platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Iqtisod

2027 yilda ham asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlash koʻzda tutilmoqda

Hisob-kitoblarga koʻra, yalpi ichki mahsulot hajmi 2027 yilda 232 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasini 2027 yilda 6 foizga, 2028–2029 yillarda esa 5 foizgacha pasaytirish, oltinsiz eksport hajmini 2027 yilda qariyb 40 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilmoqda.

2027 yilda ham asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlash koʻzda tutilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2027 yil uchun Davlat byudjetining maqsadli koʻrsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda byudjet-soliq siyosatining ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Qayd etilganidek, joriy yil yakunida mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 8 foizga oʻsishi, yalpi ichki mahsulot hajmi 200 milliard dollardan, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad esa 5,2 ming dollardan oshishi kutilmoqda.

Erishilgan natijalar iqtisodiyotni rivojlantirishning yangi bosqichiga oʻtish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Xususan, 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga, kelgusi oʻn yilda aholi jon boshiga daromadni 10 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat ekani mustahkamlab qoʻyilgan, inson, uning hayoti va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida eʼtirof etilgan. “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning bosh mezoniga aylangan. Zero, iqtisodiy taraqqiyotning asl mazmun-mohiyati, eng avvalo, uning samarasi har bir inson, har bir oila hayotida sezilishi, xalqimiz farovonligi yuksalishi, sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayishi hamda munosib turmush sharoitlari yaratilishida namoyon boʻlishi lozim.

2027 yilda ham asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlash koʻzda tutilmoqda

Davlat byudjetining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi kelgusi yilda ham saqlab qolinishi aynan shu ustuvor maqsadlarga xizmat qiladi.

Jumladan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni moliyalashtirish uchun jami 176 trillion soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda. Taʼlimga 114,3 trillion soʻm (oʻtgan yildan 14 trillion soʻm koʻp), tibbiyotga 61,4 trillion soʻm (oʻtgan yildan 12 trillion soʻm koʻp) ajratilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, hududlar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun 70 trillion soʻm ajratilishi belgilanmoqda.

Ijtimoiy majburiyatlarni barqaror moliyalashtirish uchun iqtisodiyotning yillik oʻsish surʼatlarini kamida 7 foiz darajasida taʼminlash, mavjud zaxiralar va yangi texnologik omillarni ishga solish zarurligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda kelgusi yildan iqtisodiy oʻsishning yangi modeliga oʻtish, har bir tarmoqda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yuqori daromadli ish oʻrinlarini koʻpaytirish asosiy vazifalar etib belgilanmoqda.

Yigʻilishda uzoq muddatli yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan yangi yondashuvlar koʻrib chiqildi. Xalqaro tajriba barqaror taraqqiyotning asosiy omillari eksportga yoʻnaltirilgan raqobatbardosh ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi, investitsiyalar samaradorligi, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy siyosatning oʻzgaruvchan sharoitlarga moslashuvchanligi ekanini koʻrsatmoqda.

Shundan kelib chiqib, iqtisodiy oʻsishning yangi modeli asosini zamonaviy sanoat siyosati tashkil etishi belgilanmoqda. Ushbu siyosat yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlashga oʻtish, ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish, milliy korxonalarning xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyasini kuchaytirish va eksport tarkibini diversifikatsiya qilishga qaratilgan.

2027 yilda ham asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlash koʻzda tutilmoqda

Xususan, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika va boshqa istiqbolli sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish boʻyicha yangi strategiya ishlab chiqilmoqda.

Yangi sanoat siyosati doirasida har bir ustuvor tarmoqqa yirik xalqaro kompaniyalar va brend investorlarni jalb qilish, zamonaviy sanoat zonalarini shakllantirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda korxonalarning texnologik salohiyatini oshirish rejalashtirilmoqda. 2027 yilda har bir istiqbolli tarmoqqa kamida 2–3 tadan yirik investorni jalb qilish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, yarimoʻtkazgichlar, robototexnika, biotexnologiyalar, elektromobillar uchun yuqori texnologik butlovchi qismlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish kabi yangi yoʻnalishlarni oʻzlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun xalqaro brendlarni jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash hamda raqobatbardosh milliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishning yangi ragʻbatlantirish mexanizmlari koʻzda tutilmoqda.

Iqtisodiy oʻsishning davomiyligini taʼminlash uchun tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, energetika va transport infratuzilmasini takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini yakunlash ustuvor vazifalar sifatida koʻrsatildi.

Bunda davlat investitsiyalarini xususiy kapital uchun qulay sharoit yaratishga yoʻnaltirish, iqtisodiy oʻsishni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish va investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Yigʻilishda 2027 yilga moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy prognozlar koʻrib chiqildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, yalpi ichki mahsulot hajmi 2027 yilda 232 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, inflyatsiya darajasini 2027 yilda 6 foizga, 2028–2029 yillarda esa 5 foizgacha pasaytirish, oltinsiz eksport hajmini 2027 yilda qariyb 40 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilmoqda.

Taqdimotda 2027 yil uchun Davlat byudjeti daromadlarini 416 trillion soʻm, xarajatlarini esa 464 trillion soʻm miqdorida belgilash nazarda tutilayotgani maʼlum qilindi. Byudjet loyihasi iqtisodiy oʻsishning 7 foizlik prognozi asosida shakllantirilmoqda.

Jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar sharoitida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, kelgusi yilda inflyatsiyani 6 foizdan oshirmaslik, umumiy fiskal taqchillikni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz doirasida saqlash muhim vazifa etib belgilandi.

2027 yilda ham asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz saqlash koʻzda tutilmoqda. Bunday sharoitda byudjet daromadlarini koʻpaytirishning asosiy manbai iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish, soliq bazasini kengaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish boʻlishi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali soliq va bojxona tushumlarini qoʻshimcha oshirish, tadbirkorlar uchun qulay va shaffof muhit yaratish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Prezidentimiz byudjet xarajatlarining har bir soʻmi aniq natija berishi lozimligini taʼkidladi. Shu bois, mablagʻlarni maqsadli yoʻnaltirish, samarasiz xarajatlarni qisqartirish, davlat investitsiyalari va subsidiyalarining natijadorligini oshirish, byudjet intizomini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, investitsiya dasturi doirasidagi qurilish loyihalarida byudjet mablagʻlarining sarflanishini toʻliq kuzatib borish imkonini beradigan raqamli nazorat tizimini sinov tariqasida joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilish iqtisodiy oʻsishni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari ham muhokama qilindi. Bank tizimida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish, kredit resurslarini koʻpaytirish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanish va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga 2027 yilda 65 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish boʻyicha tarmoqlar hamda hududlar kesimida aniq rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda bildirilgan fikr va takliflar asosida 2027 yil uchun Davlat byudjeti loyihasining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

Qonunchilikka muvofiq, bu loyiha va uning ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi hamda yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid