Radarlar faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda radarlarning noqonuniy faoliyat olib borayotgani hamda haydovchilarga tezlik meʼyorlarini qoʻshib yozayotgani haqida xabar berilgan.

Oʻzbekistonda radarlar faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda radarlarning noqonuniy faoliyat olib borayotgani hamda haydovchilarga tezlik meʼyorlarini qoʻshib yozayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, yoʻl harakati qoidalari ijrosida qonuniylik va adolatni taʼminlash maqsadida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida respublikaning barcha hududlarida oʻrnatilgan foto-video qayd etish qurilmalari, radarlar faoliyati koʻzdan kechiriladi.
Radar qurilmalarining doimiy ravishda soz, aniq va barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida ular Oʻzbekiston milliy meteorologiya instituti mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda meteorologik tekshiruv va sinovlardan oʻtkazib kelinmoqda. Jarayonda ushbu turdagi maxsus avtomobillar yordamida radarlarning belgilangan texnik talablarga muvofiqligi, tezlikni qayd etish aniqligi hamda ularning qonuniy faoliyat yuritishi tekshiriladi.
Aniqlangan har qanday kamchilik va qonun buzilish holatlari yuzasidan Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan tegishli masʼullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qonuniy choralar koʻrilishi belgilangan.





