Oʻzbekiston Saudiya Arabistoniga qarshi oʻyinda irodali gʻalabaga erishdi
Ikkinchi taymda Abbosbek Fayzullayev jarohat olib, maydonni tark etishga majbur boʻldi. Unga jarohat yetkazgan saudiyalik oʻyinchiga esa qizil kartochka koʻrsatildi.

Xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi doirasida Oʻzbekiston milliy jamoasi Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushdi.
Doha shahridagi “Jassim bin Hamad” stadionida kechgan bahs Fabio Kannavaro jamoasining 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimi keskin hujumlar ostida oʻtdi. 19-daqiqada Saudiya Arabistoni darvozaboni Homid Yusuf toʻp uzatishda qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi va bundan unumli foydalangan Sherzod Esonov toʻpni darvozabon ustidan oshirib, hisobni ochdi. Oradan toʻrt daqiqa oʻtib, oʻng qanotdan uzatilgan toʻpni Firas Al-Buraykan boshi bilan darvozaga joylab, muvozanatni tikladi. 35-daqiqada esa standart vaziyatdan soʻng Behruz Karimovning uzatmasi himoyachilardan Sherzod Esanovga kelib tushdi va u yaqin masofadan zarba yoʻllab, dublni rasmiylashtirdi.
39-daqiqada Husayn Norchayev ham raqib darvozasini ishgʻol qildi, biroq hakam oʻyindan tashqari holat sababli golni bekor qildi.
Ikkinchi taymda Abbosbek Fayzullayev jarohat olib, maydonni tark etishga majbur boʻldi. Unga jarohat yetkazgan saudiyalik oʻyinchiga qizil kartochka koʻrsatildi.
Ikkinchi boʻlimda gol urilmadi va Oʻzbekiston Saudiyani magʻlubiyatga uchratdi.





