Toshkentda katta miqdorda pul saqlanayotgan oʻquv markazga bostirib kirmoqchi boʻlganlar ushlandi
Rejaga koʻra, guruh aʼzolari niqobda oʻquv markazga orqa eshikdan kirib, pulni qoplarga joylashtirishi va ijaraga olingan avtomashinada olib chiqib ketishi kerak boʻlgan. Ulardan biri elektr taʼminotini uzishi, yana biri esa guvohlarni chalgʻitish uchun ayollar kiyimini kiyishi rejalashtirilgan.

Toshkent shahar IIBB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari poytaxtdagi oʻquv markazlaridan biriga rejalashtirilgan bosqinchilik hujumining oldini oldi.
Bu haqda shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 1995 yilda tugʻilgan markazning sobiq qoʻriqchisi muassasada katta miqdorda pul saqlanishini bilgan va jinoyatni amalga oshirish uchun tanishlarini jalb qilgan.
Rejaga koʻra, guruh aʼzolari niqobda markazga orqa eshikdan kirib, pulni qoplarga joylashtirishi va ijaraga olingan avtomashinada olib chiqib ketishi kerak boʻlgan. Ulardan biri elektr taʼminotini uzishi, yana biri esa guvohlarni chalgʻitish uchun ayollar kiyimini kiyishi rejalashtirilgan.
Gumonlanuvchilar jinoyatdan keyin Fargʻona viloyati orqali qoʻshni davlatga chiqib ketishni ham reja qilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uch nafar gumonlanuvchini jinoyatni amalga oshirishidan oldin qoʻlga oldi. Ulardan niqoblar, bolgʻa, qoplar, qoʻlqoplar, ratsiyalar, eshik ochish moslamalari va kalit nusxalari olib qoʻyilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Gumonlanuvchilar qamoqqa olingan. Dastlabki tergov davom etmoqda.


