AQShlik jurnalist Viktor Gotevbega “Oltin qalam” topshirildi
Jurnalist Oʻzbekiston haqida oʻnlab maqolalar yozgan. Ularda respublika siyosati, dunyodagi ovozi va tashabbuslari haqida soʻz boradi.

“Diplomatic Watch” jurnali bosh muharriri Viktor Gotevbe “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun oʻtkazilgan bu yilgi xalqaro tanlovning gʻoliblaridan biri deb topilgan edi.
Jurnalist Oʻzbekiston haqida oʻnlab maqolalar yozgan. Ularda respublika siyosati, dunyodagi ovozi va tashabbuslari haqida soʻz boradi.
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasining AQShga safari doirasida mamlakatimizning Vashington shahridagi elchixonasida jurnalistga mazkur mukofot topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasining AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov, xorijiy davlatlar diplomatlari, jamoatchilik va ekspert doiralar vakillari va jurnalistlar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov doirasida 2021 yilda “Xorijlik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali” nominatsiyasining taʼsis etilishi xorijlik jurnalistlar uchun oʻziga xos ragʻbat ekanligini hamda bu amaliyot xalqaro axborot makonida vatanimiz haqidagi axborotlarning salmogʻi oshishiga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Marosimda Viktor Gotevbe Oʻzbekistonning bu yuksak eʼtirofidan mamnunligini va bu uning hayotidagi kutilmagan yorqin voqea boʻlganligini bildirdi.
“Ochigʻini aytsam, men juda hayratda qoldim. Bunday boʻlishini umuman kutmagandim. Bu men uchun kuchli ilhom, ragʻbat va alohida faxr”, - dedi Gotevbe.
Shuningdek, tantanali marosimda Viktor Gotevbega va “The Hill” gazetasining jamoatchi muxbiri Jeyms Dursoga Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasining faxriy aʼzolik guvohnomalari topshirildi.
Tahlilchi va jurnalist Durso AQSh siyosati, xususan, Markaziy Osiyo bilan aloqalar, Afgʻonistondagi vaziyat haqida maqolalar yozadi. Uning Oʻzbekiston bilan bogʻliq tahliliy materiallari ham koʻp. Durso 2024 yilda “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻlgan.
Tadbirda hozirda AQShda faoliyat olib borayotgan jurnalist Otabek Eshmamatovga va kun.uz veb-saytining AQShdagi maxsus muxbiri Shohrux Majidovga ham Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga aʼzolik guvohnomalari taqdim qilindi.





