platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda ehtiyojmand oilalarga qish mavsumida qanday yordamlar beriladi?

2026–2027 yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash choralari kengaytirildi. Yangi tartibga koʻra, 1 milliondan ortiq oilaga bir martalik 1 million soʻmdan moddiy yordam berish, shuningdek, elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻmir xarajatlarining bir qismini qoplash rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda ehtiyojmand oilalarga qish mavsumida qanday yordamlar beriladi?

Yangi choralar Prezidentning 2026 yil 28 oktabrdagi PF-236-son farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 31 oktabrdagi tegishli qarorlari bilan belgilangan.

Joriy yil noyabr oyida 1 milliondan ortiq ehtiyojmand oilaga 1 million soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi koʻzda tutilgan. Hozirga qadar yordam oluvchilar roʻyxatiga 900 mingga yaqin oila va fuqaro kiritilgan. Ular orasida Ijtimoiy reyestrdagi 555 ming oila, qoʻshimcha roʻyxatdagi 260 ming oila, yolgʻiz yashovchi va parvarishga muhtoj keksalar hamda nogironligi boʻlgan 18,3 ming fuqaro bor. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashaydigan 4,7 ming oila hamda markazlashgan isitish tizimiga ulangan koʻp qavatli uylardagi 61 ming oila ham ushbu yordam bilan qamrab olinadi.

Qoʻshimcha roʻyxatga kiritiladigan oilalar uchun daromad mezonlari ham belgilangan. Bunda oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromad minimal isteʼmol xarajatlarining ikki baravaridan oshmasligi kerak. Markazlashgan isitish tizimiga ulangan xonadonlar uchun esa Toshkent shahrida bu chegara minimal isteʼmol xarajatlarining uch baravari, boshqa hududlarda ikki baravari etib belgilangan. Daromadi ushbu mezondan yuqori boʻlgan ayrim ehtiyojmand oilalar ham tuman yoki shahar shtabi qarori bilan yordam oluvchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin. Moddiy yordam pullari 2026 yil 30 noyabrga qadar fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga oʻtkaziladi.

Qish mavsumida kommunal xarajatlarni qoplashga qaratilgan yordam mexanizmlari ham oʻzgartirildi. Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli uchun kompensatsiya olishda oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan daromad chegarasi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 baravaridan ikki baravarigacha oshirildi. Bundan tashqari, ushbu kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish muddati 2028 yil 1 aprelga qadar uzaytirildi.

Tabiiy gaz mavjud boʻlmagan yoki gaz yetkazib berish qiyin boʻlgan hududlarda yashovchi aholi uchun ham qoʻshimcha yengillik joriy etildi. 2026 yil 31 oktabrdagi 601-son qarorga muvofiq, isitish mavsumida elektr energiyasining oylik bazaviy isteʼmol meʼyori 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatga oshirildi. Bu, ayniqsa, uyini elektr energiyasi yordamida isitadigan xonadonlar uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.

Koʻmir bilan isitiladigan xonadonlar uchun ham kompensatsiya olish shartlari yengillashtirildi. Yangi tartibga koʻra, yordam olish uchun oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan daromad minimal isteʼmol xarajatlarining bir baravaridan ikki baravarigacha oshirildi. 2029 yil 1 yanvarga qadar amal qiladigan ushbu mexanizm doirasida xarid qilingan har bir tonna koʻmir uchun 300 ming soʻmdan kompensatsiya beriladi. Bunda bir kalendar yilida toʻlanadigan kompensatsiyaning eng yuqori miqdori 600 ming soʻmni tashkil etadi.

Kompensatsiya olish uchun fuqarolar mycoal.uz platformasi orqali koʻmir xarid qilishi va keyin ijtimoiy xodim, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali ariza topshirishi mumkin. Hozirga qadar ushbu yoʻnalishda 50 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Ulardan 7 ming nafariga kompensatsiya tayinlangan, 43 mingdan ortiq ariza esa rad etilgan.

Suyultirilgan gaz isteʼmolchilari uchun ham yangi kompensatsiya tartibi joriy etiladi. 2026 yil 31 oktabrdagi 602-son qarorga muvofiq, 15 noyabrdan boshlab suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun narx 5 ming soʻm etib belgilanadi. Belgilangan ijtimoiy mezonlarga mos oilalarga esa xarid qilingan har bir kilogramm gaz uchun 3 ming soʻmdan kompensatsiya beriladi. Bunda bir oyda koʻpi bilan 20 kilogramm gaz uchun toʻlov amalga oshiriladi. Demak, oila bir oyda 20 kilogramm suyultirilgan gaz xarid qilsa, jami 60 ming soʻm kompensatsiya olishi mumkin. Oila yordam olish mezonlariga mos kelishda davom etsa va gaz xaridi tasdiqlansa, kompensatsiya olish uchun har oy qaytadan ariza topshirish talab etilmaydi.

Shuningdek, ogʻir ijtimoiy sharoitdagi mahallalarda yashovchi «davlat taʼminotidagi oila» toifasiga kiruvchi 3 mingta oilaning turmush sharoitini yaxshilash ham rejalashtirilgan. Ularning uylarini issiqlikni saqlaydigan vositalar bilan taʼminlash, energiya tejamkor uskunalar oʻrnatish va qish mavsumini qulayroq sharoitda oʻtkazishiga koʻmaklashish ishlari davom ettiriladi.

Umuman olganda, 2026–2027 yilgi isitish mavsumi uchun belgilangan yangi choralar ehtiyojmand oilalarning qishki xarajatlarini kamaytirish, energiya resurslari isteʼmoli bilan bogʻliq moliyaviy yukni yengillashtirishga qaratilgan. Bir martalik moddiy yordam bilan birga elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻmir xarajatlarining bir qismini qoplash mexanizmlarining kengaytirilishi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlashning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid