Ronalduning oʻgʻli Portugaliya termasida ilk bor maydonga tushdi
Uning jamoasi Andorra bilan kuch sinashib, 4:0 hisobida ishonchli gʻalabaga erishdi.

Portugaliya U-17 terma jamoasi Yevropa chempionati saralash bosqichi doirasida Andorra bilan kuch sinashib, 4:0 hisobida ishonchli gʻalabaga erishdi.
Mazkur bellashuv Krishtianu Ronaldu Junior uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Yosh futbolchi uchrashuvning soʻnggi 20 daqiqasida maydonda harakat qilib, Portugaliya U-17 terma jamoasidagi debyutini nishonladi.
Ronaldu Junior ayni paytda Saudiya Arabistonining "Al Nasr" klubi yoshlar jamoasida toʻp tepmoqda. U joriy mavsumda klub safida 7 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ta gol kiritishga muvaffaq boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, shu oy boshida Krishtianu Ronaldu termadan ketishini eʼlon qildi. Ronaldu 2003 yilda Portugaliya terma jamoasida debyut qilgan. U 23 yildan ortiq davom etgan faoliyati davomida 234 ta uchrashuv oʻtkazib, 146 ta gol urgan va 45 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Futbolchi oʻyinlar va gollar soni boʻyicha erkaklar terma jamoalari tarixida jahon rekordchisi hisoblanadi.


