Toshkentdagi Qorasuv kanalida Nil timsohi aniqlandi
Sudralib yuruvchi jonivor xavfsiz tarzda tutib olinib, reabilitatsiya qilish uchun Toshkent hayvonot bogʻiga topshirildi. Hozirda Nil timsohi Oʻzbekiston suv havzasiga qanday kelib qolgani oʻrganilmoqda.

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tizimidagi Ekohudud va ovchilikni rivojlantirish departamentiga Toshkentdagi Qorasuv kanalida Nil timsohi aniqlanganligi haqida murojaat kelib tushdi.
Holat Qoʻmita hamda Toshkent hayvonot bogʻi mutaxassislari bilan hamkorlikda oʻrganildi. Maʼlumot oʻz tasdigʻini topdi va sudralib yuruvchi jonivor xavfsiz tarzda tutib olinib, reabilitatsiya qilish uchun Toshkent hayvonot bogʻiga topshirildi. Hozirda Nil timsohi Oʻzbekiston suv havzasiga qanday kelib qolgani oʻrganilmoqda.
Maʼlumot uchun: Nil timsohi timsohlar turkumining eng yirik va xavfli vakillaridan biridir. Tabiiy sharoitda u Afrikaning chuchuk suvli daryo, koʻl va botqoqliklarida yashaydi.
Ekologiya milliy qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 5 noyabrdagi 736-son "Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlarni (jumladan, timsohlarning barcha turlarini) yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash taqiqlanganini eslatib oʻtadi. Shuningdek, ulardan sirk tomoshalarini oʻtkazish maqsadida foydalanish ham man etiladi.
Qoʻmita fuqarolarni qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishga, yovvoyi hayvonlarni noqonuniy saqlamaslikka hamda bunday holatlar aniqlanganda zudlik bilan tegishli organlarga xabar berishga chaqiradi.





