6 yoshli bolalar majburiy maktabga tayyorlovga toʻliq qamrab olinadi
2027 yildan boshlab 6 yoshli bolalarni bir yillik majburiy maktabga tayyorlov bilan 100 foiz qamrab olish rejalashtirilgan. Buning uchun 2026 yil dekabrgacha hududlardagi ehtiyoj oʻrganilib, zarur pedagoglar va jihozlarga boʻlgan talab aniqlanadi.

Oʻzbekistonda 6 yoshli bolalar bir yillik majburiy maktabga tayyorlov bilan toʻliq qamrab olinadi.
Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 10 noyabr kuni “Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Farmon bilan 7 ta milliy dastur va ularni 2027–2031 yillarda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Dasturlardan biri bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish boʻlib, 2027 yildan boshlab 6 yoshli bolalarni bir yillik majburiy maktabga tayyorlov bilan 100 foiz qamrab olish rejalashtirilgan. Buning uchun 2026 yil dekabrgacha hududlardagi ehtiyoj oʻrganilib, zarur pedagoglar va jihozlarga boʻlgan talab aniqlanadi. Bepul tayyorlov guruhlari tashkil etiladigan xonalar esa 2027–2028 yillarda mebel va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.
2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan bogʻcha qurish, rekonstruksiya qilish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida 500 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etiladi.
Xususiy bogʻcha tashkil etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash davom ettirilib, taʼlim sifati oshiriladi. 2027 yil aprelgacha xususiy bogʻchalarga yer ajratish hamda imtiyozli kredit liniyalarini ishga tushirishni nazarda tutuvchi meʼyoriy hujjat tayyorlanadi.
Nodavlat bogʻchalardagi tarbiyachilar uchun “Tarbiyachi” nomli taʼlimni boshqarish platformasi (LMS) yaratiladi. Unda zamonaviy pedagogik metodikalar boʻyicha videodarslar, uslubiy qoʻllanmalar, testlar va interfaol mashgʻulotlar joylashtiriladi.
Byudjet subsidiyalarini taʼlim sifatiga bogʻlangan holda ajratish boʻyicha yangi mexanizmlar joriy qilinadi.





