Oʻzbekistonda mahkumlarga oliy taʼlim olishga ruxsat berildi
Har yili kamida 15–20 ming nafar mahkum talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitiladi.

Mahkumlar endilikda oliy taʼlim olish imkoniga ega boʻladi.
"Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash va ijtimoiylashuvini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ–397-son, 16.11.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, quyidagilar asosiy maqsadlar etib belgilandi:
- 2027/2028 oʻquv yiliga qadar jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta oʻquv va 420 ta amaliy mashgʻulotlar xonasini tashkil etish;
- 2030 yilga qadar mehnat bozoriga mos kamida 50 ta kasb boʻyicha oʻquv dasturlarini joriy etish;
- har yili kamida 15–20 ming nafar mahkumni talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish;
- mahkumlarni kasbga oʻqitish orqali takroriy jinoyatchilik darajasini 30 foizga qisqartirish.
"Yangi hayot" dasturi doirasida 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab:
- mahkumlarga oliy taʼlim tashkilotlariga kirish va masofaviy taʼlim shaklida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish imkoni yaratiladi;
- oʻqishga qabul qilingan mahkumlar masofaviy taʼlim shaklida oʻqishi uchun koloniyalarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan xonalar ajratiladi.
Shuningdek:
- yosh mahkumlar orasidan saylov yoʻli bilan yoshlar faollari tanlanadi va har chorakda BHMning uch baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi;
- barcha koloniyalardagi mahkumlar oʻrtasida masofaviy shaklda "Yosh kitobxon" tanlovi tashkil etiladi;
koloniyalar kutubxonalarida "Mutolaa" platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.





