"Ayolimdan uzr soʻrasam qarzimdan voz kechadi deb oʻyladim": aliment toʻlamagan erkak 15 sutkaga qamaldi
MIB tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida fuqaroning aliment toʻlovlari boʻyicha qarzdorligi 85,5 mln soʻmni tashkil etgani aniqlandi.

Samarqand shahrida aliment toʻlash majburiyatini bajarmagan fuqaroga nisbatan qonuniy chora koʻrildi. Bu haqda MIB matbuot xizmati Platina.uzʼga maʼlum qildi.
Byuroning Samarqand shahar boʻlimi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida fuqaro A.D.ning aliment toʻlovlari boʻyicha qarzdorligi 85 525 712 soʻmni tashkil etgani aniqlandi.
Qarzdorning sud zalida bildirgan gapi esa eʼtiborni tortdi:
"Men sud zalida ayolimdan uzr soʻrasam, qarzimdan voz kechadi, deb qoʻrqmasdan borgandim", — dedi u.
Biroq aliment majburiyati shunchaki uzr soʻrash bilan bartaraf etilmaydi.
Toʻplangan hujjatlar asosida Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudining qarori bilan fuqaro A.D.ga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.





