platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Maqola

17 noyabr — Talabalar kuni: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana

1939 yilda Pragada yuz bergan fojiali voqealardan qudratli harbiy-siyosiy kuchga aylangan toliblar-u, 2026 yilda Serbiya hukmatini agʻdara olgan yoshlargacha: nima uchun dunyoda talabalar jamiyat taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchiga aylandi?

17 noyabr — Talabalar kuni: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana

17 noyabr: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana

Har yili 17 noyabrda dunyo boʻylab millionlab yoshlar Xalqaro talabalar kunini nishonlaydi. Bugungi kunda ushbu sana talabalik hayoti, doʻstlik, ilm-fan, ijodkorlik va yoshlar tashabbuslari bilan bogʻlanadi. Biroq bayramning tarixiy mohiyati ancha chuqur: u mustabid tuzumlarga qarshilik, milliy mustaqillikni himoya qilish va talabalarning davlatlar taqdiriga taʼsir koʻrsatish salohiyatini eslatadi.

Mazkur sanani nishonlash tarixi fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olingan Chexoslovakiyadagi voqealarga borib taqaladi. 1939 yil 28 oktabrda Pragada mustaqil Chexoslovakiya davlati tashkil topganining yilligi munosabati bilan namoyishlar oʻtkazildi. Okkupant nemis maʼmuriyati ularni shafqatsizlik bilan bostirdi. Karl universiteti tibbiyot fakulteti talabasi Yan Opletal ogʻir yaralanib, 11 noyabrda vafot etdi. Ishchi Vatslav Sedlachek ham qurbonlardan biri boʻldi.

15 noyabrda Opletalning dafn marosimi keng koʻlamli antifashistik namoyishga aylanib ketdi. Oradan ikki kun oʻtib, 17 noyabrda natsistlar Chexiya oliy oʻquv yurtlarini yopib qoʻydi, talabalar harakati va universitet jamoatchiligining toʻqqiz nafar vakilini qatl etdi. 1200 nafardan ortiq talaba Zaksenxauzen konslageriga joʻnatildi.

1941 yilda Londonda xalqaro talabalar jamoatchiligi vakillari natsistlar qatagʻoni qurbonlari xotirasiga 17 noyabrni Xalqaro talabalar kuni deb eʼlon qildilar. Ushbu tashabbus bir qator mamlakatlar talabalar tashkilotlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Lekin aytish joiz, bu sana BMT Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasi bilan belgilangan umumjahon davlat bayrami ham emas. Shuningdek, Chexiya va Slovakiyada 17 noyabr Ozodlik va demokratiya uchun kurash kuni sifatida ham nishonlanadi. Rossiyada esa 1755 yilda Moskva universiteti tashkil etilgani bilan bogʻliq 25 yanvar — Rossiya talabalari kuni kengroq tarqalgan. Oʻzbekistonda ham 17 noyabr universitetlar doirasida nishonlanadi, biroq qonun bilan belgilangan, ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga kirmaydi.

Sovet mafkurasi va xalqaro talabalar harakati

Ikkinchi jahon urushidan keyin talabalar tashkilotlari xalqaro siyosatning muhim vositalaridan biriga aylana boshladi. 1946 yilda Pragada Xalqaro talabalar ittifoqi tashkil etildi. Dastlab tashkilot taʼlim olish huquqlarini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va urush oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan faoliyatni olib bordi.

Biroq sovuq urush boshlanishi bilan uning faoliyatida siyosiy-mafkuraviy yoʻnalish kuchaydi. Sovet Ittifoqi va sotsialistik davlatlar xalqaro yoshlar tashkilotlari orqali sotsialistik gʻoyalarni tarqatish hamda Moskva siyosiy taʼsirini kengaytirishga intildi.

Talabalar konferensiyalari, yoshlar festivallari, madaniy almashinuvlar, taʼlim dasturlari va mafkuraviy nashrlar orqali xalqaro aloqalar tizimi shakllantirildi.

Shu bilan birga, bunday tashkilotlar faoliyatini faqat siyosiy targʻibot bilan izohlash ham tarixiy jihatdan notoʻgʻri boʻlar edi. Ular mustamlakachilikka qarshi harakatlarni qoʻllab-quvvatladi, taʼlim loyihalarini ilgari surdi va rivojlanayotgan mamlakatlar talabalari uchun hamkorlik maydoni vazifasini bajardi.

Ilmiy tadqiqotlar Xalqaro talabalar ittifoqida sovet mafkurasining taʼsiri kuchayganini, shu bilan birga talabalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mustaqil yoʻnalishlar ham mavjud boʻlganini tasdiqlaydi.

Demak, xalqaro talabalar harakatiga ikki omil taʼsir koʻrsatgan: yoshlarning haqiqiy hamjihatlikka intilishi va yirik davlatlarning siyosiy taʼsir doirasini kengaytirishga boʻlgan qiziqishi. Bu ikkiyoqlama xususiyat hozirgi davrda ham saqlanib qolmoqda.

Nima uchun aynan talabalar oʻzgarishlar yetakchisiga aylanadi?

Talabalar jamiyatning ijtimoiy tuzilmasida alohida oʻrin tutadi. Ular intellektual faollik, ijtimoiy intilishlar va kelajakdagi professional elitaning shakllanishi kesishgan nuqtada joylashgan. Talabalar, odatda, yangi gʻoyalarni tezroq qabul qiladi, taʼlim resurslari, raqamli texnologiyalar va kommunikatsiya vositalaridan faol foydalanadi.

Shu bilan birga, yoshlar adolatsizlik, korrupsiya, ijtimoiy imkoniyatlarning cheklanishi, ish bilan taʼminlash muammolari va rasmiy vaʼdalar bilan hayotiy voqelik oʻrtasidagi tafovutga nisbatan sezgir boʻladi.

Bu holatni bir nechta ijtimoiy omil bilan izohlash mumkin.

Birinchidan, universitet jamoaviy muloqot makonini shakllantiradi. Unda shaxsiy norozilik umumiy ijtimoiy pozitsiyaga aylanishi mumkin.

Ikkinchidan, talabalar tezkor uyushish imkoniyatiga ega. Bunda talabalar birlashmalari va ijtimoiy tarmoqlar muhim rol oʻynaydi.

Uchinchidan, talabalarning talablari koʻpincha jamiyat tomonidan kelajak avlod manfaatlarining ifodasi sifatida qabul qilinadi.

Biroq talabalar yagona siyosiy qarashga ega qatlam emas. Ular orasida turli, hatto bir-biriga zid qarashlar mavjud boʻlishi tabiiy. Talabalarning siyosiy kuchi namoyish ishtirokchilari soni bilan emas, balki jamoatchilik talablarini barqaror institutlar va amaliy qarorlarga aylantirish qobiliyati bilan belgilanadi.

Serbiya — 2026: talabalar noroziligidan parlament koʻpchiligigacha

Zamonaviy dunyoda talabalar siyosiy taʼsirining eng yorqin misollaridan biri Serbiyada kuzatildi. 2024 yil 1 noyabrda Novi-Sad shahri temiryoʻl vokzali peshayvonining qulashi oqibatida 16 kishi halok boʻldi. Fojia jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab boʻldi. Vokzalni taʼmirlash jarayonida yoʻl qoʻyilgan boʻlishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklarni tekshirish va masʼullarni javobgarlikka tortish talablari ilgari surildi. Talabalar norozilik aksiyalari, universitetlardagi oʻquv jarayonini toʻxtatish va ommaviy yigʻilishlar tashkil etdilar. Keyinchalik harakatga professor-oʻqituvchilar, turli kasb egalari va fuqarolar qoʻshildi.

17 noyabr — Talabalar kuni: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana

Dastlab fojia sabablarini aniqlashga qaratilgan talablar korrupsiyaga qarshi kengroq siyosiy dasturga aylandi. Uzoq davom etgan siyosiy inqiroz natijasida 2026 yil 25 oktabrda Serbiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari oʻtkazildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, talabalar qoʻllab-quvvatlagan «Talabalar roʻyxati — talabalar gʻalaba qozonmoqda» saylov birlashmasi 250 oʻrinli parlamentda 140 ta mandatni qoʻlga kiritdi. Aleksandr Vuchich bilan bogʻliq «Birlashgan Serbiya» roʻyxati esa 103 ta mandat oldi.

Bu natija talabalar harakati koʻcha noroziligidan parlamentdagi siyosiy vakillik darajasiga koʻtarilishi mumkinligini koʻrsatdi. Biroq saylovdagi gʻalaba samarali davlat boshqaruvini avtomatik ravishda kafolatlamaydi. Yangi parlament koʻpchiligi oldida qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, islohotlarni amalga oshirish va jamiyatda siyosiy barqarorlikni saqlash vazifalari turibdi.

Shu bilan birga, ushbu voqealar axborot manipulyatsiyalari xavfini ham namoyon etdi. Ayrim siyosiy kuchlar talabalarni xorijiy davlatlar manfaatlariga xizmat qilishda aybladi. Biroq bu ayblovlarni tasdiqlovchi ishonchli ommaviy dalillar taqdim etilmadi.

Xitoy: Tyananmen maydonining fojiali saboqlari

Talabalar harakatining yana bir muhim tarixiy misoli 1989 yilda Xitoyda kuzatilgan.

Oʻsha yil bahorida Pekin talabalari korrupsiyaga qarshi kurashish, siyosiy islohotlar oʻtkazish va senzurani yumshatish talablari bilan ommaviy chiqishlar boshladi. Tyananmen maydoni namoyishlar markaziga aylandi.

17 noyabr — Talabalar kuni: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana

Vaqt oʻtishi bilan harakat talabalar doirasidan chiqib, ishchilar va boshqa ijtimoiy qatlamlarni ham qamrab oldi. 1989 yil 3 iyundan 4 iyunga oʻtar kechasi Xitoy hukumati Pekindagi namoyishlarni bostirish uchun qurolli kuchlardan foydalandi.

Politsiya talabalarga qarata oʻq uzdi. Minglab talabalar pashshadek qirib tashlandi.

17 noyabr — Talabalar kuni: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana

Maydonda qon ariq boʻlib oqdi. Xitoy hamon bu voqealar borasidagi xolis maʼlumot va raqamlarni oshkor qilmagan, hatto bu haqda eslash va yozishni ham taqiqlaydi.

Xitoy rasmiylari oʻsha davrdagi voqealarni siyosiy barqarorlikka jiddiy tahdid sifatida baholagan. Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari esa qurolsiz namoyishchilarga qarshi harbiy kuch ishlatilishini inson huquqlarining qoʻpol buzilishi deb hisoblaydi.

Xitoy va Serbiya tajribalarini taqqoslash shuni koʻrsatadiki, talabalar noroziligining oqibatlari faqat harakat miqyosiga bogʻliq emas. Bunda davlatning munosabati, siyosiy institutlarning holati, muloqotga tayyorlik va ziddiyatlarni tinch yoʻl bilan hal qilish imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.

17 noyabr — Talabalar kuni: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana
“Tanklarni toʻxtatgan shijoat. Xitoy talabalari qarshiligining timsoli”.

«Tolibon»: talabalar siyosiy kuchga aylangan harakat
«Tolibon» nomi «tolib» — islomiy madrasada tahsil oluvchi oʻquvchi soʻzidan kelib chiqqan. Harakat 1990-yillarda Afgʻonistonda, asosan, diniy madrasalar talabalari va qurolli toʻqnashuvlarda qatnashgan sobiq jangchilar ishtirokida shakllangan. Diniy mafkura, fuqarolar urushi oqibatlari va aholi noroziligidan foydalanib, toliblar qudratli harbiy-siyosiy kuchga aylangan.

17 noyabr — Talabalar kuni: fojiadan tugʻilgan xalqaro sana

Ular 1996 yilda Kobulni egallagan, 2021 yilda esa Afgʻonistonda hokimiyatni qayta qoʻlga kiritgan. Ularning boshqaruvi ayollar huquqlari, jumladan, taʼlim olish imkoniyatlarining keskin cheklanishi bilan xarakterlanadi. Bu tarixiy misol yoshlar qanday qilib radikal siyosiy safarbarlik vositasiga aylanishi mumkinligini koʻrsatadi. Biroq barcha madrasa talabalarini «Tolibon» harakati bilan tenglashtirish mutlaqo notoʻgʻri, albatta.

Yoshlar: fuqarolik faolligi va tashqi taʼsir oʻrtasida

Bugungi talabalar harakatlari global axborot raqobati sharoitida faoliyat olib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlar minglab yoshlarni qisqa vaqt ichida birlashtirish imkonini beradi. Biroq ular yolgʻon maʼlumotlar, hissiy provokatsiyalar va manipulyativ chaqiriqlarni tarqatish vositasiga ham aylanishi mumkin.

Xorijiy davlatlar, siyosiy tuzilmalar, ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari yoshlar auditoriyasiga axborot kampaniyalari, soxta jamoalar, moliyaviy ragʻbatlantirish yoki yollash usullari orqali taʼsir oʻtkazishga urinishi ehtimoldan xoli emas.

Lekin bu yerda muhim chegara mavjud. Tinch fuqarolik noroziligi, qonuniy xalqaro hamkorlik, siyosiy targʻibot va jinoiy faoliyat bir xil tushunchalar emas. Namoyishda ishtirok etishning oʻzi xorijiy aralashuvni isbotlamaydi. Shuningdek, alohida sodir etilgan zoʻravonlik, vandalizm yoki talonchilik holatlari uchun butun talabalar harakatini javobgar deb hisoblash toʻgʻri emas.

Radikallashuv xavfi, ayniqsa, jamiyatda norozilikni tinch ifoda etish va muammolarni ochiq muhokama qilish mexanizmlari zaif boʻlgan sharoitda kuchayishi mumkin.

Shu bois yoshlarni zararli taʼsirlardan himoya qilish faqat taqiqlar bilan cheklanmasligi kerak. Mustaqil jurnalistika, mediasavodxonlik, davlat institutlariga ishonch va ochiq jamoatchilik muloqoti muhim profilaktik vositalar hisoblanadi.

Oʻzbekiston talabalari — yangi ijtimoiy resurs

Mamlakatda oliy taʼlim qamrovining kengayishi talabalarning jamiyat hayotidagi ahamiyatini oshirmoqda.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2025/2026 oʻquv yili boshida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida 1 million 535 ming nafar talaba tahsil olgan. Bu 1991/1992 oʻquv yilidagi koʻrsatkichdan qariyb 4,6 baravar koʻp. Talabalarning 782,9 ming nafari xotin-qizlar, 752,1 ming nafari erkaklar boʻlgan.

Bunday oʻsish yangi imkoniyatlar bilan birga, taʼlim sifati, akademik halollik va bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishiga nisbatan talablarni ham kuchaytiradi.

Agar universitet diplom bersa-yu, mehnat bozori talab qiladigan bilim va koʻnikmalarni yetarlicha shakllantirmasa, yoshlarning ijtimoiy kutilmalari bilan iqtisodiyot ehtiyojlari oʻrtasida tafovut paydo boʻladi. Oʻzbekiston uchun eng maqbul yoʻnalish — talabalarni jamiyat taraqqiyotining toʻlaqonli ishtirokchilariga aylantirishdir.

Yoshlar mahalliy muammolarni oʻrganish, volontyorlik, tadbirkorlik, ekologiya, ilm-fan va jamoatchilik muhokamalarida faol qatnashishi lozim.

Talabalarning oʻzini oʻzi boshqarish tizimi, stipendiyalar ajratishning shaffof mexanizmlari va universitet rahbariyati bilan samarali muloqot alohida ahamiyatga ega.

Xulosa: talabalar siyosat emas, taraqqiyot omili

Xalqaro talabalar kuni tarixi muhim haqiqatni koʻrsatadi: talabalar hech qachon faqat bilim olish bilan cheklangan ijtimoiy qatlam boʻlmagan.

Turli davrlarda ular antifashistik qarshilik, demokratik oʻzgarishlar, milliy ozodlik harakatlari va ijtimoiy islohotlarning faol ishtirokchilariga aylangan.

Ayni paytda, yoshlar tashqi mafkuraviy taʼsir, siyosiy manipulyatsiya va axborot kampaniyalarining nishoni ham boʻlishi mumkin. Biroq bu taʼsirning natijasi davlat institutlarining sifati, jamoatchilik muloqoti va barcha ishtirokchilarning masʼuliyatiga bogʻliq.

Oʻzbekiston uchun asosiy vazifa talabalarning ijtimoiy faolligini sunʼiy cheklash yoki universitetlarni siyosiy targʻibot maydoniga aylantirish emas. Aksincha, mustaqil fikrlaydigan, bilimli, vatanparvar, tanqidiy tahlil qilish qobiliyatiga ega va jamiyat oldida masʼuliyatini his etadigan fuqarolarni tarbiyalash ustuvor ahamiyatga ega.

Kuchli davlatga soʻzsiz itoat etadigan talabalar emas, balki milliy manfaatlarni himoya qila oladigan, haqiqatni targʻibotdan ajratadigan va jamiyat taraqqiyotida konstruktiv ishtirok etadigan bilimli, masʼuliyatli yoshlar kerak.

17 noyabrning zamonaviy mazmuni ham shunda: tarixdan saboq olish, inson qadr-qimmatini himoya qilish va yoshlik quvvatini vayronkor kuchga emas, balki barqaror kelajak poydevoriga aylantirishdan iborat.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid