Demokrat.uz” rahbari 10 yilu 3 oy muddatga qamaldi
Fazliddin Mehmonov Jinoyat kodeksining 165- (tovlamachilik), 168- (firibgarlik) va 248- (oʻqotar qurolning, oʻq-dorilarning, oʻqotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalarida aybli deb topildi.

Demokrat.uz” rahbari Fazliddin Mehmonov 10 yil 3 oy muddatga, bloger Aziz Gʻoipnazarov esa 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida Fazliddin Mehmonov (1998 yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan) va Aziz Gʻoipnazarov (1991 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlangan) ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni tugagan.
Bugun, 11 noyabr kuni eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq Fazliddin Mehmonov Jinoyat kodeksining 165- (tovlamachilik), 168- (firibgarlik) va 248- (oʻqotar qurolning, oʻq-dorilarning, oʻqotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalarida, Aziz Gʻoipnazarov ushbu kodeksning 165-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Fazliddin Mehmonovga 10 yil 3 oy muddatga, Aziz Gʻoipnazarovga 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Tayinlangan jazolarni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilangan. Sudlanuvchi Fazliddin Mehmonovdan jinoyat doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Bildirilishicha, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli.





