platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Madaniyat

Maskatda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazildi

Oʻzbekiston va Oʻmon madaniy hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma konsertlar tashkil etish hamda sanʼat taʼlimi sohasida tajriba almashishni rejalashtirmoqda.

Maskatda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazildi

2026 yil 12–13 noyabr kunlari Oʻmon poytaxti Maskat shahrida Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi. Tadbirlar doirasida oʻzbek milliy sanʼati, maqom va folklor ijrochiligi, raqs hamda hunarmandchilik namunalari namoyish etildi.

12 noyabr kuni Al Mouj majmuasida tadbirlarning tantanali ochilish marosimi va gala-konsert tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya, Oʻmon madaniyat, sport va yoshlar vaziri Sayyid Saud bin Hilol bin Hamad Al Busaidiy hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat madaniyat vazirlari uchrashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, 2027 yilda Oʻzbekistonda Oʻmon madaniyati kunlarini oʻtkazish, ikki davlat teatrlari va orkestrlari oʻrtasida hamkorlik hamda gastrol almashinuvlarini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. Shuningdek, sanʼat taʼlimi muassasalari oʻrtasida talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvini tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Maskatda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazildi

Madaniyat kunlari doirasida oʻzbek milliy hunarmandchiligi koʻrgazmasi ham tashkil etilib, xalq amaliy sanʼati namunalari Oʻmon jamoatchiligiga taqdim qilindi.

13 noyabr kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan oliy markazi raisi Habib Al-Riyamiy bilan uchrashdi hamda markaz faoliyati bilan tanishdi. Dastur doirasida Sulton Qobus jome masjidi va Islom axborot markaziga ham tashrif buyurildi.

Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasidagi madaniy hamkorlik soʻnggi yillarda xalqaro festivallar, koʻrgazmalar va madaniy forumlar doirasida rivojlanib kelmoqda. Maskatda oʻtkazilgan madaniyat kunlari esa ushbu aloqalarni yanada kengaytirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid