platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Navoiyda talabini bajarmagan fermerni hushyorxonaga joylashtirgan IIB xodimiga hukm oʻqildi

Sud ekspertizasiga koʻra, oʻz hududidan olib ketilgani va yaqinlariga xabar bera olmagani fermerning ruhiy holatiga taʼsir qilgan. U oʻzini kamsitilgan va yolgʻiz his qilib, kuchli hissiy zoʻriqish holatida oʻz joniga qasd qilgan. Natijada fermer vafot etgan. 

Navoiyda talabini bajarmagan fermerni hushyorxonaga joylashtirgan IIB xodimiga hukm oʻqildi

Xatirchida talabini bajarmagan fermerni hushyorxonaga olib borgan profilaktika inspektoriga sud hukmi oʻqildi. Fermer shu muassasada oʻz joniga qasd qilgan. bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatiga asoslanib xabar berdi.

Voqea 2025 yil 2 avgust kuni sodir boʻlgan. Shu kuni tuman IIB boshligʻining oʻrinbosari profilaktika inspektori A.I.ga Toshkentdan mehmonlar kelishi munosabati bilan ular oʻtadigan yoʻnalishda qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab turishi kerakligi haqida topshiriq bergan. Uni bajarishga kirishgan profilaktika inspektori A.I. “B.B.” fermer xoʻjaligi rahbaridan texnikalarini ishlatishni talab qilgan. Fermer esa uning noqonuniy talabini bajarishni rad etgan.

Shundan keyin inspektor oʻzining kuchi va vakolatini koʻrsatib qoʻyish maqsadida xoʻjalikka tegishli molxona binosiga borgan. U fermerning mexanizator bilan molxona binosi hududidagi bogʻda spirtli ichimlik isteʼmol qilib turganini koʻrib, ularni telefonda tasvirga ola boshlagan. Mexanizator daladagi ishini tugatib, traktorni qaytarib kelganini va xoʻjalik rahbarining yoniga oʻtirganini aytib, tasvirga olmaslikni soʻragan.

Biroq A.I. hamkasbini yordamga chaqirib, fermerning jamoat joyida spirtli ichimlik ichib oʻtirganini vaj qilib, Xatirchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatish tumanlararo punktiga olib ketgan.

Shuningdek, feldsher V.M. bilan til biriktirib, navbatchi shifokor yoʻqligiga qaramasdan, belgilangan nizomlarga zid ravishda fermerni muassasaga joylashtirgan. Feldsher tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va olib qolish haqida qaror qabul qilish vakolatiga ega boʻlmasa-da, fermerni majburiy tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan. Bundan tashqari, uning kiyimlari va buyumlari xolislarsiz tekshirilib, telefoni olib qoʻyilgan. Yaqinlariga xabar berilmagan, uning oʻziga ham xabar berish imkoni qoldirilmagan. Shundan soʻng erkak xonaga joylashtirilgan.

Sud ekspertizasiga koʻra, oʻz hududidan olib ketilgani va yaqinlariga xabar bera olmagani fermerning ruhiy holatiga taʼsir qilgan. U oʻzini kamsitilgan va yolgʻiz his qilib, kuchli hissiy zoʻriqish holatida oʻz joniga qasd qilgan. Erkak oʻsha kuni soat 16:35 da hushyorxonada vafot etgan.

Fermerning rafiqasi aytishicha, u keyinchalik kuzatuv kamerasi yozuvlarini koʻrgan. Ularda eri qoʻlini koʻksiga qoʻyib, inspektordan bir necha marta uzr soʻragani aks etgan. Inspektor bunga eʼtibor bermagan.

Fermerning qarindoshlaridan biri uni olib ketish uchun hushyorxonaga ham borgan. Ammo IIB xodimlari bunday odam yoʻqligini aytib, undan chiqib ketishini soʻragan. Keyin muassasaga tez yordam mashinasi kirgan. Shundan soʻng unga qarindoshi oʻz joniga qasd qilgani haqida aytishgan.

Inspektor sudda aybini tan olmagan. Aksincha, fermerning mastlik holatini tekshirish uchun uni olib borish jinoyat emasligini, punktda olib qolish masalasini feldsher hal qilganini bildirgan.

Sud A.I.ni Jinoyat kodeksi 103-moddasi 2-qismining “v” bandi boʻyicha qilmishida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli oqlagan. Biroq uni Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topgan. Unga shu modda boʻyicha, Jinoyat kodeksining 45-moddasi qoʻllanib, 1 yil 6 oyga IIV tizimida, shuningdek, davlat organlarida moddiy va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 1 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Navoiy viloyat sudi 2026 yil 29 iyunda apellyatsiya tartibida, 23 oktabrda esa taftish tartibida ishni koʻrib, hukmni oʻzgarishsiz qoldirgan. Inspektor va uning advokati oqlov soʻrab bergan taftish shikoyati qanoatlantirilmagan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid