Oʻmonda Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi
Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said “Al-Aʼlam” saroyida uchrashuv oʻtkazdilar.

Masqat shahridagi “Al-Aʼlam” saroyida davlat tashrifi bilan Oʻmon Sultonligiga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

Saroyga yaqinlashganda, davlatimiz rahbari va Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said oʻtirgan avtomobilni otliq faxriy qorovul kutib oldi va kuzatib keldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga toʻplardan 21 marotaba tantanali oʻq uzildi. Saroy oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.

Davlat rahbarlari shohsupaga koʻtarildilar. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Yetakchilar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari aʼzolarini qutladilar.
Tantanali marosimdan soʻng saroyda oliy darajadagi uchrashuv boshlandi.
Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said “Al-Aʼlam” saroyida uchrashuv oʻtkazdilar.

Oʻmon Sultoni davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, mazkur tashrif ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini taʼkidladi.
Prezidentimiz yuksak ehtirom va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik izhor etib, tashrif oʻzaro munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish yoʻlida muhim qadam boʻlishiga ishonch bildirdi.
Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasidagi munosabatlar keyingi yillarda faol rivojlanib, siyosiy muloqot mustahkamlanayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil kengayib borayotgani qayd etildi.





