Sirdaryoda “ZIL” yuk avtomashinalarida kortej uyushtirganlar jazolandi
Mazkur holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan.

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida toʻy marosimi vaqtida yuk avtomashinalarida guruh boʻlib harakatlangan haydovchilarga chora koʻrildi.
Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 12 noyabr kuni Guliston tumanida boʻlib oʻtgan toʻy marosimida bir necha “ZIL” yuk avtomashinalari haydovchilari guruh-guruh boʻlib harakatlanib, yoʻl harakati qoidalarini buzgan. Mazkur holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan.
Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, haydovchilarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 129-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, qoidabuzarlar bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilardan biri mazkur harakatni doʻstining toʻyiga “syurpriz” qilish va ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish maqsadida tashkil qilganini taʼkidlagan.





