platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Kim haq: vazirlik yoki tuman hokimligi

16 noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida  Yashnobod tumanidagi mahalla raisi pora bilan qoʻlga tushgani haqida xabar qildi. Hokimlik esa, vazirlikning bu xabarini rad qildi.  Hokimlikka koʻra, mahalla raisi hozir ham oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

Kim haq: vazirlik yoki tuman hokimligi
Foto: AI yordamida tayyorlangan

Vazirlik nima demoqda?

2026 yilning 16 noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi Telegram kanalida “Toshkent shahrida mahalla raisi pora bilan qoʻlga tushdi” sarlavhali video material eʼlon qilindi.

Videoda aytilishicha, ayrim shaxslar oson daromad topish ilinjida insonlarning ishonchidan foydalanib, davlat mulkini noqonuniy ravishda rasmiylashtirib berish holatlari koʻp uchramoqda.

“ “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlar doirasida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Korrupsiyaviy jinoyatlarga qarşi kurashish boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Uchtepa tuman boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri natijasida mahalla raisi pora olish ustida qoʻlga tushdi”, deyiladi vazirlik video materialida.

Vazirlik xabariga koʻra, Toshkent shahri Yashnobod tumanida mahalla raisi boʻlib ishlab kelgan, shaxs tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqaroga Yashnobod tumaniga qarashli binoda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun joy ajratib berish va shartnoma rasmiylashtirib berish evaziga 900 AQSh dollar miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda qoʻlga olingan.

“Mazkur holat yuzasidan mansabini suiisteʼmol qilgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, toʻrtinçi qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan”, deyiladi vazirlik kanalidagi video xabarda.

Hokimlik xabarni rad qildi

Shu kunning oʻzida Yashnobod hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Mohirlar” mahallasi raisining davlat mulkini noqonuniy ravishda tadbirkorga pora evaziga berishga uringani sababli qoʻlga olingani va unga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqidagi xabarni rad qildi.

Hokimlikning rasmiy Axborot xizmati rasmiy Telegram sahifasida yozilishicha, joriy yilning 5 avgust kuni Uchtepa tumani huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mahalla raisiga nisbatan surishtiruv ishlari olib borilgan.

“Surishtiruv natijasida bahsli holatga sabab boʻlgan joy davlat mulki emasligi, balki Yashnobod tumani hududidagi savdo majmuasining ikkinchi qavatida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi mahalla raisining otasiga mulk huquqi asosida tegishli ekanligi rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan va jinoyat alomatlari borligi oʻz tasdigʻini topmagan”, deyiladi hokimlik xabarida.

Yashnobod tuman hokimligi holat yuzasida jinoyat ishi qoʻzgʻatilmagani va biron shaxs javobgarlikka tortilmaganini maʼlum qildi.

Hokimlikka koʻra, mahalla raisi ayni vaqtda oʻz xizmat faoliyatini davom ettirmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, ijtimoiy tarmoqlar va internetda asossiz (yolgʻon) maʼlumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan.

Ijtimoiy tarmoq vakillaridan holatning barcha tafsilotlarini oʻrganmasdan, asossiz maʼlumotlarni tarqatmaslik, shu bilan davlat idoralariga nisbatan ishonchsizlikni targʻib etmaslik talab etiladi”, deyiladi hokimlik rasmiy munosabatida.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid