iPhone 17 Pro Max'ni pora tariqasida olayotgan hokim yordamchisi ushlandi
U fuqaroga tijorat bankidagi tanishlari orqali kredit ajratib berishni vaʼda qilgan.

Fargʻona viloyati Beshariq tumanida hokim yordamchisi 150 mln soʻmlik kredit chiqarib berish evaziga iPhone 17 Pro Max telefonini olgan vaqtida ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament maʼlumotiga koʻra, "Qoʻrgʻoncha" mahallasi hokim yordamchisi D.X. fuqaroga tijorat bankidagi tanishlari orqali kredit ajratib berishni vaʼda qilgan.
U ushbu "xizmati" evaziga qimmatbaho telefonni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oliy sud maʼlumotlariga asoslangan hisobotiga koʻra, 2025 yilda 153 ta jinoyat ishi doirasida 252 nafar hokim yordamchisi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.





