AQShning mashhur teleshoulari Oʻzbekistonda suratga olinadi
Los-Anjelesda oʻtkazilgan American Film Market (AFM) xalqaro kino bozorida Oʻzbekistonning media va kino sanoati uchun bir qator kelishuvlarga erishildi. Ular orasida Amerikaning mashhur teleloyihalarini Oʻzbekistonda suratga olish hamda mahalliy kino va televizion mahsulotlarni AQSh bozoriga olib chiqish bor.

The Amazing Race 2027 yilda Oʻzbekistonga keladi
Bir necha yillik muzokaralar natijasida CBS telekanalining mashhur The Amazing Race sayohat va sarguzasht shousining original Amerika versiyasini 2027 yilda Oʻzbekistonda suratga olish boʻyicha kelishuvga erishildi.
25 yildan buyon efirga uzatilayotgan loyiha 39 mavsum davomida 15 ta Emmy mukofotini qoʻlga kiritgan va 108 marta ushbu mukofotga nomzod boʻlgan.
Muzokaralar doirasida Oʻzbekistonning AFM koʻrgazmasidagi stendiga shou yaratuvchisi, 10 karra Emmy mukofoti sohibi Bertram van Myunster tashrif buyurdi. U koʻplab televizion loyihalar muallifi boʻlib, AQShning sobiq prezidenti Ronald Reyganning shaxsiy operatori sifatida ham ishlagan.
Oʻzbekiston stendi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan Turizm qoʻmitasi koʻmagida hamda Next Field International telekompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Oʻzbekistonning beshta kino va telemahsuloti AQSh bozoriga chiqariladi
American Film Market doirasida Amerikaning Cactus Tree Entertainment distribyutorlik kompaniyasi bilan ham kelishuvga erishildi. Unga koʻra, 2027 yilda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan eng yaxshi beshta kino va televizion mahsulot AQSh bozoriga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Cactus Tree Entertainment FOX, Disney, Netflix kabi yirik kompaniyalar va platformalar uchun kontent savdosi bilan shugʻullanadi.
Mahalliy kontent egalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar 2027 yil 4–5 fevral kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan Tashkent Content Market xalqaro media bozori doirasida tuzilishi koʻzda tutilgan.
Discovery’ning Expedition Unknown shousi ham Oʻzbekistonda suratga olinadi
Koʻrgazma doirasida Discovery telekanalining mashhur Expedition Unknown loyihasini Oʻzbekistonda suratga olish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.
Tarixiy sirlar, arxeologik topilmalar va qadimiy sivilizatsiyalarga bagʻishlangan ushbu dasturning Oʻzbekistondagi suratga olish ishlari 2027 yilga rejalashtirilgan.
Tashkent Content Market ishtirokchilari safi kengaymoqda
American Film Market doirasida AQShning yirik telekompaniyalari, media tarmoqlari va distribyutorlarini Tashkent Content Market xalqaro media bozoriga jalb qilish boʻyicha ham muzokaralar olib borildi. Shimoliy Amerikadan ishtirok etuvchi mamlakatlar qatoriga Kanada ham qoʻshilmoqda.
Tashkent Content Market ilk bor 2027 yilning 4–5 fevral kunlari Toshkentdagi «Oʻzekspomarkaz» majmuasida boʻlib oʻtadi. Tadbirda kino, televideniye, animatsiya, raqamli media va kontent distribyutsiyasi bilan shugʻullanuvchi mahalliy hamda xorijiy kompaniyalar ishtirok etadi.
Xalqaro media bozorida kontent oldi-sotdisi, qoʻshma loyihalar, hamkorlik shartnomalari va B2B uchrashuvlar tashkil etiladi.
Tadbirda ishtirok etish va roʻyxatdan oʻtish: www.tcm.uz





