Navoiy viloyati sobiq hokimi Bahriddin Roʻziyev vafot etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bahriddin Roʻziyev vafoti sabab hamdardlik bildirdi.

Davlat va jamoat arbobi, Navoiy viloyatining sobiq hokimi, mehnat faxriysi Bahriddin Murtazayevich Roʻziyev shu yil 11 noyabr kuni 76 yoshda vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bahriddin Roʻziyev vafoti sabab hamdardlik bildirdi.
Bahriddin Roʻziyev 1950 yil 23 avgustda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng mehnat faoliyatini Karmana tumani yoʻl qurilishi birlashmasida avtochilangar sifatida boshladi.
Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, Toshkent politexnika institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi boʻyicha tahsil oldi. Keyinchalik Moskva ijtimoiy fanlar akademiyasida oʻqidi.
Bahriddin Roʻziyev Navoiy viloyatida koʻp yillar davomida yoshlar tashkilotlari va turli boshqaruv idoralarida masʼul vazifalarda ishlab, oʻzini tirishqoq va jonkuyar rahbar sifatida namoyon etdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda u Navoiy viloyati gazlashtirish boshqarmasi boshligʻi, hududiy kommunal foydalanish boshqarmasi boshligʻi, Konimex tumani hokimi kabi lavozimlarda mehnat qildi.
B.Roʻziyev 2002 yilda Navoiy viloyati hokimi etib tayinlandi. Murakkab oʻtish davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va ishlab chiqarish sohalarini kengaytirish, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb etish, fermerlik harakatini shakllantirish, vohaning eksport imkoniyatlarini oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish yoʻlida jonbozlik koʻrsatdi.
Ayniqsa, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini tashkil qilish, Navoiy xalqaro aeroporti negizida xalqaro logistika markazini barpo etish ishlarida sidqidildan fidokorona mehnat qildi.





