platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda ilk bor aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari eʼlon qilindi

Roʻyxatga olish natijalariga koʻra, aholining 54,5 foizi shaharlarda, 45,5 foizi esa qishloq joylarda istiqomat qiladi. Erkaklar ulushi 50,6 foizni, ayollar ulushi 49,4 foizni tashkil etgan. 

Oʻzbekistonda ilk bor aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari eʼlon qilindi

Oʻzbekistonda ilk bor aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari eʼlon qilindi. Natijalarga koʻra, aholini roʻyxatga olish natijalari iqtisodiy hisob-kitoblarda qoʻllaniladigan demografik koʻrsatkichlarga ham aniqlik kiritdi. 2026 yil 15 yanvar holatiga mamlakatning doimiy aholisi 39 047 321 kishini tashkil etdi. Bu 1 yanvar holatiga yuritilgan joriy hisob maʼlumotlaridan 810,6 ming kishiga yoki 2,1 foizga koʻpdir. Shuningdek, 2025 yil uchun oʻrtacha yillik aholi soni 37,9 milliondan 38,7 million kishiga oʻzgartirildi.

Roʻyxatga olish natijalariga koʻra, aholining 54,5 foizi shaharlarda, 45,5 foizi esa qishloq joylarda istiqomat qiladi. Erkaklar ulushi 50,6 foizni, ayollar ulushi 49,4 foizni tashkil etadi. 15 yosh va undan katta aholining 90,7 foizi kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega. Bu mehnat bozorining taʼlim salohiyatini baholashda muhim koʻrsatkich hisoblanadi.

**

Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalariga koʻra, qishloq xoʻjaligi sohasida 7,6 mln hisobga olish birligi qayd etildi. Ular foydalanishidagi yer maydonlarining umumiy hajmi 42,5 mln gektarni tashkil qiladi. Shuningdek, ekin maydonlari, koʻp yillik daraxtzorlar va chorva mollari soniga oid maʼlumotlar aniqlashtirildi. Bu ishlab chiqarish koʻlamini yanada aniq baholash va sohani qoʻllab-quvvatlash choralarini rejalashtirish imkonini beradi.

Yangi maʼlumotlar nafaqat makroiqtisodiy tahlil, balki ijtimoiy rivojlanish uchun ham muhimdir. Yangilangan hisob-kitoblarga koʻra, uy-joy fondining umumiy maydoni 1 032 mln kvadrat metrni, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha uy-joy maydoni esa 26,7 kvadrat metrni tashkil etdi. Ushbu maʼlumotlar infratuzilmaga investitsiyalarni taqsimlash, ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va hududlarni rejalashtirishda qoʻl kelishi mumkin.

**

Milliy statistika qoʻmitasi statistik maʼlumotlarning ochiqligiga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Qoʻmita narxlar indekslari, hududiy statistika va inflyatsiya kalkulyatorlarini oʻz ichiga olgan NarxStat (narx.stat.uz) platformasini ishga tushirdi. Shuningdek, shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligi taʼminlangan 46 ta mikromaʼlumotlar toʻplami tayyorlanib, ularning dastlabki 10 tasi ochiq foydalanish uchun eʼlon qilindi.

Shu bilan birga, qoʻmita roʻyxatga olish jarayoni respondentlarning oʻzini oʻzi belgilash tamoyili asosida, tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda oʻtkazilganini eslatmoqda. Shu sababli ayrim natijalar maʼmuriy hisob maʼlumotlaridan farq qilishi mumkin.

Roʻyxatga olishning eng muhim ahamiyati shunchaki statistik raqamlarning oʻzgarishida emas, balki iqtisodiy siyosatni yuritish, byudjetni rejalashtirish va hududlarni rivojlantirish boʻyicha qarorlar qabul qilish uchun yanada ishonchli axborot asosini shakllantirishidadir.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid