platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Qashqadaryoda kelinining oʻlimiga sabab boʻlgan qaynona besh yilga qamaldi

Kelin oʻz joniga qasd qilish oqibatida vafot etgan. Sud qaynonaning muntazam tazyiqlari kelinni oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazgan, deb topgan. 

Qashqadaryoda kelinining oʻlimiga sabab boʻlgan qaynona besh yilga qamaldi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida kelinini muntazam urib, haqoratlagan, yaqinlari bilan muloqotini cheklagan hamda uni oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazgan qaynona 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qayd etilishicha, 1976 yilda tugʻilgan G.Ch. 2023 yilning kuzida oʻgʻli X.M.ni Ye.A.ga uylantirgan. Shundan soʻng ular bir xonadonda yashay boshlagan. Eri va oʻgʻlining daromadlari hamda oilaning boshqa mol-mulkini boshqarib kelgan ayol keliniga ham oʻz talablarini oʻtkazib, uni haqoratlagan, urgan, huquq va erkinliklarini cheklagan.

2024 yilning oktabr–dekabr oylarida G.Ch. kelini oʻziga tegishli bir juft tilla zirakni boshqa shaxsga berib yuborganini bilgach, uning ota-onasini chaqirtirib, bu masalani muhokama qilgan. Shundan keyin kelinini oʻziga tobe qilish maqsadida unga muntazam ruhiy bosim oʻtkazib, shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi soʻzlar bilan haqoratlab kelgan.

G.Ch. maktabda farrosh boʻlib ishlagan davrida kelinini muntazam ravishda oʻz oʻrniga ishga chiqargan. Unga chiqindilarni tozalash, pol artish, suv tashish va sepish kabi ishlarni qildirgan. Shuningdek, keliniga oʻgʻliga munosib emasligini qayta-qayta aytib, aytganini qilmasa, ota-onasinikiga haydash va oʻgʻlini boshqasiga uylantirish bilan qoʻrqitgan.

Qaynona kelinining telefonini ham olib qoʻygan. Oqibatda Ye.A. ota-onasi va yaqinlari bilan boshqalarning telefoni orqali gaplashishga majbur boʻlgan. G.Ch. esa suhbat vaqtida uning yonida turib, muloqotini nazorat qilgan.

Ye.A. mahalla fuqarolar yigʻiniga murojaat qilgan. U qaynonasi bilan kelisha olmayotganini, qilgan ishlari unga yoqmayotganini bildirgan. Shuningdek, ota-onasinikida vaqtincha yashab turish uchun kiyimlarini mahalla xodimlari hamrohligida olib ketishni soʻragan. Murojaat yuzasidan dalolatnoma tuzilgan.

2025 yil 28 iyul kuni G.Ch. kelini bilan yana janjallashib, uning oʻng koʻziga urgan, farzandini olib qoʻygan va oʻzini kaltaklagan. Oʻsha kuni Ye.A. oʻz joniga qasd qilish oqibatida vafot etgan. Sud qaynonaning muntazam tazyiqlari kelinni oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazgan, deb topgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tuman sudining 2026 yil 16 fevraldagi hukmi bilan G.Ch. Jinoyat kodeksi 103-moddasi 2-qismining “a” va “b” bandlari boʻyicha aybli deb topilgan. Unga nisbatan kodeksning 57-moddasi qoʻllanib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ayol sud zalida qamoqqa olingan.

G.Ch.ning himoyachisi hukm ustidan apellyatsiya shikoyati bergan. Apellyatsiya instansiyasi 2026 yil aprel oyida hukmni oʻzgarishsiz qoldirgan.

Shundan soʻng himoyachi oktabr oyida taftish tartibida shikoyat kiritgan. Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati ushbu shikoyatni ham rad etgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid