Samarqandda maktab oʻquvchilari YTHga uchradi: bir kishi halok boʻldi
Manbaga koʻra, rulda boʻlgan oʻsmir YHXB xodimining oʻgʻli boʻlib, u avval ham mashina haydab yurgan. Bu holat atrofdagilarga ham maʼlum boʻlgan, biroq unga chora koʻrilmagan.

Toyloq tumanidagi 15-maktabning besh nafar 8-sinf oʻquvchisi oʻtirgan Gentra mashinasi YTHga uchradi. Hodisa 12 noyabrga oʻtar kechasi tumanning Nurli yoʻl mahallasi ichki yoʻlida sodir boʻlgan.
Taʼkidlanishicha, avtomobilni haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan oʻsmir boshqargan. U rul boshqaruvini yoʻqotgan, soʻng mashina yoʻl chetidagi daraxtga urilgan. Hodisa oqibatida oʻquvchilardan biri — 13 yoshli bola mashina ichida qisilib qolib, halok boʻlgan. Oʻquvchilardan ikki nafari jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Kun.uz nashrining manbasiga koʻra, rulda boʻlgan oʻsmir YHXB xodimining oʻgʻli boʻlib, u avval ham mashina haydab yurgan. Bu holat atrofdagilarga ham maʼlum boʻlgan, biroq unga chora koʻrilmagan.
Samarqand viloyati taʼlim va ilm-fan boshqarmasiga koʻra, 4 nafar oʻquvchining ahvoli yaxshi boʻlgani sababli ular shifoxonadan uylariga javob berilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.





