Toshkentda ikki qizning onasi turmush oʻrtogʻini zoʻravonlikda ayblab chiqdi
Murojaatchi ayol turmush oʻrtogʻi 2014 va 2021 yillarda tugʻilgan ikki nafar qiziga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etganini bildirgan. Gumonlanuvchi hozirda qamoqqa olindi.

Toshkent shahrida ikki nafar voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etilgani haqidagi video murojaat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, murojaatchi ayol turmush oʻrtogʻi 2014 va 2021 yillarda tugʻilgan ikki nafar qiziga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etganini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda. Zoʻravonlikda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Murojaat agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi nazoratiga olingan.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari oilaga psixologik va yuridik yordam koʻrsatishni taklif qilgan. Biroq murojaatchi ayol bolalarning holati va oilaviy vaziyatdan kelib chiqib, bu xizmatlarni hozircha qabul qilishni ixtiyoriy ravishda rad etgan.





