Uzoq kutilgan GTA VI: 13 yillik intizorlik, texnologik inqilob va milliardlab dollarlik tavakkal
Nega oddiy bir videooʻyinning navbatdagi qismi butun dunyoda bunchalik katta qiziqish uygʻotmoqda? Uni yaratish uchun nega naqd 13 yil kerak boʻldi? Rockstar Games qanday texnologik yangiliklarni vaʼda qilmoqda? Eng muhimi, GTA VI haqiqatan ham interaktiv koʻngilochar industriyani yangi bosqichga olib chiqadimi yoki ulkan reklama ortida odatiy tijoriy mahsulot yashiringanmi?Bu savollarga javob topish uchun voqealarga tarixiy, texnologik va iqtisodiy nuqtai nazardan yondashish zarur.

Dunyo boʻylab millionlab geymerlarning orzusiga aylangan Grand Theft Auto VI, yaʼni GTA VI, nihoyat, katta premera arafasida turibdi. 13 yildan ortiq davom etgan intizorlik, turli mish-mishlar, bir necha bor oʻzgargan taqdimot sanasi va ulkan reklama kampaniyasi ortda qoldi. Nihoyat kompyuter oʻyinlari sanoati tarixidagi eng shov-shuvli loyihalardan biri nihoyat dunyo yuzini koʻradi.
GTA VI ning jahon premerasi 19 noyabrga belgilangan. Oʻyinni oldindan xarid qilish va yuklab olish imkoniyati esa ancha oldin paydo boʻlgan edi.
Nega oddiy bir videooʻyinning navbatdagi qismi butun dunyoda bunchalik katta qiziqish uygʻotmoqda? Uni yaratish uchun nega naqd 13 yil kerak boʻldi? Rockstar Games qanday texnologik yangiliklarni vaʼda qilmoqda? Eng muhimi, GTA VI haqiqatan ham interaktiv koʻngilochar industriyani yangi bosqichga olib chiqadimi yoki ulkan reklama ortida odatiy tijoriy mahsulot yashiringanmi?
Bu savollarga javob topish uchun voqealarga tarixiy, texnologik va iqtisodiy nuqtai nazardan yondashish zarur.
GTA fenomeni: oddiy oʻyindan global madaniy hodisagacha
Grand Theft Auto tarixi 1997 yilda boshlangan. Uning nomi ingliz tilidagi avtomobil oʻgʻirlash bilan bogʻliq yuridik atamadan olingan. Oʻsha davrdagi ilk GTA oʻyini tepadan kuzatiladigan manzaraga ega, texnik imkoniyatlari cheklangan oʻyin boʻlgan. Ammo uning asosiy gʻoyasi oʻsha vaqt uchun oʻziga xos edi: oʻyinchi faqat belgilangan topshiriqlarni ketma-ket bajarish bilan cheklanmasdan, virtual shahar boʻylab erkin harakatlanishi va oʻzi istagan faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin edi.
.jpg)
Keyinchalik GTA III, Vice City va San Andreas ochiq dunyoli oʻyinlar janrining ommalashishiga katta hissa qoʻshdi. Rockstar Games nafaqat virtual shaharlarni, balki ularning ijtimoiy muhitini, madaniyatini, iqtisodiy munosabatlarini va hatto siyosiy ziddiyatlarini ham badiiy satira orqali tasvirlay boshladi.

2013 yilda taqdim etilgan GTA V esa bu jarayonni yangi bosqichga koʻtardi. Take-Two Interactive kompaniyasining 2026 yil noyabrida AQSh Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etgan hisobotiga koʻra, GTA V dunyo boʻylab 230 million nusxadan ortiq miqdorda tarqatilgan, butun GTA seriyasining umumiy koʻrsatkichi esa 475 milliondan oshgan. Bu yerda gap kompaniya hisobotidagi sotuv kanallariga yetkazilgan nusxalar koʻrsatkichi haqida ketmoqda.
.jpg)
Bunday muvaffaqiyatning sababi faqat sifatli grafika yoki qiziqarli syujet emas. GTA V oʻyinchilar uchun uzoq yillar davomida qayta-qayta murojaat qilinadigan raqamli muhitga aylandi. Ayniqsa, GTA Online uning tijoriy hayotini sezilarli uzaytirdi. Shu tariqa videooʻyin bir marta sotiladigan mahsulotdan doimiy xizmat koʻrsatishga asoslangan raqamli ekotizimga aylandi.
GTA VI nega bunchalik kechikdi?
Dastlab GTA VI 2025 yilda chiqishi kutilgan edi. Ammo rasmiy rejalar bir necha marta oʻzgardi. 2022 yilda Rockstar yangi Grand Theft Auto ustida ish olib borilayotganini tasdiqladi. 2023 yil dekabrida birinchi treyler namoyish etildi. Keyin 2025 yil mayida chiqish sanasi 2026 yil 26 mayga koʻchirildi. Oʻsha yilning 6 noyabrida esa kompaniya premerani yana olti oyga, yaʼni 2026 yil 19 noyabrga surdi.
Rockstar bu qarorni oʻyinni yanada mukammallashtirish zarurati bilan izohladi. Kechikishlarning asosiy sababi faqat texnologik murakkablik emas, balki iqtisodiy tavakkalchilik bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Chunki zamonaviy yirik videooʻyinni yaratish kino ishlab chiqarish, dasturiy taʼminot muhandisligi, sunʼiy intellekt, ovoz rejissurasi, animatsiya va marketing kabi sohalarning hamkorligini talab qiladi. Oʻyindagi ochiq dunyo qanchalik katta boʻlsa, uning barcha elementlari oʻzaro muvofiq ishlashini taʼminlash shunchalik murakkablashadi.
Shu bilan birga, Rockstar uchun GTA V hali ham daromad manbai boʻlib qolmoqda. Take-Two hisobotiga koʻra, 2026 yil 30 sentabrda yakunlangan olti oyda GTA mahsulotlari kompaniya umumiy daromadining 12,6 foizini tashkil etgan. Demak, kompaniyada yangi qismni shoshilinch chiqarishga iqtisodiy majburiyat nisbatan kamroq boʻlgan. Lekin bundan GTA VI ataylab kechiktirilgan degan xulosa kelib chiqmaydi. Bunday daʼvoni tasdiqlaydigan ishonchli dalil yoʻq. Yaʼni Rockstar qisqa muddatli foydadan koʻra mahsulotning uzoq muddatli obroʻsiga ustuvor ahamiyat bergan.
Vice Cityga qaytish: yangi shaharmi yoki butun bir virtual jamiyatmi?
GTA VI voqealari AQShning Florida shtati manzaralaridan ilhomlangan xayoliy Leonida hududida kechadi. Uning asosiy markazi — Vice City, yaʼni Mayami shahrining badiiy talqini. Biroq yangi oʻyin faqat Vice City bilan cheklanmaydi. Rockstar taqdim etgan rasmiy materiallarda Leonida Keys, Grassrivers, Port Gellhorn, Ambrosia va Mount Kalaga kabi hududlar ham namoyish etilgan. Bu joylar tropik sohillar, botqoqliklar, sanoat shaharchalari, avtomobil yoʻllari va tabiiy qoʻriqxonalarni qamrab oladi.
.jpg)
Associated Press agentligi eʼlon qilgan materialga koʻra, Rockstar mutaxassislari Floridaga safar qilib, Mayami arxitekturasini, mahalliy muhitni va mintaqa tarixini oʻrgangan. Ular hatto huquqni muhofaza qilish idoralarining sobiq xodimlari bilan ham suhbatlashgan. Bunday tadqiqotlar oʻyin muhitini ishonarli tasvirlashga xizmat qiladi.
Biroq bu yerda muhim ilmiy-texnologik farq mavjud: xaritaning kattaligi uning sifatini avtomatik belgilamaydi. Virtual dunyoning haqiqiy boyligi bino yoki koʻchalar soni bilan emas, balki ularda sodir boʻladigan voqealar, personajlar harakati, muhitning oʻyinchiga munosabati va interaktiv imkoniyatlar bilan baholanadi. Agar GTA VI bu elementlarni uygʻunlashtira olsa, u oddiy ochiq xaritadan koʻra murakkab raqamli jamiyat modeliga yaqinlashadi.

Lyusiya va Jeyson: ikki qahramon, bitta taqdir
Yangi oʻyinning markazida Lyusiya Kaminos va Jeyson Dyuval turadi. Rasmiy syujetga koʻra, ularning oson daromad topish maqsadida rejalashtirgan jinoiy ishi muvaffaqiyatsiz tugaydi. Natijada juftlik Leonida boʻylab tarqalgan xavfli jinoiy fitnaning ichida qoladi.
Endi ular nafaqat politsiya va jinoiy guruhlardan omon qolishi, balki bir-biriga ishonishni ham oʻrganishi kerak. Bu munosabatlar Bonni va Klayd haqidagi mashhur kriminal hikoyalarni eslatadi.
Lyusiyaning asosiy qahramonlardan biri sifatida tanlanishi alohida ahamiyatga ega. GTA tarixida ilgari ham, jumladan 1997 yilgi dastlabki oʻyinda ham ayol personajlarni tanlash ehtimoli bor edi. Ammo Lyusiya zamonaviy GTAning mustaqil xarakteri, ovozi va keng syujetli roliga ega birinchi asosiy ayol qahramonlaridan biri boʻldi.Bu oʻzgarish oʻyin auditoriyasining tarkibi va ijtimoiy kutilmalari oʻzgarayotganini ham aks ettiradi. Shuningdek, ikki qahramon oʻrtasidagi ishonch, ziddiyat va shaxsiy manfaatlar syujetni oddiy jinoiy sarguzashtdan psixologik dramaga aylantirishi mumkin.

Grafika, fizika va sunʼiy intellekt: inqilob qanchalik yaqin?
GTA VIning eng koʻp muhokama qilinayotgan jihati — uning vizual texnologiyalari. 2025 yil mayidagi ikkinchi treyler PlayStation 5 qurilmasidagi oʻyin tasvirlari asosida tayyorlangan. 2026 yil 27 avgustda taqdim etilgan qariyb yarim soatlik kengaytirilgan treyler ham PS5da olingan oʻyin kadrlariga tayangan.

Taqdimotlarda tabiiy yorugʻlik, suv yuzalari, shahar muhiti, qahramonlar mimikasi va gavjum jamoat joylarining yuqori darajada detallashtirilgani koʻrinadi. Biroq 2026 yil 10 noyabrda Rockstar muhim texnik maʼlumotni ochiqladi: konsol versiyalarida oʻyin soniyasiga 30 kadr chastotasini maqsad qilgan. Bu qaror vizual murakkablik va ishlash tezligi oʻrtasidagi muvozanatni koʻrsatadi. 60 kadr/soniyalik tasvir harakatlarni silliqroq koʻrsatsa, 30 kadrlik rejim ishlab chiquvchilarga muhit detallariga koʻproq hisoblash resurslari ajratish imkonini beradi.
PlayStation 5da DualSense kontrollerining taktil qaytar aloqasi, uch oʻlchamli audio va tezkor yuklash imkoniyatlariga ham eʼtibor qaratilgan.
Shu bilan birga, grafikaning realistik koʻrinishi oʻyin mexanikasi ham mutlaq realistik degani emas. Masalan, NPC — kompyuter boshqaradigan personajlarning mustaqil harakatlari, politsiyaning vaziyatga munosabati yoki avtomobillar fizikasi haqidagi barcha daʼvolarni toʻliq tekshirish uchun yakuniy oʻyinni sinab koʻrish talab etiladi.
Ayniqsa, GTA VIda inqilobiy generativ sunʼiy intellekt ishlatilayotgani haqidagi gaplarni rasmiy tasdiqlangan fakt sifatida qabul qilish toʻgʻri emas.
Texnologik taraqqiyotning haqiqiy mezoni — reklama tasvirlari emas, balki barqaror ishlash va oʻyinchi harakatlariga ishonarli javob qaytaradigan muhitdir.
Oʻyin jarayoni: erkinlikning yangi chegaralari
2026 yil avgustdagi kengaytirilgan namoyishda avtomobil boshqarish, qurolli toʻqnashuvlar, qayiqlarda harakatlanish, suv ostiga shoʻngʻish, sport mashgʻulotlari va boshqa faoliyatlar koʻrsatilgan. Bu GTAning anʼanaviy mexanikalari saqlanishini anglatadi.
Ammo eng muhim savol shunda: yangi qism oʻyinchiga faqat koʻproq mashgʻulotlar taklif etadimi yoki ularning oqibatlarini ham chuqurroq hisobga oladimi?
.jpg)
Masalan, jinoyat sodir etilgandan keyin politsiyaning harakati, guvohlarning munosabati, qahramonlarning shaxsiy aloqalari va jamiyatning reaksiyasi oʻzaro bogʻlangan tizimga aylansa, oʻyin sezilarli rivojlanishi mumkin. Aks holda, eng chiroyli virtual shahar ham ssenariy bilan cheklangan sahnaga aylanib qoladi. Bundan tashqari, Rockstarning ijtimoiy tarmoqlar, mashhurlikka intilish, isteʼmol madaniyati va raqamli hayot haqidagi satirasi yangi qismda yanada dolzarb boʻlishi kutilmoqda. GTA VI texnologik mahsulot boʻlish bilan birga, zamonaviy Amerika jamiyatining badiiy tanqidi vazifasini ham bajarishi mumkin.
GTA VI qancha turadi va qaysi platformalarda ishlaydi?
2026 yil iyunida Rockstar oʻyinning rasmiy narxlarini eʼlon qildi. AQShda oʻyinning Standard Edition varianti - asosiy syujetli oʻyinning narxi - 79,99 dollarga teng.
Ultimate Edition - Qoʻshimcha transport, qurol va liboslar mavjud oʻyin varianti - $99,99 turadi. Oʻyin hozircha PS5, Xbox Series X|S konsol platformalarida chiqadi. Bundan tashqari, 10 noyabrdan oldindan yuklash imkoniyati ochilgan. Rockstar texnik maʼlumotlariga koʻra, oʻyin uchun qurilmaga qarab 212 gigabaytgacha boʻsh xotira talab qilinishi mumkin. Kompyuter foydalanuvchilari uchun esa muhim cheklov mavjud: hozircha PC versiyasining rasmiy chiqish sanasi eʼlon qilinmagan.
Microsoft Xbox One egalariga ham Xbox Cloud Gaming orqali oʻyinni translyatsiya qilish imkoniyatini eʼlon qildi. Ammo bu Xbox One uchun alohida mahalliy versiya ishlab chiqilganini bildirmaydi; xizmatdan foydalanish shartlari mamlakatga qarab farqlanadi.
GTA Online: yangi raqamli iqtisodiyot paydo boʻladimi?
Rockstarning eng muvaffaqiyatli strategiyalaridan biri GTA Online boʻldi.
Onlayn rejimda oʻyinchilar virtual mablagʻ ishlab topish, koʻchmas mulk sotib olish, transport vositalarini yangilash, biznes yuritish va boshqa ishtirokchilar bilan raqobatlashish imkoniyatiga ega.
Bu tizim oʻyinga iqtisodiy simulyatsiya elementlarini olib kirdi. Biroq GTA VIning dastlabki rasmiy taqdimoti bir kishilik syujetli oʻyinga qaratilgan. Hozircha GTA6 uchun alohida onlayn rejimning nomi, imkoniyatlari va chiqish sanasi rasman tasdiqlanmagan.
GTA Online esa mavjud xizmat sifatida qoʻllab-quvvatlanishda davom etmoqda.
Kelgusida Rockstar GTA VI olami bilan bogʻliq koʻp oʻyinchili tizimni rivojlantirishi mumkin. Bunday ssenariy kompaniyaning uzoq muddatli tijoriy manfaatlariga muvofiq.
Ammo ehtimoliy onlayn rejimning mavjudligini hozirdanoq kafolatlangan xususiyat sifatida taʼriflash notoʻgʻri boʻladi.
Milliard dollarlik bozor: GTA VI qancha daromad keltiradi?
GTA VIning iqtisodiy ahamiyatini tushunish uchun uning sotuv narxidan koʻra kengroq bozorga nazar tashlash kerak. Take-Two Interactive 2026 yil 9 noyabrda eʼlon qilgan moliyaviy hisobotida 2027 moliyaviy yili uchun 8–8,2 milliard dollarlik sof buyurtmalar hajmi prognozini saqlab qoldi. Bu butun kompaniya mahsulotlari boʻyicha rejalashtirilgan koʻrsatkich boʻlib, faqat GTA VI daromadi emas.
Reuters agentligi tahlilida Nyu-York universiteti professori Yost van Dryunen dastlabki buyurtmalar sonini taxminan 10 million deb baholagan. Newzoo tahlil kompaniyasi esa birinchi haftadagi konsol sotuvlari 3,25 milliard dollarga yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Bu raqamlar mustaqil baholash va prognozlar boʻlib, hali yakunlangan sotuv natijalari emas.
Oʻyinning yaratilish byudjeti milliard dollardan ortiq boʻlishi mumkinligi haqida ham baholar mavjud. Lekin Rockstar va Take-Two uning aniq umumiy byudjetini ochiq moliyaviy hujjatlarda alohida tasdiqlamagan. Iqtisodiy jihatdan qaraganda, GTA VI ning asosiy ustunligi — uning yillar davomida shakllangan brendi va tayyor auditoriyasidir. Biroq ulkan qiziqish katta masʼuliyatni ham keltirib chiqaradi. Server muammolari, texnik xatolar yoki syujetning kutilgan darajaga yetmasligi oʻyin obroʻsiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Nega butun dunyo GTA VI ni kutmoqda?
Bugun GTA VI atrofidagi qiziqish oddiy reklama natijasi emas, balki ommaviy madaniyat hodisasiga aylangan. Reuters maʼlumotlariga koʻra, birinchi treyler YouTubeda 300 milliondan ortiq marta tomosha qilingan. Ayrim geymerlar premera kuni ishdan taʼtil olishni rejalashtirgan, hatto Logitech kompaniyasi oʻz xodimlari uchun maxsus oʻyin kuni ajratgan.
Bu holat videooʻyinlar zamonaviy iqtisodiyotda kino va musiqa industriyasi bilan raqobatlasha oladigan darajaga yetganini koʻrsatadi. Yana bir qiziq jihat shundaki, GTA VI nafaqat virtual Mayamini mashhur qilmoqda, balki haqiqiy Mayami shahrida ham turizm va marketing faolligini kuchaytiryapti. Demak, virtual mahsulotning taʼsiri real iqtisodiyot va shahar imijiga ham tarqalmoqda.
13 yil kutishga arziydigan oʻyinmi?
GTA VIning asosiy ahamiyati yangi avtomobil modellari, kattaroq xarita yoki chiroyli grafika bilangina cheklanmaydi. U zamonaviy videooʻyinlar industriyasi qanchalik oʻzgarganini namoyish etuvchi yirik sinovdir.
1997 yilda oddiy pikselli shahardan boshlangan Grand Theft Auto endi milliardlab dollar aylanmasiga taʼsir koʻrsatadigan, global auditoriyani birlashtira oladigan va real shaharlar madaniyatiga ham taʼsir qiladigan fenomenga aylandi.
Rockstar Games oldidagi asosiy vazifa esa faqat rekord yangilash emas. Kompaniya oʻyinchilarning ulkan ishonchini oqlashi, texnika va ijod oʻrtasida muvozanat topishi hamda erkinlik hissini yanada ishonarli darajaga koʻtarishi kerak. 2026 yil 19 noyabr GTA VI uchun hal qiluvchi sana boʻladi. Shu kundan boshlab reklama va vaʼdalar oʻrnini haqiqiy oʻyinchi tajribasi, mustaqil texnik sinovlar va xolis baholar egallaydi.
Ehtimol, GTA VI yangi avlod videooʻyinlari tarixida burilish yasar. Ehtimol, u mukammal boʻlmagan, biroq favqulodda muvaffaqiyatli blokbasterga aylanar.
Lekin bir haqiqatni hozirdan aytish mumkin: Grand Theft Auto VI oʻzining rasmiy chiqishidan oldin ham butun dunyo eʼtiborini jalb etishga ulgurdi.
Endi esa eng muhim savolga javob qoldi: GTA VI shunchaki tarixdagi eng koʻp kutilgan oʻyin boʻlib qoladimi yoki eng yaxshi oʻyinlardan biriga ham aylana oladimi? Bu savolga javobni reklama emas, 19 noyabrdan keyingi haqiqiy natijalar beradi.
Abulfayz Sayidasqarov





