Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etiladi
Yangi Toshkent shahri hokimini Prezident tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi. Hokim tegishli maʼmuriy-hududiy birlik tashkil etilguniga qadar faoliyat yuritadi.

Prezidentning 2026 yil 10 noyabrdagi PF–243-son Farmoni bilan Yangi Toshkent shahrida boshqaruv tizimi tasdiqlandi.
Yangi Toshkent shahri hokimini Prezident tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi. Hokim tegishli maʼmuriy-hududiy birlik tashkil etilguniga qadar faoliyat yuritadi.
Hokimlik apparati 14 nafar xodimdan iborat
Apparatda hokim, uning birinchi oʻrinbosari va ikkita oʻrinbosari, yordamchi, axborot xizmati rahbari (davlat tili boʻyicha maslahatchi), tashkiliy-nazorat guruhi, bosh hisobchi, bosh yuriskonsult va devonxona ishlaydi.
Oʻrinbosarlarning yoʻnalishlarini hududni rivojlantirish rejalariga qarab hokimning oʻzi belgilaydi.
16 ta davlat organining boʻlinmasi ochiladi (jami 30 shtat). Shaharda ekologiya, statistika, iqtisodiyot va moliya, investitsiyalar, taʼlim, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, madaniyat, kadastr, yoshlar ishlari, oila va xotin-qizlar, sanitariya-epidemiologiya boʻlimlari tashkil etiladi. Bulardan tashqari, Prezidentning Xalq qabulxonasi, tibbiyot birlashmasi, soliq inspeksiyasi va mahalla fuqarolar yigʻini ham boʻladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar
Bosh prokuratura, IIV, Adliya va FVV bir oy ichida shaharda oʻz tuzilmalarini tashkil etadi. Bu tuzilmalar shu idoralarning amaldagi shtatlari hisobidan tuziladi.
Vakolat va moliyalashtirish
• Hokimlik direksiyaga berilgan hududlarda Toshkent viloyati va tumanlari organlarining vakolatidagi masalalar boʻyicha mustaqil qaror qabul qiladi.
• Hokimlik va boʻlinmalarni saqlash xarajatlari respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.
• Farmonda koʻrsatilmagan boshqa idoralar shaharda Toshkent viloyatidagi mavjud boʻlinmalari orqali ishlashda davom etadi.
Bino - Hokimlik va boʻlinmalar vaqtincha sobiq "Yangi Toshkent" loyiha ofisi binosiga joylashtiriladi va undan tekin foydalanadi.





