AQSh federal sudi Trampning talabalar boʻyicha qarorini noqonuniy deb topdi
2026 yil iyul oyida joriy etilgan yangi qoidalarga koʻra, xorijiy talabalarning Qoʻshma Shtatlarda qolish muddati toʻrt yil bilan cheklangandi. Bungacha ular oʻqishini tugatguniga qadar mamlakatda qolishi mumkin edi.

AQSh federal sudyasi Dennis Seylor prezident Donald Tramp maʼmuriyatining xorijiy talabalar mamlakatda koʻpi bilan toʻrt yil qolishi mumkinligi haqidagi qarorini noqonuniy deb topdi.
Sudyaning taʼkidlashicha, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi bunday cheklovlarni joriy etish vakolatiga ega boʻlmagan. U vazirlikning harakatlarini oʻz vakolatini suiisteʼmol qilish deb baholadi.
Sudya yangi qoidalarni asossiz va qonunga zid deb topdi. Uning fikricha, vazirlik oʻziga berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqqan.
2026 yil iyul oyida joriy etilgan yangi qoidalarga koʻra, xorijiy talabalarning Qoʻshma Shtatlarda qolish muddati toʻrt yil bilan cheklangandi. Bungacha ular oʻqishini tugatguniga qadar mamlakatda qolishi mumkin edi.
Tramp maʼmuriyati joriy etgan yangi qoidalarga koʻra, oʻqishini toʻrt yil ichida tugata olmagan xorijiy talabalar AQShda qolish muddatini uzaytirish uchun qayta ariza topshirishi kerak edi. Ichki xavfsizlik vazirligi buni talaba vizalaridan notoʻgʻri foydalanish holatlariga qarshi kurashish bilan izohlagan.
Taʼlim sohasi manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar esa Tramp maʼmuriyatining qarori ustidan sudga shikoyat qilgan. Ularning fikricha, yangi cheklovlar xorijiy talabalarni AQShda oʻqishdan qaytarishi mumkin. Qayd etilishicha, sud qarori AQSh universitetlariga joriy semestrda oʻqishga kirgan xorijiy talabalar soni 15 foizga kamayganini koʻrsatuvchi tadqiqot eʼlon qilinganidan soʻng chiqarilgan.





