Toshkentda evakuatsiya va jarima maydonchalari boʻyicha yangi tartib ishga tushadi
Haydovchilar yuklash boshlanguncha qaytib kelishga ulgurib, qoidabuzarlikni bartaraf etsa, avtomobil olib ketilmaydi. Biroq yuklash boshlangan boʻlsa, evakuatsiyani toʻxtatib boʻlmaydi. Evakuatsiya xarajati 1,76 mln soʻmgacha, saqlash toʻlovi esa har bir sutka uchun 88 ming soʻmgacha yetishi mumkin.

Joriy yil 24 dekabrdan boshlab Toshkent shahrida evakuatsiya va jarima maydonchalari yangi tartibda ishlaydi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 22 sentabr kuni qabul qilingan “Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlab turish joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan.
Hujjatga koʻra, amaldagi evakuatsiya tizimi takomillashtirilmoqda: avtomobilni evakuatorga yuklashdan tortib uni egasiga qaytarib berishgacha boʻlgan butun jarayon yagona elektron tizimga oʻtkaziladi.
Qayd etilishicha, haydovchilar yuklash boshlanguncha qaytib kelishga ulgurib, qoidabuzarlikni bartaraf etsa, avtomobil olib ketilmaydi. Biroq yuklash boshlangan boʻlsa, evakuatsiyani toʻxtatib boʻlmaydi.
Saqlab turish uchun toʻlov avtomobil evakuatorga yuklangan daqiqadan boshlab har bir sutka uchun hisoblanadi. Avtomobil faqat elektron tizim orqali berilgan QR-kodli ruxsatnoma asosida qaytarib beriladi. U 6 oy ichida olib ketilmasa, qarzdorlik majburiy tartibda undiriladi, 12 oydan soʻng esa sud uni egasiz deb topishi mumkin.
Toshkent shahri uchun belgilangan eng yuqori tariflar:
-evakuatsiya – har bir kilometr uchun 88 000 soʻmgacha, biroq jami 1 760 000 soʻmdan oshmaydi;
-jarima maydonchasida saqlab turish – har bir sutka uchun 88 000 soʻmgacha.
3 km evakuatsiya va 3 sutka saqlab turishning oʻzi 528 000 soʻmga tushadi. Bunga qoidabuzarlik uchun solinadigan jarima ham qoʻshiladi.





