"U hukumatda bir daqiqa ham qolmaydi": Netanyahuning raqibi keskin bayonot bilan chiqdi
Isroil hukumatini shakllantirishi kutilayotgan Gadi Ayzenkot Netanyahuning yordamchisi saylovlarga aralashgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Isroil bosh vazirligiga nomzod Gadi Ayzenkot 15 noyabr kuni muvaqqat bosh vazir Binyamin Netanyahuning yordamchisi saylovlarga aralashgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
U Netanyahu "hukumatda ortiq bir daqiqa ham qola olmasligini" aytdi.
Ikki siyosatchining vakillari milliy birlik hukumatini tuzish masalasini muhokama qilish uchun uchrashgan edi. Oradan bir necha soat oʻtgach, Ayzenkot oʻz raqibiga qarshi qattiq tanqidlar yogʻdirdi.
“Isteʼfoga chiqish arafasida turgan bosh vazir Binyamin Netanyahu va uning atrofidagilarning xatti-harakati Isroil demokratiyasiga aniq va toʻgʻridan toʻgʻri tahdid solmoqda”, dedi sobiq armiya qoʻmondoni Ayzenkot.
Avvalroq Isroilning Channel 13 telekanali saylov arafasida sodir boʻlgan voqea haqida xabar bergan edi. Unga koʻra, Netanyaxu maʼmuriyati rahbari Ido Norden politsiya komissari idorasiga qoʻngʻiroq qilgan. U isroillik arablardan iborat “Raam” partiyasi aʼzolari ustidan shikoyat bildirgan.
Channel 12 maʼlumotlariga koʻra, suhbat davomida Norden politsiya xodimlarini razvedka manbasiga yoʻnaltirgan. Ushbu manba Netanyaxu idorasining sobiq xodimi boʻlgan.
Manba bergan maʼlumotlar asosida “Raam” partiyasining uch nafar aʼzosi hibsga olingan. Shundan soʻng Netanyahu isroillik arablar partiyalariga qarshi hujum boshlagan. U rekord darajada koʻp oʻrin olgan bu partiyalarni saylovlarni soxtalashtirishda ayblagan.
Keyinchalik politsiya manba bergan maʼlumotlar asossiz ekanini aniqlagan. Shundan soʻng hibsga olingan uch kishi qoʻyib yuborilgan.





