Shavkat Mirziyoyev Antaliyada qator muhim uchrashuvlar oʻtkazdi
Prezident Mixail Kavelashvili bilan uchrashuvda Oʻzbekiston – Gruziya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Turkiyaga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston – Gruziya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Joriy yilning 2-3 iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki mamlakat parlamentlari, vazirliklari, idoralari va ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi va qoʻshma korxonalar soni izchil ortib bormoqda. Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasini ilgari surish, turizmni rivojlantirish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish hamda ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka keng jalb etish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.
Antaliya shahrida boʻlib oʻtayotgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasining 31-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligining energetika vaziri hamda sanoat va mineral resurslar vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida vazir mamlakatimiz yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni koʻp qirrali hamkorligi hamda keng koʻlamli sherikligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chogʻida soʻnggi yillarda aloqalar jadal rivojlanib, yirik loyihalar portfeli shakllangani, shundan asosiy qismi “yashil” energetika tarmogʻiga toʻgʻri kelayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda neft-gaz, neft-kimyo, togʻ-kon sanoati va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, aniq amaliy takliflarni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.
Antaliya shahrida boʻlib oʻtayotgan COP31 sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida ushbu yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston olti yildan buyon YeTTBning mintaqadagi eng yirik moliyaviy hamkori boʻlib kelmoqda. Loyihalar portfeli 7 milliard dollardan, 2025 yilda amaliyotlar hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi.
Bankning “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi yuqori baholandi. Uning mamlakatimizga kiritgan sarmoyalarining qariyb 60 foizi ushbu yoʻnalishdagi loyihalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Kelgusi yil uchun hamkorlikning elektr infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmoqlarini rivojlantirish, bank sohasida xususiylashtirishni amalga oshirish, Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish kabi ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

2027 yilda Xorijlik investorlar kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari ham muhokama qilindi.





