Hududlarda «Yashil makon» loyihasining kuzgi mavsumi davom etmoqda
Bunda hududlarning iqlim sharoitiga mos koʻchatlarni tanlash va ularning parvarishini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda.

Respublikaning barcha hududlarida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta koʻchatlari ekish, yangi yashil maydonlar barpo etish ishlari olib borilmoqda. Bunda hududlarning iqlim sharoitiga mos koʻchatlarni tanlash va ularning parvarishini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda.
Qoraqalpogʻistonda 10 milliondan ortiq, Sirdaryoda 9,5 million, Jizzaxda esa 10,8 million tup koʻchat ekish rejalashtirilgan. Fargʻona, Samarqand, Navoiy, Buxoro va boshqa viloyatlarda ham yangi bogʻlar tashkil etilib, qarovsiz yerlar koʻkalamzorlashtirilmoqda. Chirchiq shahrida aholiga 5 ming tup tuya archa koʻchati bepul tarqatildi.
23 sentabrdagi PF-206-son Farmon bilan loyiha yangi bosqichga olib chiqilib, mahallalarda mikrooʻrmonlar va jamoat bogʻlari tashkil etish, shuningdek, ekilgan koʻchatlarni uch yil davomida parvarishlash tizimi belgilandi. Asosiy eʼtibor endi nafaqat koʻchat ekish, balki ularning yashab ketishi va yashil hududlarga aylanishiga ham qaratilmoqda.





