniq dalillari ish materiallarida keltirilmagan.

​Xulosada ayblovlar ishonchsiz bilvosita maʼlumotlarga (mehmonxonadagi taxminiy yashash joyi, u yerdagi avtomobillar va xodimlar, muddatli ijara shartnomalari) tayangani aytiladi.

Jumladan, Usmonovning Moskvadagi yashash manzili Google Street View orqali yuzaki tekshirilgandan soʻng ayblanuvchining «hayotiy muhiti» va turmush darajasiga mos kelmaydi deb topilgan.

​Ekspertlar fikricha, tergov gumonlanuvchi foydasiga xizmat qilishi mumkin boʻlgan dalillarni — vizalar, guvohlar koʻrsatmalari, Rossiya soliq hujjatlari va Germaniya Federal markaziy soliq idorasining soliq rezidentligiga oid maʼlumotlarini inobatga olmagan.

​Asossiz dalil qidirish («fishing expedition»):

Mutaxassislar tergov mavjud aniq shubhani tekshirish oʻrniga ayblov uchun sabab izlaganini bildirgan. Xorijiy yustitsiya organlaridan biri soʻrovni asossiz dalil yigʻish («fishing expedition») deb baholab rad etgan, boshqa bir holatda esa hali tasdiqlanmagan taxminlar Yevropa davlati idorasiga fakt sifatida taqdim etilgan.

​Choʻzilgan muddatlar va himoya huquqi

​Tintuvlar chogʻida mingga yaqin hujjat papkasi va bir necha terabayt maʼlumot olib qoʻyilgan. Ekspertlarning maʼlum qilishicha, materiallarni «dastlabki» oʻrganish toʻrt yilga choʻzilgan, bu esa mutanosiblik tamoyiliga ziddir.

​Bundan tashqari, himoya tomoniga ish materiallari bilan tanishish imkoni dastlab umuman berilmagan, keyin esa qisman ochilgan va toʻliqroq tanishishga faqat ikki yil oʻtib ruxsat berilgan. Olib qoʻyilgan maʼlumotlarning bir qismi esa tintuvdan uch yildan ortiq vaqt oʻtgachgina himoyaga taqdim etilgan.

​Ekspertlarning xulosasi va tavsiyalari

​Mutaxassislarning fikricha, tergov bir necha yil davomida yetarli va ishonchli dalillarsiz turli taxminlarni kengaytirib kelgan hamda soliq huquqi masalalarida ham aniq xulosaga kelinmagan. Shu bois ekspertlar ushbu ishni toʻxtatish lozimligini taʼkidlamoqda.

​Shuningdek, mualliflar qonunchilikka jinoyat-huquqiy normalarni takomillashtirish, xususan, tergov jarayonlariga siyosiy taʼsir ehtimolini bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar bergan. Mazkur ish doirasida siyosiy taʼsir alomatlari aniqlanmagan boʻlsa-da, ekspertlar huquqiy davlat sifati barcha uchun protsessual kafolatlarga bir xil qatʼiy amal qilinishi bilan oʻlchanishini eslatib oʻtgan.

​Maʼlumot uchun, Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonda tugʻilgan 73 yoshli tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgan, shuningdek, Germaniya Federal oliy sudi ham uning foydasiga qaror chiqargan. Avvalroq unga nisbatan boshqa bir qator tergov ishlari ham, jumladan 10 million yevro toʻlash sharti bilan tugatilgan edi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid